Imlo prinsiplari. Muhim belgilaridan biri, uyg‘ur xatida unlilar muntazam yoziladi. Mahmud Koshg‘ariy yozuvning bu xususiyatiga to‘xtalib, talaffuzda o‘rni yo‘qligiga qaramay (bunda qisqa unlilar ko‘zda tutilmoqda – Q.S.) fatxa o‘rnida ا “alif”, zamma o‘rnida و “vav”, kasra o‘rnida ی “ya” yozish qoida ekanligini ta’kidlagan edi (MK.I.49). U o‘rnak qilib ayrim so‘zlarning uyg‘ur va arab yozuvlarida yozilish tartibini ham bergan. Arab xatida – KeLiN, uyg‘ur xatida – KELİN; arab xatida – TaPaN, uyg‘ur xatida – TAPAN (tuya tovoni) (MK.I.384).
Uyg‘ur xatining yana bir qulayligi, matn so‘zning talaffuziga moslab yozilgan. Masalan, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk”da keltirgan xaritasida Xorazm atamasini ﺨوارﺯﻢ Xvārazm deb beradi. Arab yozuvli boshqa manbalarda ham ushbu toponimning yozilishi ana shunday.
Shuning singari, Xorazmiy “Muhabbatnoma” sining arab yozuvli qo‘lyozmalarida asar egasining taxallusi ham “vav alif” bilan ﺨوارﺯﻤﻰ Xvārazmi: shaklida yozilgan. Lekin u ana shunday talaffuz etilgan deya olmaymiz. Harqalay, mazkur so‘zning imlosida grafik prinsip saqlangan chiqar. Ushbu so‘zning turkiy talaffuzini asarning boshqa bir nusxasi – uyg‘ur yozuvli matnida kuzatamiz. Chunonchi, uyg‘ur yozuvli matnda ushbu taxallus Xorazmi: shaklida yozilgan. Agar uyg‘ur xatidagi matn so‘zning talaffuz shaklini ifoda etganligini ko‘zda tutsak, shoirning taxallusi hozir biz qo‘llayotganimizdek Xārazmiy (adabiy orfografik: Xorazmiy) emas, balki Xorazmi: shaklida talaffuz etilgani ayon bo‘ladi. Demak, joy oti ham qadimda Xorazm deyilgan. Anglashiladiki, arab yozuvli matnlarda ayrim o‘zlashgan so‘zlarga nisbatan yozuv prinsipi amal qilgan bo‘lsa, uyg‘ur yozuvli matnlarda ushbu so‘zlar talaffuzga moslab bitilgan.
Shuningdek, “Muhabbatnoma”ning arab yozuvli qo‘lyozmasidagi ﺨواﺠﻪ xvāja so‘zi asarning uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmasida xoja shaklida yozilgan: Muhammad xoja beg.
Arabiy izofadagi al- ko‘rsatkichi arab yozuvida bitilgan turkiy manbalarda al- shaklida yozilsa, uyg‘ur yozuvli matnlarda talaffuzga mos holda ul- shaklida beriladi. Masalan, “Hibatu-l-haqoyiq” dostonining oti asarning uyg‘ur yozuvli A nusxasida talaffuzga moslab ’Atabatul-haqayiq shaklida yozilgan. Asarning B nusxasida: uyg‘ur yozuvli matnda Hibatul-haqayiq, ostidagi arab yozuvli matnda Hibat al-haqayiq. Asarning arab yozuvli S nusxasida bu so‘z yozuv prinsipini saqlagan holda Hibat-al-haqayiq emas, balki talaffuzga mos holda Hibat-ul-haqayiq shaklida berilgan. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda uyg‘ur yozuvli matnning ta’siri bor. Ushbu nusxa uyg‘ur xatidan arab yozuviga o‘girilayotganda kotib beixtiyor uyg‘ur yozuvli matndagi ko‘rinishiga tayangan.
Yana bir belgisi. Fors tilidan o‘tib kelgan yoyi nisba ko‘rsatkichi hozirgi o‘zbek adabiy tilida -iy shaklida qabul qilingan. Navāiy, Lutfiy taxalluslari hozirgi o‘zbek adabiy-orfografik qoidasiga ko‘ra -iy bilan yoziladi va talaffuzi ham shunga olib boriladi.
Uyg‘ur yozuvli matnlarda yoyi nisbaning ham talaffuzi aniq beriladi. Yoyi nisba yozma yodgorliklar tilida shunday talaffuz etilgan: agar so‘z undosh bilan tugagan bo‘lsa, yoyi nisba yozuvda “ya” harfi bilan ifoda etilib, cho‘ziq [i:] sifatida o‘qilgan: Yügnäkî, Javharî, Lutfî, Sakkākî.
Agar so‘z unli bilan tugasa, u holda yoyi nisba ketma-ket ikkita “ya” harfi bilan yozilgan. Endi buni, qoidaga ko‘ra, -yi: deb o‘qiymiz: Navāyî [arab yozuvli matnlarda ushbu taxallus ﻨواﯾﻰ shaklida yozilgan va bu ham Navāyî deb o‘qiladi]. Ko‘rinadiki, hozir biz Lutfiy, Navāiy, Atāiy [adabiy orfografik: Lutfiy, Navoiy, Atoiy] shaklida qo‘llayotgan taxalluslar turkiy yozma yodgorliklar tilida hozirgi adabiy tilimizdagidek emas, balki jonli og‘zaki tildagi singari Lutfî, Navāyî, Atayî shaklida talaffuz etilganidan dalolat beradi.
Uyg‘ur yozuvining imlo prinsiplari turkiy tilning talaffuz o‘lchovlariga moslashgan edi. Arab yozuvli matnlarda o‘zlashgan so‘z va formalarga nisbatan grafik prinsip saqlangan, ya’ni ular arabcha yo forscha matnlarda qay shaklda yozilgan bo‘lsa, turkiy matnlarda ham shunday yozilgan (jumladan, o‘zlashgan so‘zlarga xos ayrim tovushlar, arabiy va forsiy izofalar, -u (-vu), va bog‘lovchilari, yoi nisba kabilar). Uyg‘ur yozuvli matnlarda esa ularning turkiy talaffuzi aks etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |