3. Valyuta kursi va valyuta bozorlari Valyuta ayirboshlash kursi mamlakat iqtisodiyotini boshqa mamlakatlar bilan bog‘lovchi asosiy omillardan biridir.
Bir valyutaning boshqa valyuta birligidagi bahosi valyuta kursi deb ataladi. U mamlakat iqtisodiyotiga, hatto aholining turmush tarziga ham ta’sir kо‘rsatadi. Buning sababi shundaki, birinchidan, valyuta kursining о‘zgarishi mamlakat eksport tovarlarining raqobatbardoshlik darajasiga ta’sir qiladi, ikkinchidan, milliy valyuta almashuv kursining pasayishi import tovarlari va xizmatlarining milliy valyutadagi bahosining oshishiga olib keladi va shuning asosida aholi xarid quvvatiga nisbatan salbiy ta’sirni yuzaga keltiradi.
Valyuta kursi inflyatsiyani hisobga olishiga kо‘ra nominal va real almashuv kurslariga bо‘linadi.
Nominal ayirboshlash kursi-bu ikki mamlakat valyutasining nisbiy bahosidir.
Real ayirboshlash kursi - bu ikkita mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarning nisbiy bahosi. Real ayirboshlash kursi nominal kurs va tovarlarning milliy valyutadagi narxiga bog‘liq bо‘lib quyidagi formula bо‘yicha hisoblanadi:
R = e x P / P* Bunda, e - nominal ayirboshlash kursi, P - bitta mamlakatdagi baholar darajasi, P* - esa boshqa mamlakatdagi baholar darajasini ifodalaydi. Bunda
e = R x P* / P Ma’lumki, milliy valyuta kursining 3 asosiy rejimi mavjud:
1. Erkin suzish rejimi.
2. Qat’iy belgilangan kurs rejimi.
3. Boshqariladigan suzish rejimi.
Agar milliy valyutaning kursi erkin tarzda valyuta bozorida talab va taklif asosida shakllansa, bu erkin suzib yuruvchi kurs rejimini anglatadi. Bunda mamlakat Markaziy banki milliy valyuta kursining ma’lum holati uchun javob bermaydi. Bu kurs rejimi erkin ayirboshlanadigan barcha zaxira valyutalariga tegishli. SHunday mamlakatlar borki, ularda joriy operatsiyalar bо‘yicha valyutaviy cheklovlar bekor qilingan, ammo boshqariladigan suzish rejimi qо‘llaniladi.
Bunday davlatlarga misol qilib Meksika, Quvayt, BAA kabi davlatlarni kо‘rsatish mumkin. Lekin bu holat valyutalarning almashinish sharti bilan rejimi о‘rtasidagi aloqadorlikni inkor etish uchun etarli emas.
Qat’iy belgilangan kurs rejimida mamlakatning milliy valyuta kursi xorijiy valyutaga nisbatan ma’lum nisbatda о‘rnatiladi va Markaziy bank kursning belgilangan nisbati uchun javob beradi. Ammo qat’iy belgilangan valyuta kurslari valyuta operatsiyalarini keng kо‘lamda rivojlanishiga tо‘sqinlik qiladi, lekin uning iqtisodiyotga ijobiy jihatlari ham bor. Ana shunday ijobiy jihatlaridan biri shundaki, qat’iy belgilangan kurs rejimida valyuta riski muammosi chuqurlashmaydi.
70 - yilning о‘rtalaridan boshlab markaziy banklarning kurs siyosatida о‘zgarishlar paydo bо‘ldi. Rasman erkin suzish rejimini tan olgan markaziy banklar (Avstriya, Italiya markaziy banklari va boshqalar) valyuta kursiga ta’sir qilish uchun valyuta intervensiyasini tez-tez amalga oshira boshladilar. Bu holat XVF ekspertlari tomonidan “boshqariladigan suzish” degan nomni oldi.
Valyuta bozori-bu xorijiy valyutaga nisbatan talab va taklif tо‘qnash keladigan bozordir. Valyuta bozori pul bozorining tarkibiy qismi hisoblanadi. Pul bozori esa, о‘z navbatida, kapitallar bozori bilan birgalikda moliya bozorini tashkil etadi. Valyuta bozori, shuningdek, tashkiliy va tashkiliy-texnik nuqtai-nazardan ham qaralishi mumkin. Tashkiliy nuqtai-nazardan valyuta bozori talab va taklif asosida valyuta va valyutaviy qiymatliklarni sotib olish va sotish bо‘yicha operatsiyalar amalga oshiriladigan rasmiy moliyaviy markazlar sifatida о‘zini namoyon qiladi. Tashkiliy - texnik nuqtai-nazardan valyuta bozori turli mamlakatlardagi banklar va birjalarni bog‘lovchi zamonaviy telekommunikatsiya vositalari majmuini anglatadi.
Valyuta bozorlarini quyidagi belgilarga muvofiq tasniflash mumkin: 1) yoyilish kо‘lamiga qarab: xalqaro va milliy valyuta bozorlari;
2) valyutaviy cheklovlarga nisbatan: erkin va erkin bо‘lmagan valyuta bozorlari;
3) valyuta kurslari turiga kо‘ra: bir rejimli va turli rejimli valyuta bozorlari;
4) tashkiliy darajasiga kо‘ra: birja va birjadan tashqari valyuta bozori.
Xalqaro valyuta bozorlari dunyoning barcha davlatlari valyuta bozorlarini qamrab olib, pul oqimlari, tovar va xizmatlar harakatini, kapitalning qayta taqsimlanishini, xalqaro tо‘lov aylanmasida keng foydalaniladigan valyutalar bilan operatsiyalarni ta’minlaydi.
Hozirgi paytda jahon valyuta bozorlari sifatida Osiyo (markazlari-Tokio, Gongkong, Singapur, Melьburn), Evropa (markazlari-London, Frankfurt-na-Mayne, Syurix) va Amerika (markazlari-Nyu-York, Chikago, Los Anjeles) bozorlari ajratib kо‘rsatiladi.
Milliy valyuta bozori – bu, birinchidan, bir davlatning valyuta bozori, ya’ni ushbu davlat hududida amal qiladi; ikkinchidan, mazkur davlat hududida joylashgan banklar tomonidan mijozlariga xorijiy valyutada xizmat kо‘rsatish bо‘yicha amalga oshiriladigan operatsiyalar majmuidan iborat bо‘ladi.
Milliy valyuta bozorlari mamlakat ichkarisida pul oqimlarining harakatini ta’minlaydi va jahon moliya bozorlari bilan aloqalarga xizmat qiladi.
Valyutaning konvertirlanishi umuman ta’minlanmagan sharoitda milliy valyuta bozori samarali faoliyat kо‘rsata olmaydi. Konvertirlikka ega bо‘lmagan pul birligi faqatgina davlatlararo munosabatlarda shartli hisob-kitob vositasi sifatida foydalanilishi mumkin. Bunday sharoitda “qora” bozorda “xufyona” kurs, ya’ni xorijiy valyutaning rasmiy konvertirlik bо‘lmagan sharoitdagi bozor bahosi shakllanishi mumkin.
Erkin valyuta bozori hech qanday valyutaviy cheklovlarsiz amal qilgani holda, erkin bо‘lmagan valyuta bozorida valyutaviy cheklovlar mavjud bо‘ladi.
Bir rejimli valyuta bozori - bu valyuta kursining erkin suzish rejimi amal qiladigan bozor bо‘lib, undagi kotirovkalar birja savdolarida talab va taklif asosida о‘rnatiladi. Bunday valyuta bozori uzoq yillar mobaynida barqaror iqtisodiy rivojlanishning ta’minlanishi, shuningdek, valyutani tartibga solish va valyutaviy nazoratning bozor mexanizmiga xos shakllarini qо‘llanishi uchun etarlicha shart-sharoit yaratilgan davlatlarda shakllanadi.
Turli rejimli valyuta bozori-bu kо‘p pog‘onali valyuta kurslari rejimiga ega bо‘lgan bozordir. Ushbu valyuta bozori davlatning kapital harakatini tartibga solishga qaratilgan maqsadlariga xizmat qiladi va ssuda kapitali bozorining mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan ta’sirini cheklash va nazorat qilishga imkon beradi.
Birja valyuta bozori – valyuta birjalari kо‘rinishida namoyon bо‘ladigan tashkiliy bozordir. Valyuta birjasi - bu valyuta va xorijiy valyutadagi qimmatli qog‘ozlar savdolarini tashkil qiluvchi tashkilotdir. U tijorat tashkiloti emas, ya’ni uning faoliyati yuqori foyda olishga qaratilmagan. Birjadan tashqari valyuta bozori mohiyatiga kо‘ra banklararo valyuta bozori bо‘lib, uning tashkilotchilari dilerlar hisoblanadi. Birjadan tashqari valyuta bozorida quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
- xorijiy valyutalarni sotib olish va sotish operatsiyalari;
- naqd xorijiy valyutalar bilan amalga oshiriladigan valyuta-almashuv operatsiyalari;
- forvard operatsiyalari;
- valyuta opsionlari bilan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalari.
Mazkur bozorda valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish uchun vakolatli banklar о‘z resurslari va jalb qilingan valyuta mablag‘laridan foydalanishlari mumkin.
Valyuta bozorlaridagi operatsiyalarning asosi bо‘lib, tashqi savdo bо‘yicha xalqaro hisob - kitoblar, xalqaro turizm, kapitallar va kreditlarning davlatlararo harakati hamda chet el valyutasini oldi - sotdi qilish bilan bog‘liq boshqa hisob - kitob operatsiyalari hisoblanadi.
Valyuta operatsiyalari vujudga kelishi uchun ob’ektiv asos bо‘lib, tashqi savdo, kapitallar va kreditlarning harakati xizmat qiladi. Xalqaro mehnat taqsimoti yuzaga kelishi eksport-import operatsiyalarining yuzaga kelishiga asosiy sabab bо‘ladi.
Valyuta operatsiyalarining keng kо‘lamda rivojlanishi tijorat banklariga ushbu bozorda erkin harakat qilishga va ayni vaqtda ularni tartibga solishga imkoniyat tug‘diradi.
Shuni alohida ta’kidlab о‘tish joizki, milliy iqtisodiyotni faqat shu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan barcha ehtiyojlarni qondirib bо‘lmaydi. Demak, mamlakatlar о‘rtasida eksport-import operatsiyalari albatta amalga oshishi yuz beradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, valyuta bozorlarining ahamiyati milliy iqtisodiyotning jahon iqtisodiyotiga yanada integratsiyalashuviga xizmat qilishida namoyon bо‘ladi.