TOPSHIRIQ-2.Gaplardagi uyushiq bo‘laklarni bog‘lovchi vositalarni aniqlang.
1. Haqiqiy olimning so‘zi, o‘yi, fikri va ishi bir xil bo‘ladi. («Otalar o‘giti») 2. Nazariy bilimlardan hosil qilinadigan tushunchalar uzoq va chuqur tushunish, tekshirish, kashf – ijod, ta’lim olish va boshqalarga ta’lim berish yo‘li bilan qo‘lga kiritiladi. (Farobiy) 3. Er kishiga zeb-u ziynat hikmat va donishdur. (A.Navoiy) 4. Har bir kishi kasb-korini mukammal bilmog‘i, yaxshi tarbiya olmog‘i va yaxshi xulq-atvor, fazilatlarga ega bo‘lmog‘I kerak. (Farobiy) 5. Olgil mandin nasihat, o‘g‘lim, ilm-u
adab o‘rgangin, bo‘lub bilimli ulug‘ xalq ichida boshqag‘a ilm-u adab o‘rgatgin. (Mahmud Koshg‘ariy) 6. Ilmli bo‘lishga intilish jumlayi mo‘min er va ayollarga oliy sharafdir. (Mirzo Ulug‘bek)
ESLATMA!!! Gapda uyushiq bo‘laklarni jamlovchi, umumlashtiruvchi so‘z bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha, belgilash, bo‘lishsizlik olmoshi va jamlovchi ot, jamlovchi son, shuningdek, so‘z birikmasi, kengaygan birikma umumlashtiruvchi so‘z bo‘lib keladi: Uylar, daraxtlar, ko‘chalar – hammasi qorong‘ilik qa’riga cho‘mdi. Ishga yangi qabul qilinganlar: Ahmad, Salim va Akbar boshliqning oldiga kirishsin. Umumlashtiruvchi so‘z bilan uyushiq bo‘lak bir xil sintaktik vazifani bajaradi.
Umumlashtiruvchi bo‘lak uyushiq bo‘lakdan oldin kelsa, undan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Qudratning oldidan ikki o‘rtoq: Ilhom va Rustam chiqib keldi. Umumlashtiruvchi bo‘lak uyushiq bo‘lakdan keyin kelsa, undan oldin tire qo‘yiladi: Shu hovli-joy, mana shu daraxtlar, kursi, so‘ri – hammasi – meniki.
TOPSHIRIQ-3.Gaplarni ko‘chiring. Uyushiq bo‘laklar, ular bilan oldin yoki keyin kelgan bo‘lak orasida tinish belgilarining qo‘llanishiga e’tibor qarating.
1. Najot ikki narsada: taqvo bilan niyatdadir. Halokat ham ikki narsada: umidsizlik va mag‘rurlanishda. («Sharq haqni topdi») 2. Har narsada uch asosga: haqiqiy, halol va
nafli narsalarga e’tibor berish kerak. (J.Marmontel) 3. Ish bizni uch xil illatdan: zerikish, qusur, muhtojlikdan xalos etadi. (F.Volter) 4. Kelajak bundan buyon ikki xil toifa kishilar: aqliy va jismoniy mehnat kishisi qo‘lidadir. (V.Gyugo) 5. Insonni butun borliq: odamlar, buyum va narsalar,
voqea-hodisalar, ammo, eng avvalo va aksar hollarda, odamlar tarbiyalaydi. Bular orasida esa ota-onalar bilan o‘qituvchilar birinchi o‘rinda turadilar. (Makarenko) 6. Insonda hamma narsa: yuz ham, kiyim ham, qalb ham, fikr ham go‘zal bo‘lishi lozim. (A.Chexov)
ESLATMA!!! Ketma-ket kelgan, lekin sanash ohangi bilan aytilmaydigan, yozuvda orasiga vergul qo‘yilmaydigan aniqlovchi va hol uyushmagan aniqlovchi va uyushmagan hol hisoblanadi. Uyushmagan aniqlovchi va uyushmagan hol o‘zi bog‘langan bo‘lakning turli tomoniga oid belgini anglatadi: Qop-qora shirin (uyushmagan aniqlovchi) uzum g‘arq pishgan. Kecha kechqurun (uyushmagan hol) yomg‘ir yog‘di. Bugun tushdan keyin (uyushmagan hol) boramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |