Melodning boshlarida Mesopotamiyaning G‘arbiy shimolida xristianlik gurkiragan edi. Bu o‘lkada oromiy alifbosi asosida shakllangan suryoniy xati amal qilgan. V yuzyillikning o‘rtalarida Suriya dindorlari ikki mazhabga bo‘linib qoldilar. Ularning nasturiy mazhabidagilari o‘z yurtida ta’qib ostida qolgach, Erondan panoh topdilar. Nasroniylar bu yerda o‘zining ta’limot maktablarini ochdi. Mana shu maktab namoyandalari o‘z ta’limotlarini mahalliy xalq orasiga ham yoydilar. Ularning missionerlik ishlari oqibatida nastroniylik VII–VIII asrlarda Hirot, Samarqand, Qashqar, hatto Hindiston bilan G‘arbiy Xitoyga yetib bordi. Nasroniylik bilan bir paytda bu o‘lkalarda suryoniy alifbosi ham tarqalgan. Suryoniy xati turk nasroniylar orasida ham qo‘llanilgan. Bizgacha yetib kelgan nasroniy mazmunli turkiy yodgorliklar ikki – uyg‘ur va suryoniy yozuvlaridadir. Turklar orasida suryoniy yozuvi chig‘atoy xonligi davrida ham amal qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |