2. Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi
Qat’iy belgilangan paritet tizimiga о‘tilgunga qadar, ya’ni oltin va oltindeviz standarti sharoitida barcha global xarakterga ega bо‘lgan moliyaviy muammolar xalqaro konferensiyalarda hal qilinar edi. Boshqacha aytganda, jahon moliya tizimining rivojlanishi ustidan doimiy monitoring olib boruvchi, uning amal qilish tamoyillarini ishlab chiquvchi va mamlakatlarga iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun moliyaviy kо‘mak beruvchi organlar mavjud emas edi. 1944 yilda AQShdagi Bretton Vuds konferensiyasida Xalqaro valyuta fondi (XVF) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining (XTTB) tashkil etilishi xalqaro moliya va valyuta tizimining rivojlanishida muhim qadam bо‘ldi.
“Jahon banki” atamasi tarkiban Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (International Bank for Reconstruction and Development) va Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasini (International Development Association) qamrab oladi. “Jahon banki guruhi” atamasi esa, 5 ta tashkilotni, xususan, XTTB, XRA, Xalqaro moliya korporatsiyasi (International Financial Corporation), Investitsiyalarni kafolatlash bо‘yicha kо‘p tomonlama agentlik (Multilateral Investment Guarantee Agency), Xalqaro investitsion bahslarni tartibga solish markazini (International Center for Settlement of Investment Disputes) о‘z ichiga oladi.
XTTBga a’zo bо‘ladigan davlatlarning bir vaqtda XVFga a’zo bо‘lishi talab etiladi. XTTBga a’zolik esa, о‘z navbatida, Jahon banki guruhining boshqa tashkilotlariga a’zo bо‘lish uchun dastlabki shart-sharoitlardan hisoblanadi.
XTTBning Kelishuvlar moddasining 1-moddasiga muvofiq uning maqsadlari sirasiga quyidagilar kiradi:
- a’zo davlatlarning milliy iqtisojiyotni tiklash va rivojlantirishga kо‘maklashish;
- kafolatlar berish, xususiy va boshqa investorlarning investitsiyalari va ssudalarida ishtirok etish orqali xususiy va xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish;
- jahon savdosining muvozanatli о‘sishini va a’zo davlatlar tо‘lov balansining muvozanatliligini qо‘llab-quvvatlash.
XTTBning faoliyati о‘rta daromadli va kreditga layoqatli rivojlanayotgan davlatlarda ssudalar, kafolatlar, riskni boshqarish mahsulotlari, maslahat xizmatlari orqali qashshoqlikni qisqartirishga qaratilgan. 2008 yil 1 yanvarь holatiga unga a’zo mamlakatlar soni 185 tani tashkil etgan.
XTTBning asosiy mablag‘lari hozirgi kunda о‘rta va uzoq muddatli qarz majburiyatlarini emissiya qilish orqali xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalar hisobidan shakllanadi. XTTB qimmatli qog‘ozlari yuqori kredit reytingiga (AAA) ega bо‘lib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlariga joylashtiriladi. XTTBning kreditlari qarz oluvchi davlat milliy valyutasida emas, balki devizlarda, ya’ni xalqaro darajada tо‘lov vositasi sifatida tan olingan valyutalarda ajratiladi.
XRA 1960 yilda tashkil topgan bо‘lib, dunyoning sust rivojlangan, qashshoq davlatlariga moliyaviy kо‘mak beradi.
XRA kelishuvlar moddasining 1 - moddasiga muvofiq, uning maqsadi iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, samaradorlikni oshirish va shuning asosida, sust rivojlangan a’zo mamlakatlarda aholi turmush tarzini oshirish, shuningdek, ana’naviy kreditlarga nisbatan og‘ir bо‘lmagan qulay shartlarda moliyaviy kо‘mak berish hisoblanadi.
XRA foizsiz kreditlar va iqtisodiy о‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan grantlar ajratish orqali qashshoqlikni qisqartirish, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish va aholi turmush tarzini oshirishni kо‘zda tutadi. XRA moliyaviy yordamlaridan aholi jon boshiga YAIM kо‘rsatkichi 1025 AQSH dollaridan (2007 moliyaviy yil uchun) kam bо‘lgan davlatlar foydalanishi mumkin. Hozirgi kunda 82 ta mamlakat XRA xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.
XRA kreditlarining qaytarish muddatlari 20, 35 va 40 yilni tashkil etadi, shundan dastlabki 10 yili imtiyozli davr hisoblanadi va bu davrda asosiy qarz bо‘yicha tо‘lovlar amalga oshirilmaydi. Ta’kidlash lozimki, XRA kreditlariga foiz tо‘lanmaydi, biroq xizmat kо‘rsatish uchun kam miqdordagi (hozirda ajratilgan kredit summaning 0,75 foizi) xarajatlar qarz oluvchi tomonidan qoplanadi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) 1956 yilda tashkil etilgan bо‘lib, uning bosh maqsadi rivojlanayotgan davlatlarda xususiy sektor investitsiyalarini qо‘llab - quvvatlash orqali iqtisodiy о‘sishni rag‘batlantirish hisoblanadi.
XMK hukumat kafolatini talab qilmagani bois, benefitsiarlarining kreditga layoqatliligini sinchkovlik bilan tahlil qiladi. SHuningdek, XMK kreditlarining moliyaviy shartlari, XTTB va XRA bilan taqqoslaganda, sezilarli darajada og‘ir hisoblanadi. XMK kreditlarining katta qismi 7-12 yil muddatga qat’iy va suzuvchi stavkalarda turli valyutalarda ajratiladi.
Investitsiyalarni kafolatlash bо‘yicha kо‘p tomonlama agentlik (MIGA) 1988 yilda tashkil etilgan bо‘lib, Jahon banki guruhining eng yosh a’zosi hisoblanadi. Bu tashkilotning bosh maqsadi - notijorat (siyosiy) risklarga qarshi kafolat berish orqali rivojlanayotgan davlatlardagi tо‘g‘ridan - tо‘g‘ri investitsiyalarga kо‘maklashishdir. Bundan tashqari, u rivojlanayotgan davlatlar hukumatlariga xorijiy investitsiyalarga kо‘maklashish dasturlarini ishlab chiqish bо‘yicha maslahatlar beradi.
Xalqaro investitsion bahslarni tartibga solish markazi esa, davlatlar va xususiy investorlar о‘rtasidagi о‘zaro ishonchni mustahkamlash orqali investitsiya sohasidagi bahslarni hal qiladi va muvofiqlashtiradi.
XVFning bosh maqsadi xalqaro valyuta tizimi, ya’ni mamlakatlar о‘rtasida tovar va xizmatlarning erkin ayirboshlanishiga xizmat qiladigan valyuta kurslari va xalqaro tо‘lovlar tizimi barqarorligini ta’minlash hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |