Qadimgi turk monumental matnlarining uslubi.
Turkiy yozma yodgorliklarda sana va uning aytilishi.
YOZMA TIL VA UNING USLUBLARI
Til ikki xil ko‘rinishda amal qiladi: og‘zaki til va yozma (yoki adabiy) til. Turkiy tillar tarixida har ikkovining ham atamasi bo‘lgan. XI yuzyillikda yashab o‘tgan ulug‘ mutafakkir Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” dostonida og‘zaki tilni tilin söz deb atagan. Mana o‘sha atamaning misoli:
Yoq ersä bitig bu kišilär ara,
Tilin sözkä kim bütgäy erdi kör-ä.
(Bu kishilar orasida yozuv yo‘q ersa, og‘zaki so‘zga kim ham ishongan bo‘lar edi, ko‘rgin) (QB.2660).
Adib Ahmad Yugnakiy o‘zining “Hibatu-l-haqoyiq” asarida ağïz til degan atamani qo‘llagan. Ushbu atamadagi ağïz – “og‘zaki” degani, ağïz til esa “og‘zaki til”, ya’ni “nutq” ma’nosini beradi. Demak, bu atama ostida “kishining nutqi” ko‘zda tutilmoqda. Mana asardan olingan o‘sha misol:
Ağïz til bezägi koni söz turur,
Köni sözlä sözni, tiliŋni bezä.
(Nutqning bezagi to‘g‘ri so‘z turur, to‘g‘ri so‘zla so‘zni, tilingni (nutqingni) beza) (AH.155–156).
Alisher Navoiy “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarida nutq atamasini qo‘llagan. Insonning yaralishi to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, u nutqi tufayli barcha jonzodlardan ustun ekanligini ta’kidlab yozadi:
Čun kun fayakun safxasïğa boldï tirāz,
Qïlğan anï nutq ilä barïdïn mumtāz (ML.165).
O‘tmishda yozma tilning ham atamasi bo‘lgan. Yusuf Xos Hojib yozma tilni bitig söz deb atagan edi. Turkiy bitig so‘zi tub anglamida “yozuv”ni bildirgan. U “yozmoq, bitmak” ma’nosidagi biti- fe’liga ot yasovchi -g qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan. Keyinchalik uning ma’nosi kengayib, “xat, maktub; hujjat; kitob; matn” singari yozuv bilan bog‘liq narsalarni ham bitig deb ketilgan. Bitig söz atamasi “bitilgan so‘z; kitobiy so‘z; matn”, tilshunoslik tushunchasi bilan aytganda, “yozma til, matn tili, adabiy til” ma’nosini beradi.
Eski turkiy tilda matn uslubi bilan bog‘liq atamalar tizimi ham shakllangan edi. Ayrimlarini misollarda ko‘rib chiqamiz.
Manbalarda yozma til usuli, matn uslubi bitig söz yaŋï deyilgan. Yozma til usuli fikrni ifodalashning eng yaxshi yo‘li ekanligi ta’kidlab, Yusuf Xos Hojib yozadi:
Nekü ter ešitkil İlä sir teŋi,
Edi edgü yaŋ bu bitig söz yaŋï.
(Ila-sir tengi [ya’ni yoshi Ila daryosiday uzun, ko‘pni ko‘rgan donishmand] bu to‘g‘rida nima degan, eshitgil: Yozma til usuli juda yaxshi usuldir) (QB.2656).
Yozma manbalarda ravon, balog‘at darajasida bayon qilingan nutq yorïq til deyilgan. Yorïq so‘zi “yurmoq” ma’nosidagi yorï- fe’lidan yasalgan bo‘lib, “ravon, keng, batafsil” ma’nosini beradi; yorïq til ning lug‘aviy ma’nosi “ravon til, ma’nili gap, balog‘at darajasida bayon qilingan so‘z” dir. Bunday nutq to‘g‘risida Yusuf Xos Hojib yozadi:
Uqušqa, biligkä bu tilmäči til,
Yaruttačï erni yorïq tilni bil.
(Uquvga, bilimga tilmoch – bu tildir. Kishini ro‘shnolikka chiqaradigan ravon til, deb bil) (QB.158).
XV asrda yashab o‘tgan Arslon Xo‘ja tarxon Adib Ahmad Yugnakiy to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, “Hibatu-l-haqoyiq”ning tili va uslubi bilan bog‘liq muhim bir atamani qo‘llagan edi. U yozadi:
Tamami erür kašğari til bilä,
Ayïtmïš adip riqqat-i til bilä (AH.499–500).
Ushbu baytdagi kašğari til atamasi o‘sha chog‘lardagi “turkiy adabiy til”ning atamasidir; arabchadagi riqqat – “nozik, jozibali” ma’nosini beradi; riqqat-i til – “jozibali til”, ya’ni “she’riy til, badiiy til” anglamidadir. Buning bilan “Hibatu-l-haqoyiq” asari turkiy adabiy til(kašğari til)da ekanligi, adib uni jozibali til(riqqat-i til)da aytganligi ta’kidlanmoqda .
Alisher Navoiy “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarida türkî uslub atamasini qo‘llagan. U turkiy so‘zlarning nozik ma’nolari to‘g‘risida so‘zlar ekan, yïğlamaq ning yïğlamsïnmaq, iŋrämäk-u siŋrämäk, sïqtamaq, ökürmäk, inčkirmäk, hay hay yïğlamaq singari sinonimlarini qo‘llash turkiy uslubga xos ekanligini ta’kidlaydi (ML.172).
Klassik filologiyada nutq va matnning ravonligi, yuksaklik darajasi balāğat ham deyilgan. Hozirda ko‘plar “balog‘at” deganda klassik adabiyotdagi she’riy san’atnigina tushunmoqdalar. Balog‘at badiiy adabiyotdagi she’riy san’atning o‘zigina emas.
Bilim egallashda ikki xil daraja bor: birinchisi – balog‘at; ikkinchisi – tugallik (komillik). Balag‘at – bu yetuklikdir. Balog‘at darajasiga har bir bilimli, aqli raso yetuvi mumkin. Xalq tilida “o‘g‘il-qizi balog‘atga yetdi; o‘g‘li balog‘at yoshida” degan iboralar yuradi. Bu degani – “o‘g‘il-qiziga aql kirdi, jismi ham yetildi; endi uni uyli-joyli qilsa bo‘ladi”. Tugallik darajasiga esa har kimsa yeta olmaydi; bunga erishgan kishi komil insondir. Yusuf Xos Hojib “komil inson”ni tügäl er deb atagan edi.
Tildagi balog‘at darajasi ham ayni tushunchada: u kishi nutqida ham, matnda, xat san’atida, nasrda, poetikada birday amal qiladi. O‘tmishdagi balog‘at ilmi talabiga ko‘ra, notiq yoki matn bituvchi bilgin kishi balog‘at o‘lchovlariga amal qilmog‘i kerak.
Ushbu atamaning misoli uchun yana “Qutadg‘u bilig”ga murojaat qilamiz. Yusuf Xos Hojib yaqin kishilarga yo‘llanadigan maktublar to‘g‘risida so‘z yurita turib, ularning ajoyib bir uslubda, balog‘at darajasida bo‘lmog‘i kerakligini uqtiradi:
Balağat bilä xat teŋäšsa qalï
Eδi eδgü til bu bitig söz tili.
(Agar xat balog‘at bilan tenglashsa, yozma nutq juda ezgu bo‘ladi) (QB.2655).
Til uslublari ikki xil: og‘zaki va yozma ko‘rinishga ega. Og‘zaki uslub tarixi tilning paydo bo‘lishi, kishilik ongining yuzaga kelishi, hukum va fikrni ta’sirli ifodalashga bo‘lgan zarurut asosida kelib chiqqan.
Yozma til uslublari ancha kech – yozuvning yaratilishi bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Biroq, yozuvning o‘zi yozma uslubni belgilay olmaydi. Masalan, kishilar tasavvuridagi tushunchalar rasmlarda yoki harfiy belgilarda ifodalangani, biror so‘zning yozib qo‘yilgani bu hali yozma uslub degani emas. Yozma uslub matnda yuzaga chiqadi; kishi o‘z o‘y-qarashlarini matnda bayon eta boshlagani, matn tuzish an’analari ishlab chiqilgani, matn janrlari farqlana boshlaganidan keyingina tilning yozma uslublari, matn uslubi yuzaga kela boshlagan. Demak, yozma til uslublarining tarixi yozuvning yaratilishi, matn tuzish an’analarining yuzaga kelishi, yozma adabiyot tarixi, qadimgi turkiy xalqlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayoti bilan uzviy bog‘liq.
Yozma adabiy til(bitig söz)ning o‘lchovlari, me’yorlari matnda o‘z ifodasini topadi. Maqsadi, yo‘nalishiga qarab matn uslublari bir-biridan farq qiladi.
Matn uslubi deganda o‘y-qarashlar, bitigli xabar(saw yoki söz), biron bir asarning matndagi ifodaviy ko‘rinishi, bayon tarzi, me’yoriy qoliplar, matn (bitig) talabidan kelib chiqqan holda grammatik birliklarning tanlanishi, matn komponentlarining uyg‘un bir tizimi tushuniladi. Matn uslubi (bitig söz yaŋï) adabiy til talablariga bo‘ysunadi. Matn uslubi tilshunoslikning stilistika yoki uslubshunoslik (’ilm-i balāğat) bo‘limida o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |