sifat bo‘yicha qo‘llanma — ekspert tashkilotining sifatni boshqarish tizimini ta’riflovchi va sifat sohasidagi siyosatini bayon qiluvchi hujjat;
sifatni boshqarish tizimi — sifat standartlariga muvofiq, sifat bo‘yicha ma’muriy boshqarish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy tuzilma, hujjatlar, jarayonlar va zaxiralar majmui;
ekspert tashkiloti — ekspertizani amalga oshiradigan, mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan tashkilot;
ekspert tashkilotlari faoliyatiga qo‘yiladigan talablar (keyingi o‘rinlarda akkreditatsiya mezonlari deb yuritiladi) — akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti vakolatiga ega bo‘lishi uchun bajarilishi kerak bo‘lgan talablar;
ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish bo‘yicha vakolatli organ (keyingi o‘rinlarda vakolatli organ deb yuritiladi) — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining akkreditatsiya va inspeksion nazorat bo‘limi;
ekspertiza obyektlari — xavfli ishlab chiqarish obyektidagi loyiha hujjatlari, texnika qurilmalari, binolar va inshootlar, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlar;
ekspertiza xulosasi — ekspertiza obyektining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi (muvofiq emasligi) to‘g‘risida asosli xulosalarni yoki xavfli ishlab chiqarish obyektlarining identifikatsiyalash natijalarini o‘z ichiga olgan hujjat.
2. Ekspertiza akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti tomonidan akkreditatsiya sohasiga muvofiq akkreditatsiya attestati asosida amalga oshiriladi. Akkreditatsiya attestatiga ega bo‘lmagan tashkilot ekspertizani amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmaydi.
3. Ekspert tashkilotini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish vakolatli organ tomonidan mazkur Qoidalar, qonunchilik hujjatlari va normativ texnik hujjatlar talablariga muvofiq o‘tkaziladi.
II. Ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish 4. Akkreditatsiya qilish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:
a) buyurtmachidan akkreditatsiya qilish uchun arizani qabul qilish, taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash va arizani ijro etish haqida qaror qabul qilish;
b) taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilish va tahlil natijalari asosida xulosa rasmiylashtirish;
v) buyurtmachini joyiga borib baholash va baholash natijalari bo‘yicha dalolatnomani rasmiylashtirish;
g) bajarilgan ishlar natijalari asosida qaror qabul qilish;
d) akkreditatsiya attestatini rasmiylashtirish, ro‘yxatga olish va buyurtmachiga topshirish.
Akkreditatsiya qilishning keyingi har bir bosqichi avvalgi bosqichlarda ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda amalga oshiriladi.
5. Akkreditatsiyadan o‘tish uchun buyurtmachi mazkur Qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtirilgan arizani vakolatli organga topshiradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
b) buyurtmachi faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan akkreditatsiya sohasi (akkreditatsiya sohalari ro‘yxati mazkur Qoidalarning 1a-ilovasida keltirilgan);
v) ekspert tashkiloti nizomi;
g) buyurtmachining akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligini tavsiflovchi deklaratsiya (akkreditatsiya mezonlari mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan);
d) buyurtmachi tomonidan akkreditatsiya qilish uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
e) akkreditatsiya sohasidagi ishlarni bajaradigan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
j) akkreditatsiya sohasidagi ishlarni bajarish uchun mavjud sharoitlar, jihozlar, dasturlar va asbob-uskunalar haqidagi ma’lumotlar;
z) mavjud bino va inshootlar, jihozlar, asbob-uskunalar buyurtmachiga mulk huquqi yoki boshqa qonuniy asosda taalluqliligini tasdiqlovchi hujjatlar yoki ularning buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
i) buyurtmachining sifat bo‘yicha qo‘llanmasi;
k) buyurtmachining sifatni boshqarish tizimi hujjatlari.
6. Noto‘g‘ri to‘ldirilgan yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan ariza ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi.
Arizada va hujjatlarda bayon etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun buyurtmachi javobgar bo‘ladi.
7. Akkreditatsiya natijalaridan qat’i nazar, akkreditatsiya qilish uchun to‘lov belgilangan tartibda buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
8. Vakolatli organ topshirilgan arizalarni tikilgan, betlar soni ko‘rsatilgan, vakolatli organ muhri bilan muhrlangan daftar (jurnal)larda ro‘yxatga oladi.
9. Vakolatli organ ariza topshirilgan kundan boshlab o‘n ish kuni muddatida taqdim etilgan hujjatlarning dastlabki baholashni amalga oshiradi hamda dastlabki baholash natijalari ijobiy bo‘lganda, vakolatli organ arizani ijro etish haqida qaror qabul qiladi.
10. Dastlabki baholashda taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqliligi hamda bu hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlarning yetarliligi o‘rganiladi va natijalari bo‘yicha tegishli ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
11. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash natijalari salbiy bo‘lganda, vakolatli organ asoslangan sabablarni ko‘rsatgan holda buyurtmachiga yozma ravishda uning arizasi rad etilganligi haqida ma’lum qiladi.
12. Buyurtmachi vakolatli organ ko‘rsatgan kamchiliklarni bartaraf etib, ariza va hujjatlarni qayta topshirishi mumkin.
13. Arizani ijro etish haqida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida vakolatli organ taqdim etilgan hujjatlar tahlili o‘tkazilishini ta’minlaydi.
14. Taqdim etilgan hujjatlar tahlili Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlari va (yoki) vakolatli organ topshirig‘iga binoan ekspertlar tomonidan, taqdim etilgan hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlar asosida buyurtmachining akkreditatsiya mezonlariga qay darajada muvofiqligini baholash maqsadida amalga oshiriladi. Tahlil natijalari xulosa tarzida rasmiylashtiriladi.
15. Taqdim etilgan hujjatlar tahlili natijasi salbiy bo‘lganda, xulosa rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh ish kuni muddatida vakolatli organ akkreditatsiya mezonlariga nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda buyurtmachiga yozma ravishda akkreditatsiya qilish bo‘yicha rad javobi berilganligi haqida ma’lum qiladi.
16. Buyurtmachi kamchiliklarni bartaraf etib, olti oygacha bo‘lgan muddatda hujjatlarni qayta tahlil qilish uchun taqdim etishi mumkin.
17. Buyurtmachi tomonidan akkreditatsiya qilish bo‘yicha rad javob berilishiga sabab bo‘lgan kamchiliklar bartaraf qilingan taqdirda, hujjatlarning qayta tahlili o‘n ish kuni ichida amalga oshiriladi.
18. Taqdim etilgan hujjatlarning tahlili natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda joyiga borib baholash komissiyasi (keyingi o‘rinlarda baholash komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi va joyiga borib baholashni o‘tkazish muddatlari aniqlanib, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Baholash komissiyasi tarkibi a’zolari soni yetti kishidan, joyiga borib baholash davomiyligi esa bir oydan oshmasligi kerak.
19. Joyiga borib baholashning bevosita o‘tkazilishi, baholash komissiyasi a’zolari o‘rtasida vazifalarning taqsimlanishi va baholash natijalarining rasmiylashtirilishi uchun javobgarlik baholash komissiyasi raisi zimmasiga yuklanadi. Baholash komissiyasi raisi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi tomonidan tayinlanadi.
20. Baholash komissiyasi tarkibiga boshqa manfaatdor idora (tashkilot)larning mutaxassislari kiritilishi mumkin. Baholash komissiyasi a’zolari buyurtmachiga aloqador bo‘lmasliklari hamda ular baholash komissiyasi raisi rahbarligida ish olib borishlari kerak.
21. Baholashda ishtirok etuvchi mutaxassislar olingan ma’lumotlar va natijalarni sir saqlashlari hamda buyurtmachi haqidagi ma’lumotlarni ularning yozma roziligisiz oshkor etmasliklari lozim (qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno). Baholash jarayonida ishtirok etadigan har bir mutaxassis mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga keltirilgan shaklda rasmiylashtiriladigan majburiyat varaqasini imzolaydi.
22. Joyiga borib baholash baholash komissiyasi raisi tomonidan ishlab chiqilgan va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi tomonidan tasdiqlangan joyiga borib baholash dasturiga muvofiq olib boriladi.
Joyiga borib baholash dasturida buyurtmachining nomi, bajariladigan tadbirlar va ularni bajarishga mas’ul bo‘lgan baholash komissiyasi a’zolari ko‘rsatiladi.
23. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining buyrug‘i va joyiga borib baholash dasturi baholash boshlanishidan kamida uch ish kuni oldin buyurtmachiga yuboriladi va baholash komissiyasi a’zolariga tanishtiriladi.
24. Baholash komissiyasi o‘z ishini buyurtmachi vakillari ishtirokida dastlabki majlis o‘tkazishdan boshlaydi. Majlisda baholash komissiyasi raisi buyurtmachi vakillari bilan joyiga borib baholash dasturi asosida baholashni olib borish tartibi haqida kelishib oladi.
25. Buyurtmachi baholash komissiyasi a’zolariga o‘z faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlardan to‘siqsiz foydalanish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
26. Baholash komissiyasi a’zolari joyiga borib baholashning dasturiga muvofiq buyurtmachi faoliyatining asosiy turlari amalga oshiriladigan barcha bo‘linmalarining akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligini, buyurtmachining amaldagi holatini taqdim etilgan hujjatlar bilan muvofiqligini, uning ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish imkoniga ega ekanligini baholaydi.
Agar buyurtmachi boshqa hududda ham bo‘linmalarga ega bo‘lsa, bu bo‘linmalar ham joyiga borib baholanishi kerak.
27. Joyiga borib baholash jarayonida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda mazkur Qoidalarning 4-ilovasida keltirilgan shaklda nomuvofiqlik bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
28. Joyiga borib baholash natijalari bo‘yicha mazkur Qoidalarning 5-ilovasida keltirilgan shaklda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Rasmiylashtirilgan nomuvofiqlik bayonnomalari dalolatnomaga ilova qilinadi.
29. Dalolatnoma baholash komissiyasi a’zolari va buyurtmachining mas’ul rahbari tomonidan imzolanadi. Agar baholash komissiyasi a’zolari yoki buyurtmachi vakillari alohida fikrlarga ega bo‘lsa, ular dalolatnomaga ilova qilinishi kerak.
Buyurtmachining mas’ul rahbari dalolatnomaga imzo chekishdan bosh tortsa, baholash komissiyasi raisi bu haqida dalolatnomaga tegishli yozuv kiritadi.
30. Dalolatnoma ikki nusxada tuziladi: bir nusxasi vakolatli organga taqdim etish uchun komissiya raisida qoladi, ikkinchi nusxasi buyurtmachiga beriladi.
31. Vakolatli organ taqdim etilgan hujjatlar tahlili natijalarini, joyiga borib baholash natijalarini va bildirilgan alohida fikrlarni (mavjud bo‘lganda) tahlil qiladi hamda umumlashtirgan holda Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
32. Akkreditatsiya komissiyasi joyiga borib baholash bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab o‘n besh ish kuni muddatida akkreditatsiya qilish yuzasidan bajarilgan ishlar natijalarini ko‘rib chiqadi va akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya qilish jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish haqida qaror qabul qiladi.
33. Akkreditatsiya komissiyasi qarori komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng bo‘lganda Akkreditatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi bo‘ladi. Akkreditatsiya komissiyasi qarori Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi blankida rasmiylashtiriladi hamda komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Akkreditatsiya komissiyasi nizomi, tarkibi va ishlash tartibi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
34. Akkreditatsiya qilish jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish haqida qaror qabul qilingan holatda vakolatli organ qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni muddatida buyurtmachini Akkreditatsiya komissiyasi qarori bilan tanishtiradi.
35. Buyurtmachi aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etib, Akkreditatsiya komissiyasi qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda nomuvofiqliklar bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni vakolatli organga taqdim etishi mumkin.
36. Qayta baholash o‘tkazilganda baholash komissiyasi a’zolari nomuvofiqlarni bartaraf etish va ko‘rsatilgan tavsiyalarni bajarish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarning yetarliligini baholaydi hamda baholash natijalari bo‘yicha xulosani rasmiylashtiradi. Zarurat bo‘lganda vakolatli organning ko‘rsatmasiga asosan takroriy joyiga borib baholash o‘tkazilishi mumkin.
37. Nomuvofiqliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmasa yoki qayta baholash o‘tkazilganda nomuvofiqliklar aniqlansa, Akkreditatsiya komissiyasi akkreditatsiya qilish yuzasidan rad javob berish haqida qaror qabul qiladi.
38. Akkreditatsiya komissiyasi akkreditatsiya qilish yuzasidan rad javob berish haqida qaror qabul qilgan taqdirda, buyurtmachi qaror qabul qilingandan keyin olti oy muddat o‘tgach takroran ariza berishi mumkin.
39. Akkreditatsiya komissiyasi akkreditatsiya qilish haqida qaror qabul qilganda vakolatli organ qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘n ish kuni muddatida buyurtmachiga mazkur Qoidalarning 6-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtirilgan akkreditatsiya attestatini topshiradi. Akkreditatsiya attestati qat’iy hisobda turadigan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi hamda akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari reyestri (akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari haqidagi zarur ma’lumotlar bazasi)da ro‘yxatga olinadi.
40. Akkreditatsiya attestati besh yil muddatga beriladi.
41. Akkreditatsiya attestatiga mazkur Qoidalarning 7-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtiriladigan akkreditatsiya sohasi ilova qilinadi.
42. Buyurtmachiga akkreditatsiya attestatining va akkreditatsiya sohasining asl nusxalari beriladi, vakolatli organda esa mazkur hujjatlarning nusxalari saqlanadi.