Tashqi tuzilishi
Suyakli baliqlarning tanasi xuddi tog’ayli baliqlar singari bosh, gavda, dumga ajratiladi. Bosh bilan gavda chegarasida jabra yoriqlari, dum bilan chanoq orasida anal teshigi joylashgan (28-rasm).
Og’iz suyakli baliqlarda boshning oldingi qismida joylashgan. Boshining ikki yon tomonida yirik yassi ko’zlari mavjud. Oldinda juft burun teshigi-hidlov organi joylashgan. Og’iz bo’shlig’i singari o’ng va chap burun teshiklari bir biri bilan tutashmagan. Har bir burun teshiklari hidlov xaltachasiga ochiladi.
Suyakli baliqlar uchun harakterli bo’lgan suyakli jabra qopqoqlarining bo’lishligidir. Shunga bog’liq holda beshta jabra teshiklari birgalikda bitta jabra teshigini hosil qiladi.
Juft suzgichlari tog’ayli baliqlarga taqqoslaganda vertikal holatda joylashgan.
Dum suzgichlari-gomotserkal tipda. O’q skeleti dum suyagining yuqori pallasiga qayrilib kiradi. Orqa yoki yelka suzgich qanoti yumshoq yoki qattiq suyak shu’lalardan tashkil topgan. Shu’lalar bir-biri bilan terisimon o’simtalar yordamidan tutashgan. Gavdaning pastki tomonida, dum qismiga yaqin joyda dum osti yoki anal suzgichlari joylashgan. Uning oldingi qismida uchta teshik joylashgan ya’ni anal, jinsiy va ayiruv (tog’ayli baliqlarda kloaka mavjud) teshiklaridir.
Tananing yon tomonida yaxshi sezilib turadigan mo’ljal olish organi yon chiziqlar joylashgan.
Ovqat hazm qilish sistemasi
Suyakli baliqlarda ovqat hazm qilish sistemasi tog’ayli baliqlardan farq qilib kamroq murakkablashgan. Ichaklar sistemasi bir xil diametrdagi nay shaklida bo’lib, chegarasini aniqlash qiyin.
Hazm qilish kanalida og’iz bo’shlig’i xalqum bilan tutashgan, undan qisqa qizilo’ngach va oshqozondan boshlanadi. Oshqozonning o’lchami va shakli oziqlanish harakteriga bog’liq. Yirtqich baliqlarda (okun) oshqozon bir muncha hajmli, kengayish xususiyatiga ega, ichakning keyingi qismlaridan farq qiladi. Yirik o’ljani yutgan vaqtda yirtqich baliqlar oshqozoni silliq devori hisobiga kengayadi. O’simlikxo’r baliqlarda (karpsimonlarda) oshqozon bilan ichak chegarasi unchalik sezilmaydi.
Ko’pchilik baliqlarda ingichka ichakning oldingi qismidan chiquvchi ko’r o’simtalar-pilorik o’simtalar hisobiga ichakning ichki so’ruvchi yuzasi oshadi. Pilorik o’simtalar tog’ayli baliqlardagi spiral klapan funktsiyasini bajaradi va ovqatni o’tishini sekinlashtiradi. Daryo okunida pilorik o’simtalar uchta, ayrim lossossimon baliqlarda ularning soni 200 yetadi.
Ingichka ichakning oldingi qismi o’n ikki barmoqli ichak deb ataladi. Unga jigar va oshqozon osti bezining suyuqliklari qo’yiladi, undagi sekretlar ta’sirida ovqat tarkibidagi asosiy organik birikmalar parchalanadi.
Ingichka ichak sezilarsiz yo’g’on ichakka aylanadi, undan so’ng to’g’ri ichak va anal teshigi bilan tugaydi. Barcha baliqlarda jigar rivojlangan. Bu muhim ovqat hazm qilish bezi hisoblanadi. Uning sekreti-o’t suyuqligi, o’t pufagida to’planadi, so’ngra o’t yo’li orqali ichakning oldingi qismiga qo’yiladi. Jigar ovqatni hazm qilishdan tashqari zararli moddalarni parchalashda ham muhim roli bor. Shuning uchun to’siq organ ham deb ataladi. Jigarda glikogen to’planadi, mochevina hosil bo’ladi.
Ikkinchi ovqat hazm qiluvchi bez-oshqozon osti bezi hisoblanadi, u ichak bog’ichida joylashgan. Ba’zi baliqlarda (cho’rtan) zich holatda, boshqalarida (karpsimonlarda) mayda yog’ga o’xshash bo’lakchalardan iborat bo’lib, ichak nayida bo’rma –hosil qilib o’rnashgan.
Nafas olish organi
Suyakli baliqlarda tog’ayli baliqlardan farq qilib, jabralararo to’siqlarning yo’qligi bilan harakterlanadi. Jabra yaproqlari to’g’ridan-to’g’ri jabra yoyiga tutashgan.
29-rasm. Akula va suyakli baliqning jabrasi:
A-akula og’iz bo’shlig’ining frontal kesmasi; B-suyakli baliqlarda ham huddi shunday; V-akula jabrasining ko’ndalang kesimi; G-suyakli baliqlarda ham huddi shunday; 1-og’iz – halqum bo’shlig’i; 2-qizilungach; 3-jag’ yoyi; 4-til osti yoyi; 5-sachratqich; 6-ichki jabra yorig’i; 7-tashqi jabra yorig’i; 8-jabra qopqog’i; 9-jabra yoylari; 10-jabra yaproqlari; 11-jabralararo to’siqlar.
Jabralarni yopuvchi qattiq suyaksimon plastinka, jabra qopqog’i shakllanganligi tufayli bitta jabra teshigi saqlangan.
Suyakli baliqlarda har bir jabrada suyakli jabra yoyi bo’lib bunda ikki qator jabra yaproqchalari joylashgan. Jabra yaproqchalari tog’ayli baliqlarga o’xshash ektodermal kelib chiqqan. Jabra yoyining ichki devoridan jabra tichinkalari chiqadi, u o’ziga xos apparat shaklida bo’lib, ovqatni tashqariga chiqib ketishiga yo’l qo’ymaydi. Suyakli baliqlarda to’rtta jabra rivojlangan, beshinchisi kuchli qisqargan.
Jabra qopqog’ining ichki tomonidan soxta jabra deb ataluvchi jabra qoldiqlarini sezish mumkin, u gaz almashinuvida ishtirok etmaydi.
Suyakli baliqlarda nafas olish akti jabra qopqoqlarini harakati hisobiga amalga oshadi, qachonki jabra qopqoqlari ko’tarilganda nozik terisimon jabra pardasi jabra qopqog’igacha davom etadi va jabra yorig’iga qisiladi. Bu suvning tashqi bosimi hisobiga amalga oshadi, natijada jabra oldi bo’shlig’ida past bosimli bo’shliq hosil bo’ladi. Bu jabra oldi bo’shlig’iga suvni so’rilishini ta’minlaydi. Qopqoq ochilganda bosim pasayadi va suv tashqi jabra teshiklari orqali tashqariga chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |