Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari
sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan
2015 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida
ma’lumot
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining qarori bilan tasdiqlangan tekshirishlar reja-jadvaliga muvofiq Inspeksiya tomonidan 2015 yil davomida 21 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati rejali tekshirildi.
O‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘rnatilgan tartibda 21 ta ko‘rsatmalar berilgan.
2015 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining tegishli moddalariga asosan 98 nafar shaxsga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilib, 46 353 880 so‘m miqdorida jarima undirildi.
2015 yil davomida aloqa sohasidagi korxonalar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati buzilganligi uchun 116 622679 so‘m miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 apreldagi 102- son qaroriga muvofiq Vazirlikning buyruqlari bilan tasdiqlangan reja-jadvallarga asosan 2015 yil davomida 21 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida AKTning joriy etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha ikki tomonlama ma’lumotnomalar tuzilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xulosa va takliflar o‘rnatilgan tartibda davlat organlariga va Vazirlikka taqdim etildi.
2015 yil davomida Inspeksiya tomonidan 146 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari monitoringi o‘tkazilib, davlat organlari tomonidan interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishida interaktiv davlat xizmatlari ish faoliyatida emasligi holatlari aniqlandi va ma’lumotlar tegishli choralar ko‘rish uchun Vazirlikka taqdim etib borildi.
Vakolatli organlar bilan hamkorlikda Respublika bo‘yicha Internet-kafe xizmatlarini ko‘rsatuvchi sub’ektlar faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlarda 2 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt maxsus ruxsatnomalarsiz «Internet» xizmatlari ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Ushbu xo‘jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan tegishli vakolatli organlar tomonidan qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilgan.
Inspeksiya hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan 2015 yil chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, radioelektron va yuqori chastotali qurilmalarni noqonuniy ishlatilishini oldini olish maqsadida 222ta qo‘shma tadbirlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 35 nafar shaxsda 141 ta radioelektron vositalar noqonuniy ishlatilayotganligi aniqlandi va ularning barchasiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
2015 yil davomida jami 1984 ta qurilishi tugallangan aloqa ob’ektlarini qabul qilish komissiyasi tarkibida Inspeksiya vakillari ishtirok etdi va ob’ektlarni qabul qilish bo‘yicha xulosa va takliflar berildi.
Soha korxonalari va Inspeksiya o‘rtasida 2015 yilda hamkorlikda o‘rganishlar o‘tkazish yuzasidan imzolangan kelishuvlarga asosan:
- “O‘zbektelekom” AKning 1 ta filiali, “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya Transport Tarmog‘i” filialining 2 ta bog‘lamasi va “O‘zbektelekom” AK filiallarining 43 ta tuman telekommunikatsiya bog‘lamalarida;
- “Matbuot tarqatuvchi” AKning 3 ta viloyat matbuot tarqatuvchi sho‘ba korxonasi, 42 ta tuman bo‘linmalari va ularga qarashli 377 ta kioskalarida;
- “Matbuot tarqatuvchi” MChJlarning 12 ta tuman bo‘linmalari va ularga qarashli 124 ta kioskalarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, bajarilishi nazoratga olindi.
Pochta aloqasining universal xizmatlari sifatini nazorat qilish maqsadida pochta aloqasi ob’ektlari va pochta qutilari orqali jami 3136 ta nazorat xatlari, jumladan viloyatlar ichida jami 1680 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘rtasida jami 1456 ta nazorat xatlari jo‘natilib monitoring ishlari olib borildi.
2015 yil davomida “O‘zbekiston pochtasi” AJ va uning 14 ta filiallari, 185 ta pochta aloqasi tarmoqlari, 3 ta ishlab chiqarish uchastkalarida va 2984 ta aloqa bo‘limlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarining bajarilishi yuzasidan har chorakda monitoring olib borildi.
Monitoringlar natijalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun “O‘zbekiston pochtasi” AJga taqdim etib borildi.
Inspeksiyaga 2015 yil davomida kelib tushgan jami 1055 ta murojaatlar ko‘rib chiqilgan, shulardan 287 tasi korxona aybi bilan kelib chiqqanligi aniqlandi. Asosli murojaatlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘yganligi uchun 7 nafar mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 153-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida 2015 yil davomida bevosita joylarga chiqilib 1834 ta sub’ektlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi, 452 ta seminarlar tashkil etildi va ushbu seminarlarda 5335 nafar tadbirkor va korxonalar xodimlari ishtirok etdi. 360 ta “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, tadbirda ishtirok etgan 2134 nafar tadbirkor va fuqarolarning 623 ta muammoli masalalari ko‘rib chiqildi va ijobiy javoblar berildi. Ommaviy-axborot vositalarida 752 ta chiqishlar tashkil etildi.
“Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining kadrlar malakalarini oshirish, o‘qitish va qayta o‘qitish 2015 yil rejasi”ga asosan 2015 yil davomida Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining 171 nafar xodimlari turli o‘quv kurslari va seminarlarda qatnashib, 397 marta malaka oshirdilar.
Inspeksiyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida ish jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida 4 ta axborot tizimlari ishlab chiqilib joriy etildi va hozirgi kunda ishlatilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |