III. Akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish 43. Inspeksiya nazorati xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
44. Inspeksiya nazorati quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
a) akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti faoliyatining akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligini baholash;
b) akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotining faoliyati jarayonida yuzaga keladigan, ekspert tashkilotining amaldagi hujjatlariga kiritilishini talab qiluvchi o‘zgarishlarni aniqlash, bu o‘zgarishlarning ekspert tashkiloti faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’sirini baholash;
v) akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan ishlarning bajarilishini nazorat qilish.
45. Inspeksiya nazorati ikki xil ko‘rinishda o‘tkaziladi:
a) rejali inspeksiya nazorati;
b) rejadan tashqari inspeksiya nazorati.
46. Rejali inspeksiya nazorati vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan “Akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish reja-jadvali” asosida yiliga bir marotaba o‘tkaziladi.
47. Ekspert tashkiloti faoliyatining o‘z akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan ishlarni bajarish bo‘yicha belgilangan talablarga va akkreditatsiya mezonlariga nomuvofiqligi haqidagi asoslangan ma’lumotlarning hujjat bilan tasdiqlangan faktlari kelib tushgan holatlarda rejadan tashqari inspeksiya nazorati o‘tkaziladi.
48. Inspeksiya nazorati natijalaridan qat’i nazar, rejali inspeksiya nazoratini o‘tkazish uchun to‘lov belgilangan tartibda ekspert tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
49. Inspeksiya nazoratini o‘tkazish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:
a) ekspert tashkilotini joyiga borib baholash va baholash natijalari bo‘yicha dalolatnomani rasmiylashtirish;
b) joyiga borib baholash natijalari asosida qaror qabul qilish.
50. Inspeksiya nazoratini o‘tkazish uchun ekspert tashkilotini joyiga borib baholash va baholash natijalari bo‘yicha dalolatnomani rasmiylashtirish mazkur Qoidalarning 18—30-bandlari talablariga muvofiq o‘tkaziladi.
51. Vakolatli organ joyiga borib baholash natijalari va bildirilgan alohida fikrlarni (mavjud bo‘lganda) tahlil qiladi hamda Akkreditatsiya komissiyasi qarori loyihasini tayyorlaydi.
52. Akkreditatsiya komissiyasi joyiga borib baholash bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh ish kuni muddatida natijalarni ko‘rib chiqadi va quyidagi qarorlarni qabul qilishi mumkin:
a) akkreditatsiya attestatini tasdiqlash haqida;
b) akkreditatsiya sohasini qisqartirish haqida;
v) akkreditatsiya attestatining amal qilishini o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish haqida;
g) akkreditatsiya attestatining amal qilishini to‘xtatib qo‘yish, tugatish yoki akkreditatsiya attestatini bekor qilish uchun sudga murojaat qilish haqida.
53. Vakolatli organ Akkreditatsiya komissiyasi qarori qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni muddatida ekspert tashkilotini qaror bilan tanishtiradi.
54. Inspeksiya nazoratini o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, Akkreditatsiya komissiyasining akkreditatsiya attestatini tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilinadi.
55. Inspeksiya nazoratini o‘tkazish natijasida ekspert tashkiloti muayyan akkreditatsiya sohasida akkreditatsiya mezonlarini muntazam ravishda buzganligi fakti aniqlanganda, Akkreditatsiya komissiyasining akkreditatsiya sohasini qisqartirish haqidagi qarori qabul qilinadi.
56. Inspeksiya nazoratini o‘tkazish natijasida ekspert tashkiloti faoliyatida favqulodda vaziyatlar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklar aniqlanganda, Akkreditatsiya komissiyasining akkreditatsiya attestatining amal qilishini o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish haqidagi qarori qabul qilinadi.
Ekspert tashkiloti aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etadi hamda nomuvofiqliklarni bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni vakolatli organga taqdim etadi.
Qayta baholash o‘tkazilganda baholash komissiyasi a’zolari nomuvofiqliklarni bartaraf etish va ko‘rsatilgan tavsiyalarni bajarish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarning yetarliligini baholaydi hamda baholash natijalari bo‘yicha xulosani rasmiylashtiradi. Zarurat bo‘lganda vakolatli organning ko‘rsatmasiga asosan takroriy joyiga borib baholash o‘tkazilishi mumkin.
Nomuvofiqliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa yoki qayta baholash o‘tkazilganda nomuvofiqliklar aniqlansa, Akkreditatsiya komissiyasi akkreditatsiya attestatining amal qilishini o‘n ish kunidan ortiq muddatga to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish uchun sudga murojaat qilish haqida qaror qabul qiladi.
57. Ekspert tashkiloti o‘zining akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilmagan sanoat tarmoqlari va ekspertiza obyektlarida faoliyat olib borish hollari aniqlanganda, Akkreditatsiya komissiyasining akkreditatsiya attestatining amal qilishini tugatish uchun sudga murojaat qilish haqidagi qarori qabul qilinadi.
58. Ekspert tashkiloti akkreditatsiya attestatini soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda, Akkreditatsiya komissiyasining akkreditatsiya attestatini bekor qilish uchun sudga murojaat qilish haqidagi qarori qabul qilinadi.