Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi (sudlanuvchi) ko‘rsatuv berishdan bosh tortganda, yolg‘on guvohlik (ko‘rsatuv) berganda, hattoki, birovga tuhmat qilganida yoki bila turib yolg‘ondan jinoyatni sodir etgan shaxs, deb ko‘rsatganida ham, qanday oqibatlar yuz berishidan qat’iy nazar, javobgarlikka tortilmaydilar.
|
Iqrorlik mazmunidagi ko‘rsatuvlar - gumon qilinuvchining va ayblanuvchining zimmasiga e’lon qilingan ayblov va gumonni tan olishini anglatuvchi ko‘rsatuvlar hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining iqrorligini ikki xil vaziyatda o‘rganish mumkin:
1) ro‘rsatuvlar berish vaqtidagi iqrorlik;
2) aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz bilan murojaat qilish vaqtidagi iqrorlik.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi iqrorlik mazmunidagi ko‘rsatuv nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi. Iqrorlik jinoiy javobgarlikni hal qilish va ish yuritish tartibini belgilashga bevosita ta’sir qiladi.
Gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi aybga (gumonga) iqror bo‘lganida u ayblovning (gumonning) aynan qaysi epizodlari va holatlarini tan olishi hamda qaysilarini inkor etishini aniqlash zarur. Shuningdek, aybga iqrorlik yoki uni rad qilish voqelikka qanchalik mos kelishini tekshirishga ko‘maklashuvchi holatlarga ham aniqlik kiritish kerak.
Yolg‘ondan aybga iqrorlik ijtimoiy xavfli holatdir. Bu tergovni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadi, behudaga vaqt sarflaydi, moddiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi va haqiqiy aylanuvchini javobgarlikka tortilmasligiga olib kelishi mumkin.
Gumon qilinuvchining sodir etilgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, ishdagi boshqa mavjud dalillar yig‘indisi bilan tasdiqlangan taqdirdagina ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining ko‘rsatuvlari bilan aniqlangan holatlar ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan taqdirda ham, o‘zining aybdor ekanligini inkor qilgan taqdirda ham ishning hamma holatlari bilan bog‘liq holda boshqa dalillar kabi tekshirib chiqilishi va baholanishi lozim. Chunki shaxs boshqa shaxsning aybini bo‘yniga olishi yoki o‘zining jinoiy sheriklarni yashirishga urinishi ko‘p kuzatiladi.
Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2014-yil 23-maydagi “Sud hukmi to‘g’risida”gi 07-sonli qarorida sudlanuvchi tomonidan tergovda yoki sudda aybini bo‘yniga olish holati u ish bo‘yicha to‘plangan hamda sudda tekshirilgan boshqa dalillar bilan xolisona tasdiqlangandagina ayblov hukmi chiqarishga asos bo‘la olishi ta’kidlangan26.
Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arzning eng asosiy sharti bu uning ixtiyoriy ekanligidir. Shaxs u jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmasdan va unga ayblov e’lon qilinmasdan oldin huquqni muhofaza qilish organlariga o‘zi sodir etgan jinoyat to‘g‘risida xabar bilan, ya’ni aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz bilan murojaat etishi mumkin.
Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz og‘zaki yoki yozma bo‘lishi mumkin. Og‘zaki xabarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud bayonnomada aks ettiradi. Bayonnomaga arz qiluvchining shaxsiga doir ma’lumotlar kiritiladi va unda arzning mazmuni birinchi shaxs nomidan bayon qilinadi. Bayonnomaga arz qiluvchi va arz qilingan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya imzo chekadi.
Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz ham surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan aniqlangan boshqa barcha dalillar bilan birgalikda baholanadi hamda aybni bo‘yniga olish mavjud dalillar yig‘indisi bilan tasdiqlangan taqdirdagina ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin. Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz sud, prokuror, surishtiruvchi va tergovchini ishning barcha holatlarni aniqlash majburiyatidan ozod etmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |