Bo‘yalgan yuzalarni quritish. Lok-bo‘yoq qatlamlarining qotishi uchuvchan erituvchining bug‘lanishi va bog‘lovchi moddalarning oksidlanishi yoki polimerlanishidan iborat.
Sovuqlayin (tabiiy) va issiqlayin (sun’iy) quritish turlari mavjud. Tabiiy quritish jarayoni tarkibida moy bo‘lmagan lok-buyoq materiallarida tez kechadi. Quritishning bu usuli kichik ta’mirlash ustaxonalarida qo‘llaniladi.
Issiqlik ta’sirida quritish parda hosil bo‘lish jarayonini ancha tezlashtirishi bilan bir qatorda, yuqori sifatli qatlam hosil qilish imkonini beradi. Issiqlikni uzatish usuliga qarab quritish konveksion va termoradiasion xillarga bo‘linadi. Кonveksion usulda quritishda bo‘yalgan buyum kameralardagi issiq havolar bilan isitiladi. Ta’mirlash korxonalarida turli isitish kameralari ko‘proq tarqalgan. Ularda buyum sirkulyasiyalanib turadigan, kameraga kaloriferlardan keladigan havo bilan isitiladi. Sovigan havo so‘rish tizimi yordamida pastdan tortib turiladi.
Termoradiasion usulda quritish infraqizil nurlar yordamida amalga oshiriladi. Infraqizil nurlarining manbai bo‘lib, ko‘p hollarda, to‘lqin uzunligi 0,65... 1,4 mkm bo‘lgan maxsus cho‘g‘lanish lampalari xizmat qiladi. Bu usul iqtisodiy va texnologik jihatdan samarali hisoblanadi, chunki nurlantirish manbalaridan isitiladigan yuzalarga issiqlik berish tezligi katta va issiqlik xona havosini isitishga deyarli sarf bo‘lmaydi.
Кonveksion quritishda bo‘yoqning ustki qatlami tez qotadi, bu esa qoplamaning ichki qatlamidagi erituvchining bug‘lanishini kechiktiradi, shu sababli pardada g‘ovakliklar va boshqa nuqsonlar hosil bo‘ladi.
Bo‘yalgan yuzalar infraqizil nurlar bilan quritilganda nur issiqligi bo‘yoq bilan qoplangan metall tomonidan yutilib, uni qizitadi. Buning natijasida qoplamaning uchuvchan qismi dastlab pastki qatlamdan bug‘lanadi. Qoplamaning jadal qurishi metall sirtiga yaqin joydan boshlanib, bosqichma-bosqich tashqi qatlamgacha etib boradi va bu qatlam oxirida qotadi. Bo‘yalgan yuzalarni bunday quritish lok-bo‘yoq qoplamlarning mustahkamligi va boshqa xususiyatlarini oshiradi.
Qoplamaga yakuniy ishlov berish, bo‘yalgan yuzaga dekorativ chiroy berishdan iborat. Bunda bo‘yalgan yuza 320— 360- nomerli qum qog‘oz bilan jilvirlanib, suv bilan yuviladi va quritilgandan so‘ng kichik izlarni tekislash maqsadida 648- nomerli erituvchi bilan qoplanadi. Yuza quritilgandan so‘ng jilolash mashinasida 289- nomerli pasta bilan jilolanadi.
Buyumning tashqi ko‘rinishiga qo‘yilgan talablarga muvofiq yakuniy ishlov berish operasiyalari tartibi turlicha bo‘ladi, oddiy va himoya uchun bo‘yashda ular soddalashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |