Dastlabki tergov – sudga qadar ish yuritishning qismi bo‘lib, ish holatlari bo‘yicha dastlabki tergov xulosalari sud uchun dastlabki ma’lumot sifatida qabul qilinadi. Dastlabki tergov ma’lumotlari ayblov tusmoli bo‘lib, u ayblov xulosasida o‘z ifodasini topadi, sud esa taraflarning tengligi va tortishuv talablari asosida dalillarni bevosita tekshirishi lozim bo‘ladi. Dastlabki tergovda jinoyat hodisasi sodir bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini, uni sodir etishda aybdor shaxslarni, jinoyat tufayli yetkazilgan zarar xususiyati va miqdorini hamda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash maqsadida dalillar to‘planadi, mustahkamlanadi, tekshiriladi va baholanadi.
Dastlabki tergov jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror chiqarish, ayblov xulosasini tuzish, ishni tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqarish yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida taqdimnoma tayyorlash bilan tamomlanadi.
Sudda ish yuritish bosqichi birinchi instansiya va yuqori turuvchi sudlarda ish yuritishni, shu jumladan, birinchi instansiya sudi qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Birinchi instansiya sudida ish yuritish jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash (49-bob) bilan boshlanadi. Sudya jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun ishni sudga yuborish to‘g‘risidagi qaror bilan qabul qilib olgach, quyidagi qarorlaridan birini qabul qilish to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqaradi: 1) ishni sudda ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risida; 2) jinoyat ishi yuzasidan ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida; 3) jinoyat ishi yuzasidan ish yuritishni tugatish to‘g‘risida.
Ishni sudda ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risidagi yoxud boshqacha qaror qabul qilish haqidagi masala sudya tomonidan ish sudga kelib tushgan kundan boshlab yetti sutkadan kechiktirmay hal qilinishi lozim. Ushbu muddat shu sudning raisi tomonidan ko‘pi bilan uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin.
Ushbu bosqichda sudya ish bilan yakka tartibda tanishib chiqadi. Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash masalasini hal qilish chog‘ida sudya har bir ayblanuvchiga nisbatan quyidagi holatlarni aniqlashi lozim: 1) Ish mazkur sudning sudloviga tegishlimi? 2) Ishni tugatish yoki to‘xtatishga sabab bo‘ladigan holatlar yo‘qmi? 3) Ishning sud majlisida ko‘rilishi uchun asoslar yetarlimi? 4) Surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining talablariga rioya qilinganmi? 5) Ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi to‘g‘ri tanlanganmi? 6) Jinoyat oqibatida yetkazilgan mulkiy zarar qoplanishini taminlash choralari ko‘rilganmi? 7) Ayblov xulosasi Jinoyat-protsessual kodeksining talablariga muvofiq tuzilganmi?
Jinoyat ishini sudda muhokama qilishga tayinlash to‘g‘risida sudyaning qarori chiqarilgan vaqtdan boshlab ko‘pi bilan o‘n sutkada sud ishni ko‘rishni boshlashi lozim. Jinoyat ishini sudda muhokama qilish umumiy muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e’tiboran ikki oydan oshmasligi kerak.
Ikkinchi muhim sud bosqichi bu sud muhokamasidir (50 – 54 - boblar). Sud majlisi tayyorlov (51-bob), sud tergovi (52-bob), taraflar muzokarasi va sudlanuvchining oxirgi so‘zi (53-bob), hukm chiqarish (54-bob) kabi to‘rt bosqichdan iborat tartibda amalga oshiriladi. Sud muhokamasi yakunida qoida tariqasida sudning ayblov yoki oqlov hukmi yoxud boshqacha qaror (jinoyat ishini tugatish v.b.) qabul qilinishi mumkin. Sud majlisida, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash, amnistiya aktini qo‘llash masalalari ham hal qilinadi.
Yuqori instansiya sudlari tomonidan jinoyat ishi yurituvi hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibida amalga oshiriladi (11-bo‘lim). Ta’kidlash lozimki, hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish apellyatsiya (551-bob), kassatsiya (56-bob) va nazorat (57-bob) tartibida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi alohida toifada yuritiladigan jinoyat ishlarini tartibga solib (13-bo‘lim), xususan, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish (60-bob), tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish (61-bob), yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish (62-bob), ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qo‘llashni (63-bob) nazarda tutadi. Bunday ish yuritish o‘ziga xosligi jinoyat-protsessual munosabatlar ishtirokchilarining ruhiy-psixologik holati va yoshi, ushbu ishlar bo‘yicha o‘tkaziladigan protsessual harakatlarning o‘ziga xosligi, ularda ishtirok etuvchi shaxslar doirasining o‘ziga xosligi, ushbu ishlar bo‘yicha tayinlanishi mumkin bo‘lgan ta’sir choralarining o‘ziga xosligi va boshqalar bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |