IV. Ekspert tashkilotlarini qayta akkreditatsiya qilish 59. Akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti akkreditatsiya attestatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin qayta akkreditatsiyadan o‘tish uchun vakolatli organga ariza topshirishi mumkin.
60. Akkreditatsiya attestatining amal qilishi tugatilganda yoki akkreditatsiya attestati bekor qilinganda ekspert tashkiloti qayta akkreditatsiyadan o‘tish uchun vakolatli organga ariza topshirishi mumkin.
61. Ekspert tashkilotlarini qayta akkreditatsiya qilish mazkur Qoidalarning II-bobi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
V. Akkreditatsiya attestatiga o‘zgartirishlar kiritish, qayta rasmiylashtirish va akkreditatsiya attestatining dublikatini berish 62. Ekspert tashkilotining akkreditatsiya attestatiga akkreditatsiya sohasi kengaytirilganda yoki qisqartirilganda o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ekspert tashkilotining akkreditatsiya sohasini kengaytirish va qisqartirish mazkur Qoidalarning VI va VII-boblari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
63. Akkreditatsiya attestati quyidagi hollarda qayta rasmiylashtiriladi:
a) akkreditatsiya attestatini rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar aniqlanganda;
b) akkreditatsiya attestatida ko‘rsatilgan ekspert tashkiloti haqidagi ma’lumotlar (tashkiliy-huquqiy shakli, nomlanishi, yuridik manzili va h.k.) o‘zgarganda.
Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda ekspert tashkiloti vakolatli organga tegishli xat topshiradi. Xatga asoslovchi hujjatlar ilova qilinadi. Vakolatli organ tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi va xat kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni muddatida yangi akkreditatsiya attestatini rasmiylashtiradi.
64. Akkreditatsiya attestati yaroqsiz holga kelganda yoki yo‘qolganda uning dublikati beriladi.
Akkreditatsiya attestati yo‘qolganda ekspert tashkiloti vakolatli organga tegishli xat topshiradi. Xatga ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan, yo‘qolgan akkreditatsiya attestatining haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi xabar ilova qilinadi. Vakolatli organ tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi va xat kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni muddatida yangi akkreditatsiya attestatini rasmiylashtiradi.
65. Yangi akkreditatsiya attestati rasmiylashtirilganga qadar ekspert tashkiloti ilgari berilgan akkreditatsiya attestati asosida faoliyat yuritadi.
66. Ekspert tashkiloti yangi akkreditatsiya attestati (yoki akkreditatsiya sohasi)ni olganda yoki yo‘qolgan akkreditatsiya attestati topilganda, ilgari berilgan akkreditatsiya attestati (yoki akkreditatsiya sohasi)ni vakolatli organga qaytarishi shart.