ANIQLOVCHI
Narsa-buyumning rang-tusi, mazasi, hajmi, kim yoki nimaga qarashliligini bildirib, gapning ot bilan
ifodalangan bo‘lagini aniqlab kelgan ikkinchi darajali bo‘lak aniqlovchi deyiladi. U qanday, qaysi, nechanchi, qancha, nechta, kimning, nimaning, qayerning so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Aniqlovchi aniqlagan (bog‘langan) bo‘lak aniqlanmish hisoblanadi. Aniqlovchi gapning bàrcha bo‘laklarini aniqlashtirib kelishi mumkin. Aniqlovchi ega, ot kesim, aniqlovchi, to‘ldiruvchi va holga bog‘lanadi: Bahaybat samolyot (ega) yerga ohista qo‘ndi. Salimjon – a’lochi o‘quvchi (ot
kesim). Ilg‘or ishchilarga (to‘ldiruvchi) mukofotlar topshirildi. Mehnat faxriylari bilan yangi bog‘da (hol) uchrashdik. Tadbirkor insonning (aniqlovchi) ishlariga havasing keladi.
Aniqlovchilarning bir xili narsa-buyumning belgisi (rangi, miqdori, mazasi, hajmi)ni bildirsa, boshqa xili narsa-buyumning kimga yoki nimaga qarashliligini bildiradi yoxud boshqa tomondan nomlaydi. Shunga ko‘ra, aniqlovchilar uchga bo‘linadi:
1) sifatlovchi aniqlovchi;
2) qaratqich aniqlovchi;
3) izohlovchi aniqlovchi.
Misol: Yangi (sifatlovchi aniqlovchi) binolar qishloqning (qaratqich aniqlovchi) husniga husn qo‘shmoqda. (Sh.R.) Kapitan (izohlovchi aniqlovchi) Mansurov so‘zladi.
Predmetning rangi, ta’mi, hajmi, miqdori, xarakterxususiyatini bildirib, o‘zidan keyingi bo‘lakka bitishuv yo‘li bilan tobelangan aniqlovchilarga sifatlovchi aniqlovchi deyiladi. Sifatlovchi aniqlovchi qanday, qanaqa, qancha, nechanchi, qaysi kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi va quyidagi so‘zlar bilan ifodalanadi:
sifat: Yaxshi fikrlar ham eng yaxshilariga joy bo‘shatib bermog‘i lozim. (V. Shekspir);
son: Shu orada to‘rttacha samosval oldinma-ketin g‘isht to‘kib ketdi. (S. Ahmad);
sifatdosh: Bir yil tut ekkan kishi yuz yil gavhar teradi;
olmosh: Qaysi gulni yoqtirasiz?;
ot: Kumush qishdan, zumrad bahordan, qolishmaydi kuzning ziynati.
ravish: Ko‘p odamlar bundan bexabar edi;
taqlid: Qir tomondan g‘ir-g‘ir shabada esib turibdi.
Predmetning kim, nima yoki qayerga mansubligi, qarashliligini bildirib, o‘zidan keyingi bo‘lakka moslashuv yo‘li bilan tobelangan aniqlovchilarga qaratqich aniqlovchi deyiladi. Qaratqich aniqlovchi ot, olmosh, harakat nomi va otlashgan so‘zlar bilan ifodalanib, kimning, nimaning, qayerning kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi. Oyimlarning aytishicha, keyinchalik dadamlar ham bu qilmishidan pushaymon bo‘lganlar. (O.Yoqubov) U hozir hammaning kallasini g‘ovlatgan shum xabarni
hech o‘ylamayapti... (A.Muxtor)
Izohlovchi aniqlovchi shaxs va narsani boshqa (turi, mansabi, laqabi, kasbi, qarindoshligi kabilar) tomonidan nomlaydi va ot bilan ifodalanadi: dasturchi-muhandis, o‘qituvchi G‘ulomov, Xurshid tog‘a.
1) unvon, amal: Kapitan Mansurov so‘zladi. Anjumanda direktor Xoliqov ham qatnashdi.
2) mashg‘ulot, kasb: Oshpaz Shukur, gulchi Nizom va duradgor Vahobjonlar yetib kelishdi.
3) yosh, jins, qarindoshlik: O‘sha kuni Mavjuda xola bilan Sobir amaki foydali nasihatlar qildilar.
4) laqab: Jalil sovuq, Juman pismiqlarning askiyasini eshitdik.
5) taxallus: Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yirik nasriy asarlar muallifidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |