BADIIY MATNLAR USLUBI
Til uslublarining eng eskisi badiiy uslubdir. Badiiy matnlar she’r yoki nasrda bo‘ladi. Uslub ham matnning ana shu tuzilishiga moslashadi.
Badiiy uslubning tarixi xalq badiiy tafakkurining yuzaga kelishi va yuksalishi, badiiy adabiyot tarixi bilan bo‘ylashadi. U yozma adabiy tilning, yozma adabiyotning yuzaga kelishidan ancha burun kelib chiqqan. Xalq badiiy ijodi yuzaga kelishi bilan bog‘liq ravishda badiiy uslub ham shakllana bordi. So‘z ustalari, notiqlar xalq yaratgan rivoyat va afsonalar, qo‘shiqlar, maqollarning ta’sirini oshirish, tinglovchiga ularni ta’sirchan ko‘rinishda yetkazib berish istagida asarlarning badiiyligi, jumlalar uslubi, ravonligi, qolaversa, ohangiga ayricha e’tibor qarata boshladilar. Bu ehtiyoj tilda o‘ziga yarasha bir uslubning yuzaga keluvini ta’minlab berdi.
Yozma adabiy til, matn tuzish an’anasi endigina yuzaga kelayotgan bir chog‘da xalq badiiy ijodi va ularning uslubi allaqachon shakllanib, takomil bosqichiga o‘tgan edi. Badiiy uslub o‘zining og‘zaki bosqichidayoq pishib yetilgan. Yozma badiiy uslub o‘z qolipini og‘zaki adabiyotdan oldi. Ana shuning ta’sirida yozma adabiy til o‘z yo‘lini yangi bir shaklda davom ettirdi. Shu bois ham badiiy ijod namunalarini yozuvga tushirish uqadar mushkullik tug‘dirgan emas. Yozuvchi-ijodkorlar ham boshda og‘zaki adabiyot uslubidan keng foydalandilar. Qadimgi turkiy adabiyot namoyandalarining ko‘proq xalq ijodiga ergashganligining boisi ham ana shunda.
Badiiy uslub, yozma uslublarning boshqa turlaridan ayricha o‘laroq, badiiy tasvir vositalarning ishlatilishi, bayon tarzi, til me’yorlarining erkinligi bilan ajralib turadi. Masalan, badiiy matnlarda narsa-hodisalarning ta’rifi berilganda ularning sifatlari qo‘shib aytilgan. To‘nyuquq bitigida: qïzïl qanïm – qizil qonim, qara terim – qora terim. Yoki “Qutadg‘u bilig”da yerga, tuproqqa yağïz (yağïz yer – bo‘z yer), tunga qara (qara tün – qaro tun), kunduzga nisbatan yaruq sifati berilgan (yaruq kündüz – yorug‘ kunduz) va b. “Hibatu-l-haqoyiq” da: örüŋ yüz – oq (yorug‘) yuz, qïzïl eŋ – qizil yuz. “O‘g‘uzxoqon” dostonida: kök yaruq – “kundek ravshan yorug‘” degani. Qiyoslang, boshqa bir o‘rinda: kün-deg jaruq – kundek yorug‘. Bitiglarda osmonning ta’rifi kök sifati bilan (kök täŋri), yer esa yağïz sifati bilan (yağïz yer) qo‘llaniladi.
Shuningdek, badiiy matnda maqol va iboralar, badiiy tasvir vositalari keng qo‘llaniladi. Matn uslubi muallifning yoki asar qahramonlarining ruhiy holatini aks ettirishga, asarning badiiy-g‘oyaviy ta’sirini oshirishga xizmat qiladi.
Qadimgi turk eposi “O‘g‘uzxoqon” dostoni ajoyib bir uslubda yozilgan. Ushbu dostonning ildizi meloddan burungi chog‘larga tutashadi. Dostonda turkiy xalqlarning qadimgi inonch-e’tiqodlari o‘z ifodasini topgan. Ushbu epos yuzyilliklar osha turkiy xalqlarning dunyoqarashi, badiiy tafakkuri etkisida yuksalib kelgan. Doston g‘oyasi va syujetining taraqqiyoti bilan bog‘liq holda uning uslubi ham ravonlashib, sayqal topgan.
Badiiy uslubning ixcham, ammo go‘zal bir ko‘rinishini xalq moqollarida kuzatamiz. Maqol – xalqning yuz yil kuzatib, bir aytgan so‘zi. Ularda xalqning falsafiy mushohadasi, borliq, tiriklik va kishilik to‘g‘risidagi qarashlari, ularga munosabati aks etgan. Maqolning kuchi shundaki, u kishini tarbiyalaydi, tiriklikning o‘nqir-cho‘nqiri, oq-qorasi haqida saboq beradi. Ota so‘zlarida bor narsaga parda ortidan qarash, nokasning aybini yashirish, xushomad, ko‘zbo‘yamachilik tushunchasi yo‘q. Ular kishini tetik va irodali qiladi, hayotga to‘g‘ri ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi. Xalqning bu dono fikrlari lo‘nda va aniq jumlalarda berilishi bilan ham ajralib turadi. Ota so‘zlari uslubiy va badiiy jihatdan mukammal bo‘lib, xalq badiiy tafakkurining yuksak mahsulidir.
Ko‘k turk bitiglarida, Turfon xarobalaridan topilgan eski qo‘lyozmalarda, ilmiy, tarixiy va adabiy manbalarda, o‘rni bilan, qadimgi xalq hikmatlari keltirib o‘tilgan. Qadimgi turk otaso‘zlarining katta bir qismini XI asrda yashab o‘tgan ulug‘ tilshunos Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” asarida bergan edi. Olim turkiy so‘zlarning ma’nosini izohlamoq istagida ulardan foydalangan.
Maqol kishi nutqining bezagidir. Maqolni o‘rnida ishlata bilganning so‘zi ta’sirli bo‘ladi. So‘zamol, gapga chechan kishi so‘z orasida keltirgan ajoyib otaso‘zi bilan ko‘pning e’tiborini o‘ziga torta oladi.
Badiiy uslubning eng ko‘hna, shuning bilan birga, o‘ta ajoyib namunalarini biz ko‘k turk mangutoshlarida uchratamiz. Bitiglar ulug‘ yo‘lboshchilar, milliy qahramonlar xotirasiga bitilgan yodnomalar bo‘lib, ularda xalq qahramonlarining ko‘zi tirikligida olib borgan ezgu ishlari, yurt erki va farovonligi, tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlari yod etiladi. Bitiglarda tarixiy voqealar ajoyib til bilan, badiiy uslubda bayon etiladi. Tarixiy voqealar milliy qahramonlar obrazini, ularning ideal hayotini madh etish uchun fon bo‘lib xizmat qiladi. Xalq milliy qahramonlarining faoliyati badiiy tilda yoritiladi, mualliflar turli badiiy vositalardan foydalanadi. Matnlarning g‘oyaviy va uslubiy xususiyatlari ularni badiiy asar darajasiga ko‘targan. Bitiglar tarixiy asarlargina emas, qadimgi turk adabiyotining ajoyib namunalari hamdir.
Bitiglardan o‘rnaklar keltiramiz.
Täŋri küč bertük üčün qaŋïn qağan süsi böri-täg ermis, yağïsï qoñ-täg ermis (Tangri kuch bergani uchun otam xoqonning lashkari bo‘ridek ekan, dushmani qo‘ydek ekan) (K.12). Bitiglarda xoqonlarning ulug‘ yutuqlari ta’riflanar ekan, tangrining qo‘llagani tufayli ana shunday ishlar amalga oshganligi e’tirof etiladi. Bunda täŋri yarlïqaduq üčün (tangri yorliqagani uchun), täŋri küč bertük üčün (tangri kuch bergani uchun) singari iboralardan foydalaniladi. Ushbu jamlada tangri kuch bergani uchun xoqon qo‘shinining kuch-qudrati orta borganligi ta’riflanib, uning jasur va yengilmasligi bo‘riga, dushmanning ojizligi, bo‘ysinuvchanligi esa qo‘yga qiyoslanmoqda.
Qïrq artuqï yeti yolï sülämis, yigirmi süŋüs süŋüsmis. Täŋri yarlïqaduq üčün elligig elsirätmis, qağanlïğïğ qağansïratmïs, yağïğ baz qïlmïs, tizligig sökürmis, bašlïğïğ yüküntür(mis) (Qirq yetti yo‘la lashkar tortgan, yigirma marta jang qilgan. Tangri yorliqagani uchun eli borni elidan ayirgan, xoqoni borni xoqonidan ayirgan, yovni el qilgan, tizzasi borni cho‘ktirgan, boshi borni yukuntirgan) (K.15).
Do'stlaringiz bilan baham: |