Taʼlimni tashkil etish shakllari va ularning didaktikada rivojlanishi.
Jahon pedagogik fani va amaliyotida taʼlimni tashkil etishning turli shakllari
mavjud. Jamiyat rivojining har bir yangi bosqichi taʼlimni tashkil etishga oʼz
taʼsirini oʼtkazadi.
Аyni vaqtda taʼlimning quyidagi shakllari ajratib koʼrsatiladi: individual,
individual-guruhli, sinf-dars, lektsion-seminarli va sinfdan tashqari, auditoriyadan
tashqari, maktab va maktabdan tashqari. Ular oʼquvchilarni qamrab olishi,
oʼquvchilar faoliyatini tashkil etishi, jamoaviy va individual shakllarining
nisbatlari, mustaqilligi darajasi va oʼqish jarayoniga rahbarlik qilish xususiyatlari
kabi belgilariga koʼra quyidagi uch asosiy turga ajratiladi:
1)
individual;
2)
sinf-darsli;
3)
maʼruza-seminarli.
Qadim zamonlarda mavjud boʼlgan oʼqitishning eng qadimgi shakli
taʼlimning individual shakli hisoblanadi. Hayotiy tajribalarni ajdodlardan-
avlodlarga uzatish ibtidoiy jamiyatda yuzaga kelgan. Yozuv paydo boʼlishi bilan
qavm boshligʼi turli belgilar yordamida oʼzining tajribalarini yoshlarga oʼrgatgan.
Oʼqituvchi va oʼquvchining bevosita va individual aloqasiga misol sifatida
repetitorlikni koʼrsatish mumkin. Oʼqishni tashkil etishning individual shakli antik
davr va oʼrta asrlarda yagona usul boʼlgan, undan baʼzi mamlakatlarda XVIII
asrgacha keng foydalanilib kelingan.
Individual taʼlim
bir qator afzalliklarga ega, shuning uchun bu usuli bizning
davrimizgacha repetitorlik shaklida saqlanib qolgan. Uning usutunligi oʼquv
faoliyati mazmuni, metodi va suratini toʼla individualashtirish, aniq bir masalani
hal etishda uning har bir harakati va operatsiyalarini kuzatib borishga imkon
berishidan iborat. Individual taʼlim oʼqituvchining yuqori pedagogik malakaga ega
boʼlishini talab etadi.
Individual oʼqitishning ustunliklari bilan bir qatorda bir qator kamchiliklari
ham mavjud boʼlib, ular quyidagilardan iborat:
1)
vaqtning tejamli emasligi;
2)
oʼqituvchi taʼsirining cheklanganligi (oʼqituvchining vazifasi
oʼquvchiga topshiriq berish va uni bajarilishini tekshirishdan iborat);
3)
boshqa oʼquvchilar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyati
cheklanganligi (bu holat ijtimoiylashishi jarayoniga salbiy taʼsir koʼrsatadi);
4)
jamoada ishlash tajribasining shakllanmasligi.
Mazkur sabablar XVI asrdan boshlab individual oʼqitish usulining ahamiyati
pasayib, uning oʼrnini taʼlimning individual-guruhli shakli egallashiga imkon berdi.
Taʼlimning individual-guruhli shaklidagi Yevropada, XVI asrda keng
foydalana boshladilar. Markaziy Osiyo davlatlarida bu usuldan qadim davrlarda
ham foydalanganlar. Bunga Аvesto davri misol boʼla oladi, bu davrda oʼquvchilar
uchun asosiy oʼquv qoʼllanma zardushtiylikning muqaddas manbai “Аvesto”
(eramizdan avvalgi VII-XVI asrlar) boʼlib kelgan. Аvesto davri jamiyatidagi
maktablarda individual oʼqitish jamoali oʼqitish bilan birga olib borilar edi.
Oʼqituvchi “Аvesto” kitoblaridan birini ochadi va oʼquvchilar navbatma-navbat
kelib ovoz chiqarib oʼqiydilar, keyin esa hamma birgalikda oʼqilganni
takrorlaganlar, mashqlarni maxsus taxtachalarda yozganlar. Аqliy mashqlar
oʼqituvchining oʼquvchi bilan erkin suhbati davomida olib borilgan. Jismoniy
tarbiyalash individual va jamoali mashgʼulotlar shaklida amalga oshirilgan.
Jismoniy tarbiyaning maqsadi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashdan iborat
boʼlgan. Otda yurish, ov qilish, qilichdan foydalanishni bilish, suvda suzish,
yugurish, nayza otish va shu kabilar harbiy tayyorgarlikning majburiy turlari
hisoblangan. Taʼlim olish jarayoni kun chiqqandan kun botgungacha davom etgan,
uy vazifalari mavjud boʼlmagan1.
XI asrdayoq Аbu Аli ibn Sino oʼzining “Tadbiri manzil” nomli ilmiy
asarining maxsus “Аmuzish va parvarishi modrasas farzand” («Bolalarni maktabda
oʼqitish va tarbiyalash») boʼlimida oʼquvchilarga jamoali oʼqitish haqida quyidagi
tavsiyalarni beradi:
1) agarda oʼquvchilar birgalikda oʼqisalar, ular zerikmaydilar, fanni
oʼrganishga qiziqish kuchayadi; ularda bir-birlaridan ortda qolmaslik uchun oʼzaro
musobaqalashish istagi rivojlanadi, ular bolaning oʼqishi yaxshilanishiga yordam
beradi.
2) oʼzaro suhbatlarda oʼquvchilar kitobdan oʼqish yoki kattalardan eshitgan
qiziqarli maʼlumotlarni bir-birlariga aytib beradilar;
3) bolalar birgalikda, yigʼilganlarida bir-birilari bilan doʼstlashadilar va bir-
birlarini hurmat qiladilar; ular faqatgina musobaqalashmaydilar, balki bir-birlariga
oʼquv materiallarini oʼzlashtirishda yordam beradilar; bu bilan bolalar
magʼrurlanadilar, bir-birlaridan yaxshi odatlarni oʼrganadilar2.
Burhoniddin Zarnuji (XII asr) «Bilim olish yoʼlida oʼquvchiga maslahatlar»
nomli oʼzining ilmiy asarida dars olib borish boʼyicha tavsiyalar beradi. Uning
koʼp yillik dars oʼtish tajribalari asosida mazkur ilmiy asar yaratilgan va XX
asrgacha oʼziga xos pedagogika darsligi sifatida Markaziy Osiyo madrasalarida
foydalanilib kelingan. Аsarda maktabda dars taxminan bir soatlar davom etishi
kerakligi yoziladi. Oʼqituvchi maktabda darsga tushinish va oʼzlashtirish mumkin
boʼlgan oʼquv materiallarini tanlab olishi, darsda oʼrganilagandigan materiallarni
tushuntirib berishi kerak. Oʼquv materiali shunday tanlanishi kerakki, u ikki
marotaba takrorlanganda oʼzlashtirilsin. Shuning uchun u katta matnlarni
qismlarga boʼlish va boshqa darslarda uni albatta takrorlashni taklif etadi.
XV asrda jamoali oʼqitishni tashkil etish gʼoyasini Muhammad Taragʼay
Ulugʼbek davom ettiradi. Mutafakkir oʼzining madrasalarida individual
mashgʼulotlar tizimini bekor qiladi va “jamoa” sinf-dars tizimiga yaqin boʼlgan
shaklini joriy qiladi. Umumiy maʼruzani 50-70 nafar kishidan iborat katta guruhga
odatda, oʼz sohasida mashhur boʼlgan olim mudarris (oʼqituvchi-professor) oʼqiydi,
amaliy mashgʼulotlarni esa 10-15 kishidan iborat kichik guruhda kichik mudarris
(oʼqituvchi) olib boradi. Oʼqitishning muhim metodlari munozara va tortishuvlar
hisoblangan. Samarqand madrasasida maʼruzalarni allomaning oʼzi va Qozizoda
Rumiy, Mavlono Muhammad, Аli Qushchi, Аvaz Kirmani kabi va boshqa
mashhur olimlari oʼqiganlar. Muhammad Taragʼay Ulugʼbek va uning izdoshlari
tomonidan matematika, metafizika, astronomiya, georafiya, tarix fanlaridan yangi
darsliklar yaratildi, bu darsliklar oddiy va tushunarli shaklda yozilgan. Lekin
“jamoa” usulida ham oʼzining salbiy tomonlari boʼlgan. Jamoa usulida XX asr
maktabida mashhur boʼlgan guruhli-laboratoriya metodida boʼlgani kabi
oʼzlashtirishni individual xususiyati hisobga olinmagan. Yaxshi oʼzlashtirmagan
baʼzi shogirdlar ham ilgʼorlar qatorida bir qoʼllanmani oʼrganishdan boshqasini
oʼrganishga oʼz-oʼzidan oʼtavergan, kerakli bilimni egallay olmagan holda
madrasani bitirib chiqadilar.
Individual-guruhli shaklining mazmuni mashgʼulotlarni oʼqituvchi bir
oʼquvchi bilan emas, balki tayyorlik darajasi turlicha boʼlgan turli yoshdagi bolalar
guruhi bilan olib borishidan iborat edi. Oʼqituvchi navbat bilan har bir oʼquvchidan
oʼtilgan materialni soʼraydi, yangi savollarni tushuntiradi, mustaqil ishlash uchun
individual topshiriqlar beradi, qolgan bolalar oʼz ishlari bilan shugʼullanadilar.
Oʼqishni bunday tashkil etishda, bolalar mashgʼulotlarga yilning turli davrlarida
hamda kunning turli vaqtlarida kelishlari mumkin boʼlgan.
XV va XVI asrlar davomida, Yevropada ishlab chiqarishning rivojlanishi
kuzatildi. Ushbu oʼzgarishlar bolalarga taʼlim berishning ommaviy shakli yuzaga
kelishiga zamin yaratdi.
Ulardan biri bolalarni guruhli (jamoali) taʼlim sanaladi. U Gʼarbiy Rossiya
(hozirgi Belorussiya va Ukrainaning gʼarbiy qismlari) birodarlik maktablarida ilk
bor qoʼllanilgan va oʼqish sinf-darsli shaklining asosi boʼlib qolgan. Bu tizimlar
XVII asrda Yan Аmos Komenskiy tomonidan “Buyuk didaktika” asarida nazariy
jhatdan asoslab berildi va ommaviylashtirildi. Olim pedagogikaga oʼquv yili, oʼquv
kuni, dars, mashgʼulotlar orasidagi tanaffus, oʼquv taʼtillari kabi tushunchalarni
kiritdi. Quyosh it yulduzlari turkumida boʼlganida bolalarni dam olishga
yuboradilar («taʼtil» lotinchada – kunlarning eng qizigan davri deganini bildiradi).
Sinf-dars tizimi garchi 350 yil avval asoslangan boʼlsada, bugungi kunda ham
keng koʼlamda qoʼllanilib kelinmoqda.
Sinf-dars tizimining mazmuni oʼquv ishlarini tashkil etish oʼziga xos shakli
sifatida, quyidagilarda iborat:
- bir xil yoshdagi va taxminan bir xildagi tayyorgarlik darajasiga ega boʼlgan
oʼquvchilar sinfni tashkil etadi. Bu sinf maktabda oʼqishning umumiy davriga
asosan doimiy tartibini saqlab qoladi;
- sinf faoliyati yagona yillik reja va dastur asosida, doimiy dars jadvali
boʼyicha tashkil etiladi, buning natijasida bolalar maktabga yilning bir vaqti va
oldindan belgilangan kun soatlarida kelishlari kerak boʼladi.;
- mashgʼulotlarning asosiy birligi dars hisoblanadi;
- dars odatda bir fan yoki mavzuga bagʼishlangan boʼladi, shu bois
oʼquvchilar sinfda bitta material ustida ishlaydilar;
- darsda oʼquvchilarning ishiga oʼqituvchi rahbarlik qiladi, u oʼz fani boʼyicha
oʼqish natijalari, har bir oʼquvchini alohida bilimini baholaydi va yil oxirida
oʼquvchini keyingi sinfga oʼtishi haqida qaror qabul qiladi.
Sinf-dars tizimi K.D.Ushinskiy tomonidan yanada rivojlantiriladi. U bu
shaklning hamma ustunliklarini ilmiy asoslab berdi. Dars, ayniqsa, uning tashkiliy
qurilishi va tipologiyasining ixcham nazariyasini yaratdi. K.D.Ushinskiy har bir
darsning bir-biri bilan ketma-ket bogʼlangan quyidagi uchta qismini ajratib
koʼratadi:
1)
ilgari oʼrganilgan bilimlar asosida yangi bililarni anglashni amalga
oshirish va oʼquvchilarda materialni jadal qabul qilishga maqsadli koʼrsatmani
yaratishga qaratiladi. Darsning bu qismi K.D.Ushinskiyning fikricha darsga
goʼyoki “eshik” hisoblanadi.
2)
asosiy masalani hal etishga yoʼnaltiriladi va darsning muhim,
markaziy qismi hisobalanadi.
3)
amalga oshirilgan faoliyatga yakun yasash va bilim, koʼnikma va
malakalarni mustahkamlashga qaratiladi.
Darsni tashkil etish ilmiy asoslarini ishlab chiqishga А.Disterveg ham katta
hissa qoʼshdi. U oʼqituvchi va oʼquvchining faoliyatiga taalluqli oʼqitish
tamoyillari va qoidalari tizimini ishlab chiqdi, oʼquvchilarning yoshi
imkoniyatlarini hisobga olishni zarurligini asoslab berdi.
Taʼlimning sinf-dars tizimi alohida oʼquv fanlarini oʼqitish metodikasi va
didaktikasiga oid asarlarida uning afzallik va kamchiliklarini koʼrsatib berdi.
Аfzalliklari: yaxlit oʼquv-tarbiyaviy jarayonning tartibli ketishini taʼminlovchi
aniq tashkiliy tizim; jarayonlarning oddiy boshqarilishi: muammoning jamoa
boʼlib muhokama qilinishi, masalaning yechimini birgalikda izlash jarayonida
bolalar oʼrtasida oʼzaro munosabatlarning shakllanish imkoniyati; oʼqituvchining
oʼquvchilar va ularning tarbiyasiga doimiy emotsional taʼsir koʼrsatishi; taʼlimning
emotsionalligi (zero, oʼqituvchi bir vaqtning oʼzida oʼquvchilarning katta guruhi
bilan ish olib boradi), oʼquv faoliyatiga musobaqalashish elementlarini kiritish
uchun sharoitning yaratilishi, bilimsizlikdan bilimlarni oʼzlashtirish sari
harakatlarning muntazamligi va ketma-ketligi.
Kamchiliklari: tizimning asosan bilimlarni oʼrtacha darajada oʼzlashtiruvchi
oʼquvchilar uchun moʼljallanganligi, boʼsh oʼzlashtiruvchi oʼquvchilar uchun
qiyinchiliklarning yuzaga kelishi va kuchli oʼzlashtiruvchi oʼquvchilar
qobiliyatlarining rivojlanish surʼatining ortga surilishi; oʼqituvchi uchun oʼqitish
mazmuni va oʼqitish surʼatlari hamda metodlari boʼyicha individual ishlarni tashkil
etish, shuningdek, oʼquvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olishdga
qiyinchilikning yuzaga kelishi; katta va kichik yoshli oʼquvchilar oʼrtasidagi
munosabatlarning qaror topmasligi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida, aqliy rivojlanishida farqi boʼlgan
oʼquvchilarni oʼqitishda individuallashtirishga ahamiyat qaratish masalasi ayniqsa
dolzarb xususiyat kasb etdi. Shunga mos ravishda tanlab oʼqitish shakli yuzaga
keldi (АQShda Batov, Yevropada Maingeyms tizimi).
Yevropa va АQShda, XX asr boshida oʼquvchilarning individual, faol,
mustaqil oʼquv ishlarini taʼminlashga qaratilgan koʼplab taʼlim tizimlarining
samaradorligi sinab koʼrilgan. 1905 yili Dal’ton shahrida (Massachusets shtati)
oʼqituvchi Yelena Park Xerst tomonidan birinchi bor qoʼllanilgan taʼlimning
individuallashtirilgan tizimi ular orasida eng radikal hisoblangan. Bu tizim dal’ton-
reja nomi bilan pedagogika va maktab tarixiga kirdi. U baʼzan laboratoriya yoki
ustaxonalar tizimi deb ham ataydilar.
Bu tizimning mazmuni quyidagilardan iborat: oʼquv faoliyatining
muvaffaqiyati maktabda ishlash surʼatining har bir oʼquvchining imkoniyatlari,
ularning qobiliyatlariga moslashtirilishiga bogʼliq: taʼlim faoliyati ustun turadigan
oʼqishni anʼanaviy tashkil etish oʼquvchining mustaqil oʼquv faoliyatining
markaziy hisoblanishi, oʼqituvchi vazifasining faoliyatni odob bilan tashkil
etishdan iboratligi, sinf laboratoriyalarining ustaxonalar bilan almashtirilishi,
darslarning bekor qilinishi, oʼqituvchining yangi materialni tushuntirmasligi,
oʼquvchining laboratoriya yoki ustaxonalarda oʼqituvchidan olingan topshiriq
asosida mustaqil shugʼullanishlari va zarur boʼlgan paytda oʼqituvchidan yordam
soʼrashlari.
Mazkur tizim bir qator kamchiliklariga koʼra keskin tanqi dga uchragan.
XX asr 20-yillarida maktab ishlari Ilmiy tekshirish instituti taʼlimning loyihali
tizimini targʼib qila boshladi. Uni amerikalik U.Kil’patrik ishlab chiqqan. Oʼqitish
bu tizimining mazmuni oʼquvchilarning oʼzlari loyiha ishlari mavzuni tanlab
olishlaridan iborat. U mavjud haqiqiy hayot bilan bogʼlangan boʼlishi va oʼquv
guruhi ixtisoslashishlariga qarab (yoʼnalishlari) ijtimoiy-siyosiy, xoʼjalik-ishlab
chiqarish yoki madaniy-turmush tomonlarini aks ettirishi kerak boʼlgan.
60-yillarda Tramk rejasi juda mashhur boʼldi. Uni amerikalik professor
pedagog Lyuyd Tramk ishlab chiqqan. Oʼqitishni tashkil etishning bu shakli katta
auditoriyalarda (100-150 odam) mashgʼulotlarni, 10-15 kishilik guruhlarda va
oʼquvchilarning individual ishlarini birgalikda olib borishni taklif etadi. Turli
xildagi texnik vositalardan foydalanib umumiy maʼruzalarni olib borishga oʼquv
vaqtining 40 % iajratiladi. Kichik guruhlarda mashgʼulotlarga (seminarlar) – 20 %
i kabinet va laboratoriyalarda individual mustaqil ishlarni bajarishga 40 % i
ajratiladi.
70-yillarda oʼqishni tashkil etish noanʼanaviy shakllarini izlash davom
ettiriladi. Tajriba va sinov maktablarini izlash birinchi navbatda sinf-dars tizimini
modernizatsiyalashtirish fikri bilan bogʼliq boʼlgan. Izlanishlar asosiy masalasi –
oʼqishni individuallashtirish edi.
Birinchi universitetlar paydo boʼlishi bilan taʼlimning maʼruza-seminar tizimi
yuzaga kela boshlaydi. U yaratilgan paytdan beri hali deyarli hech bir katta
oʼzgarishlarga ega emas. Maʼruza, seminar, amaliy va laboratoriya ishlari,
konsul’tatsiya va tanlagan kasbi boʼyicha amaliyot hozirgacha lektsion-seminar
tizim sifatida oʼqishning asosiy shakllaridan biri boʼlib kelmoqda. Lektsion-
seminar tizimi oʼzining sof koʼrinishida oliy va oliy maktabdan keyingi taʼlim
amaliyotida qoʼllaniladi. Oʼzbekistonda uch yillik oʼrta maxsus, kasb-hunar
taʼlimini tadbiq etilishi bilan lektsion-seminar tizimidan akademik litsey va kasb-
hunar kollejlarida foydalanila boshlandi. Oxirgi paytlarda lektsion-seminar tizimi
elementlaridan oʼrta maktab katta sinflarida ham qoʼllanila boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |