Turkiston viloyati – 1865 yilning yozida Orenburg generalgubernatorligi tarkibida tashkil etilgan. Harbiylashgan ma’muriy boshqaruv tartiblariga asoslangan bu viloyatga general-mayor M.G.Chernyaev gubernator etib tayinlanadi. 1865 yil 6 avgustda “Turkiston viloyatini boshqarish haqidagi Nizom” qabul qilinib, unga ko‘ra harbiy va fuqarolik hokimiyati harbiy gubernator qo‘lida bo‘limlarga bo‘linib, ularni bo‘lim boshliqlari boshqargan. Bo‘lim boshliqlariga mahalliy aholi ustidan nazorat qiluvchilar bo‘ysungan. Viloyat markazi Toshkent shahri bo‘lib, Avliyo ota, Chimkent, Pishpak, Turkiston, Verniy, To‘qmoq, Kazalinsk, Perovsk kabi uezdlarga bo‘lingan. Chor ma’muriyati boshqaruv manfaatlariga mos kelmaganligi bois, Turkiston viloyati 1867 yilda tugatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |