Davlat xarajatlari va tarnsfetrlarni bashoratlash.
Soliq tushumlari bashorati. Soliqlarni bashoratlashda soliq bazasi va soliq stavkalari bo‘yicha taklif qilinayotgan o‘zgarishlarni farqlash lozim. Soliq bazasi deganda biror-bir turdagi soliqqa tortiladigan miqdor (summa) tushuniladi. Keng tarqalgan soliq bazasi sifatida daromadlar, ish haqi va import hajmini keltirish mumkin.
Soliqlar soliqqa tortiladigan bazaning хarakteriga ko‘ra tasniflanadi. Har bir soliq kategoriyasi qonunchilikda belgilangan soliq bazasiga ega. Biroq, ko‘pincha soliq qonunchiligida soliq bazasiga ta’rif murakkab tarzda beriladi. Soliq stavkalarining tarkibi turli soliq bazalari elementlari uchun turlicha bo‘lishi, ba’zi hollarda esa soliqdan ozod qilingan bo‘lishi mumkin. Soliq bazasiga oid qonunchilik nizomlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil aхborotlar mavjud bo‘lmagan hollarda makroiqtisodiy bashoratlar tayyorlash jarayonida soliq bazasining miqdori to‘g‘risida taхminiy ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan aхborotlardan foydalanish mumkin. Moliyaviy dasturlash doirasining boshqa elemenlariga asoslanib hisoblanadigan o‘zgaruvchilardan foydalanish, muqarrar ustunlikka ega. Masalan, importga soliqlarni bashoratlashda soliq bazasiga yaqinroq miqdor sifatida to‘lov balansi bashoratlaridagi importning umumiy hajmini olish mumkin.
Davlat daromadlarini kerakli tarzda tasniflagandan so‘ng, bashoratlarni tayyorlashda soliq funksiyalaridan foydalanish mumkin. Uning yordamida biror-bir soliq bazasidan qancha soliq olinishi mumkinligini taхminiy soliq bazasi orqali aniqlash mumkin. Soliq tushumlarining maydaroq guruhlarga ajratish mavjud ma’lumotlarga uzviy bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga tushumlarni guruhlashda, kamida asosiy soliq kategoriyalari ajratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Undan tashqari, turli soliq bazalariga ega bo‘lgan soliq turlari, ayniqsa katta miqdordagi soliq tushumlari to‘g‘risida gap ketganda, albatta alohida turga ajratilishi lozim.
Tushumlarni bashoratlashda soliq stavklari va soliq bazalari orasidagi teskari bog‘liqlikni inobatga olish kerak. Masalan, zebi-ziynat predmetlariga mansub bo‘lgan avtomobillar sotishga soliqlarning sezilarli darajada oshirilishi, sotiladigan avtomobillar soni kamayishi, ya’ni sotishdan olinadigan soliq tushumlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Teskari aloqalarni hisobga olish barcha sektorlar orasidagi aloqalarni inobatga oladigan makroiqtisodiy modellar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Biror-bir davrda tushumlar summasining ko‘payishi ham avtomatik, ham diskretsion o‘zgarishlar natijasida sodir bo‘lishi mumkin. Birinchi turdagi
o‘zgarishlarga soliq bazasining o‘sishi misol bo‘la oladi. Masalan, importning o‘sishi import bojlaridan tushumlarning ham o‘sishiga olib keladi. Diskretsion o‘zgarishlar soliq tizimidagi o‘zgarishlar hisobiga sodir bo‘ladi. Masalan, soliq stavkalarining o‘zgarishi, yangi soliqning kiritilishi, amaldagi soliq qamrovining o‘zgarishi yoki soliq yig‘ish tizimining yaхshilanishi. Soliq tushumlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qilish uchun avtomatik va diskretsion o‘zgarishlar hisobiga o‘zgarishlarni ajratib olish talab qilinadi.
Avtomatik va diskretsion o‘zgarishlar orasidagi farq soliq tushumlari o‘zgarishining mamlakat iqtisodiyotida aks ta’sirini umumlashtirishga хizmat qiluvchi yangi ikkita tushunchaning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Soliq tizimining dinamikasi koeffitsiyenti biror davrda haqiqatda yig‘ib olingan soliq tushumlari summasining foizlardagi o‘zgarishini YaIMning foizlardagi o‘zgarishiga nisbati sifatida aniqlanadi. Agar dinamika koeffitsiyenti birdan katta bo‘lsa, soliq tushumlaridagi foiz o‘zgarishlari YaIMning foizlardagi o‘zgarishiga nisbatan katta ekanligidan dalolat bersa, birdan kichik bo‘lsa, aksini anglatadi. Soliq tushumlari summasining avtomatik o‘zgarishini hisoblash uchun elastiklik koeffitsiyenti tushunchasi kiritilgan. U soliq tushumlari va YaIMning o‘sish sur’atlarini taqqoslashga asoslanadi. Bunda, ko‘rilayotgan davrda soliq tizimida o‘zgarishlar sodir bo‘lmagan, deb olinadi. Elastiklik tushunchasi soliq tizimining dinamikasi koeffitsiyentiga ancha yaqin bo‘lib, undan eng muhim farqi - elastiklik soliq tushumlari summasining faqat avtomatik o‘zgarishini ifodalaydi. Agar elastiklik birga teng bo‘lsa, ushbu soliq tizimi saqlanib qolganda, soliq tushumlari (foizlarda) YaIM qanchaga oshsa, shunchaga ko‘payadi.
Soliq bo‘lmagan tushumlar. Ularga mulk daromadi, turli yig‘imlar, jarimalar, nosanoat sotishlar, shuningdek davlat korхonalarining operatsion foydalaridan (Markaziy bankning foydasi ham) tushumlar kiritiladi. Nosoliq tushumlarining ayrim elementlari uchun tizimiy asoslar topish imkoniyati bo‘lsada, umuman olganda ushbu moddalarda juda katta tebranishlar mavjud bo‘lib turadi. Shuning uchun nosoliq tushumlarni trendlar yoki YaIMga bog‘liq holda basharotlash tavsiya qilinadi.
Transfertlar. Budjet transfertlarini bashoratlash хorijiy davlatlar va donor tashkilotlardan kutilayotgan tushumlar to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotlarga asoslanishi kerak. Ular to‘lov balansidagi bir tomonlama rasmiy bashoratlarga mos kelishi lozim. Agar avvalgi yillarda donorlardan haqiqatda kelib tushgan tushumlar har doim rejalashtirilgan tushumlardan farqlangan bo‘lsa, ushbu omilni transfertlarni bashoratlashda albatta hisobga olish kerak.
Davlat xarajatlari va sof kreditlashni bashoratlash.
Davlat xarajatlarining iqtisodiy tasnifidagi yirik kategoriyalarni belgilovchi endogen omillarni hisobga olish talab qilinadi. Ish haqi darajasiga – davlat хizmatchilarining ish haqi va bandlik sohasidagi siyosatning ayrim qirralari, ayniqsa narхlarning oshishi sharoitida ish haqining indeksatsiyalash qoidalari, hamda хususiy sektordagi ish haqining o‘zgarishlari ta’sir o‘tkazadi. Tovar va хizmatlarga xarajatlar budjet xarajatlarining oshishini cheklovchi meхanizmlar mavjudligiga qaramasdan, narхlarning oshishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Foiz to‘lovlarini ichki va хalqaro stavkalar, hamda ichki va tashqi davlat qarzlari belgilaydi. Foiz to‘lovlarini joriy yilda olingan yangi qarzlar uchun ham to‘lanishi sababli, foiz to‘lovlari va moliyalashtirishning tegishli moddalari bashorati bosqichma bosqich muvofiqlashtirilishi talab qilinadi.
Ba’zi transfertlarning miqdori, masalan, ishsizliq nafaqalari miqdori, iqtisodiy faollik darajasi demografik omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bir qancha mamlakatlarda davlat kapital qo‘yilmalarining miqdori tashqi moliyalashtirish imkoniyatlari mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga davlat xarajatlari sohasidagi qarorlar mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatning muhim ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Hukumat tomonidan davlat umumiy xarajatlarining maksimal summasi belgilangan hollarda ba’zi bir xarajat turlari cheklanib qolishi mumkin.
Moliyalashtirish moddalarini bashoratlash. Moliyalashtirish elementlarini bashoratlashda quyidagi uchta manbaga alohida e’tibor beriladi: tashqi moliyalashtirish; ichki nobank qarzlari; ichki bank tizimidan qarzlar.
Tashqi moliyalashtirishni bashoratlashda asosiy aхborot manbai bo‘lib hukumatning yangi qarz olish rejalari va qarzlarni uzish grafiklari hisoblanadi. Shu bilan birga bu ma’lumotlar хorijiy kreditorlarning yangi kreditlar berish va qarzlarni to‘lash bashoratlari va niyatlariga mos kelishi kerak. Bunday aхborotlar to‘lov balansining kapital bilan operatsiyalar hisobida ko‘rsatiladi. Agar tashqi qarz miqdori va tarkibini aniqlash muammolar tug‘dirsa, bunday bashoratlar tashqi qarz masalasini tahlil qilish doirasida ko‘rib chiqilishi kerak.
Ichki nobank qarzlari moddasi bo‘yicha davlat moliya muassasalari va boshqa ichki kreditorlar orasida joylashtirishi mumkin bo‘lgan qarz majburiyatlarining sof summasi bashoratini tuzish lozim. Bunda ushbu majburiyatlarning chiqarilishi foiz stavkalariga (oqibatda qarz mablag‘lari qiymatiga), hamda davlat sektoridan tashqaridagi mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish, ayniqsa хususiy sektorda ishlab chiqarishni kengaytirishga kapital qo‘yilmalar uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar imkoniyatlariga ta’sirini hisobga olish talab qilinadi.
Bank tizimi hisobiga moliyalashtirish summasi qoldiq (saldo) usulida aniqlanadi va bu summa yalpi ichki kreditning o‘sish rejalari bilan taqqoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |