Byudjet defitsiti va byudjet siyosati muammolariga konseptual yondashuvlar
Hozirgi paytda iqtisod (moliya) ilmida va jahon amaliyotida byudjet defitsiti va byudjet siyosati muammolariga nisbatan bir necha konseptual yondashuvlar mavjud. Byudjet defitsitiga nisbatan byudjet siyosati ishlab chiqilayotgan paytda ularni hisobga olish yoki ularga e’tibor berish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan quyida ularning ayrimlari xususida, qisqacha to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz.
Byudjet defitsiti va unga daxldor bo‘lgan byudjet siyosatining birinchi konsepsiyasi ostida mamlakatning davlat byudjeti har yili balanslashtirilgan bo‘lishi kerak, degan g‘oya yotadi. O‘z navbatida, bu g‘oyaning amaliyotda muvaf-faqiyatli amalga oshirilishi byudjet defitsiti va u bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning barchasini tabiiyki kun tartibidan olib tashlaydi. Shu munosabat bilan ta’kidlash joizki, bun-day g‘oya o‘z-o‘zidan yoki sun’iy ravishda paydo bo‘lmagan. Chunki o‘tgan XX asrning 30-yillaridagi (1929-1932-yillar) “Buyuk depressiya”ga qadar har yili balanslashtiriladigan byudjet davlat moliyasi va moliyaviy siyosatning istagan (ko‘zda tutgan) maqsadi sifatida umume’tirof etilgan edi.
Biroq bu muammo atroflicha ko‘rib chiqilganda har yili balanslashtiriladigan byudjet antisiklik, barqarorlashtiruvchi yo‘nalishga ega bo‘lgan davlat fiskal siyosatining samaradorligini asosan yo‘qqa chiqarishi yoki uning bu darajasini keskin kamaytirishi mumkinligi ma’lum bo‘ladi. Buning ustiga har yili balanslashtiriladigan byudjet aslida iqtisodiy siklning tebranishini chuqurlashtiradi ham. Bir tasavvur qilib ko‘ring: iqtisodiyot ishsizlikning uzoq vaqt davom etishiga duch kelgan. Bunday sharoitda (vaziyatda) aholining daromadlari pasayadi, byudjetga borib tushuvchi soliq tushumlari esa, avtomatik tarzda qisqaradi. Byudjet defitsiti va unga daxldor bo‘lgan byudjet siyosati konsepsiyasining ostida mamlakatning davlat byudjeti har yili balanslashtirilgan bo‘lishi kerak, degan g‘oya yotgan hukumat byudjetni tezda balanslashtirishga harakat qilib, yo mavjud soliqlarning stavkasini oshirishi, yo davlat xarajatlarini qisqartirish yoki bir vaqtning o‘zida ana shu ikki varintning kombinatsiyasidan foydalanishi kerak. Holbuki, bunday choralarning qo‘llanishi oxir-oqibatda jami talabning yanada ko‘proq qisqarishiga olib keladi.
Davlat byudjetini har yili balanslashtirishga urinish pirovardida inflyatsiyani ham rag‘batlantirishi mumkin. Chunki inflyatsiya sharoitida aholining pul daromadlarini oshirish avtomatik tarzda soliq tushumlarini oshiradi. Buning natijasida byudjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasida musbat farq vujudga kelib, davlat byudjetini balanslashtirish uchun hukumat yana quyidagi choralarni qo‘llashi lozim: yo amaldagi soliqlarning stavkasini pasaytirish, yo davlat xarajatlarining hajmini oshirish yoki ana shu ikki choraning kombinatsiyasidan foydalanish kerak. Bunday sharoitda byudjetni balanslashtirish maqsadida yuqoridagi choralarning qo‘llanilishi iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimni kuchaytiradi.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqadigan asosiy xulosa quyidagidan iborat: har yili balanslashtiriladigan byudjet iqtisodiy jihatdan xolis hisoblanmaydi. Ana shu va boshqa muammolarning mavjudligiga qaramasdan dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida byudjetni har yili balanslashtirilgan bo‘lishini ko‘zda tutuvchi konstitutsion tuzatmani qabul qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchilar mavjud.
Byudjet defitsiti va unga daxldor bo‘lgan byudjet siyosati ikkinchi konsepsiyasining asosiy yoki tub mazmunini mamlakatning davlat byudjeti har yili emas, balki iqtisodiy sikl davomida balanslashtirilishi kerak, degan g‘oya tash-kil qiladi. Bu konsepsiyaga ko‘ra mamlakat hukumati bir tomondan, iqtisodiy jarayonlarga antisiklik ta’sirni amalga oshirsa, ikkinchi tomondan, bir vaqtning o‘zida mamlakat byudjetini balanslashtirishga ham intiladi. Biroq bu holda yuqorida qayd etilganidek, byudjet har yili balanslashtirilmasligi mumkin. Aksincha, bunday vaziyatda iqtisodiy sikl davomida byudjetning balanslashtirilganligiga erishishning o‘zi yetarli hisoblanadi.
Bu konsepsiya ham o‘zining mantiqiy asosiga ega. Uni oddiy, oqil va jozibador, deb hisoblash mumkin. Bularning sababi shundaki, bu konsepsiyaga binoan ishlab chiqarishning qisqarishiga qarshi turish uchun hukumat dastlab, bir tomondan soliqlarni pasaytirishi va ikkinchi tomondan, davlat xarajatlarini oshirish evaziga ongli ravishda byudjet defitsitini vujudga keltirishi kerak. Navbatdagi inflyatsion yuksalish davrida esa aksincha, hukumat soliqlarni oshirishi va davlat xarajatlarini qisqartirishi lozim. Ana shu asosda vujudga keladigan byudjetning ijobiy qoldig‘i iqtisodiy pasayish davrida vujudga kelgan davlat qarzlarini (byudjet defitsitini) qoplashga sarf qilinishi mumkin. Shunday qilib, yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bunda mamlakat hukumati ijobiy (pozitiv) antisiklik siyosatni amalga oshira borib, bir vaqtning o‘zida byudjetni ham balanslashtiradi. Faqat bunday balanslashtirish har yili emas, balki bir necha yil davom etgan davrda amalga oshiriladi.
O‘zining bir necha ijobiy tomonlariga qaramasdan bu konsepsiyada ham hisobga olinishi yoki hal etilishi kerak bo‘lgan bir necha murakkab muammolar bor. Iqtisodiy sikldagi pasayish va yuksalishning o‘z chuqurliklari va davomiyligi jihatidan bir-birlaridan farq qilishi mumkinligi ana shunday muammolardan biridir. Masalan, amaliyotda ba’zi hollarda chuqur va uzoq davom etgan pasayish yuksalishning qisqa davri bilan ham xarakterlanishi mumkin. Bunday vaziyatda iqtisodiy pasayish davrida vujudga kelgan katta miqdordagi defitsitni qisqa muddatda davom etgan yuksalish davridagi byudjetning ijobiy qoldig‘i hisobidan qoplashning iloji bo‘lmaydi va demak, bu yerda siklik xarakterdagi byudjet defitsiti mavjud bo‘lib qolaveradi.
Va nihoyat, byudjet defitsiti va unga daxldor bo‘lgan byudjet siyosati uchinchi konsepsiyasining negizida funksional moliya, degan g‘oya yotadi. Bu konsepsiyaning g‘oyasiga muvofiq byudjetni balanslashtirish to‘g‘risidagi masala – uni har yili balanslashtirish kerakmi yoki siklik asosda bal-anslashtirish zarurmi, bu prinsipial ahamiyatga ega emas, u ikkinchi darajali ahamiyatga molik bo‘lgan masala. Chunki davlat moliyasining asosiy maqsadi byudjetni emas, balki eng avvalo, noinflyatsion to‘liq bandlilikni ta’minlashdan, ya’ni iqtisodiyotni balanslashtirishdan iborat. Agar ana shu maqsadga erishish byudjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi barqaror ijobiy saldo yoki katta, o‘sib boruvchi davlat qarzlari sharoitida amalga oshirilsa, mayli – oshirilaversin. Bu konsepsiyaga muvofiq davlat byudjeti defitsiti yoki profitsiti bilan bog‘liq bo‘lgan muammo yuqori muqobil darajadagi uzoq davom etuvchi iqtisodiyotdagi pasayishlar yoki barqaror inflyatsiya bilan qiyoslaganda deyarli ahamiyatga ega emas. Chunki davlat byudjeti avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikka erishish va uni qo‘llab-quvvatlash instrumenti hisoblanadi. Ana shu maqsadga erishish uchun har qanday darajadagi byudjet defitsiti yoki profitsitiga borilishidan hukumat shubhaga tushmasligi lozim.
Byudjet defitsiti va unga daxldor bo‘lgan byudjet siyosatining ikkinchi va uchinchi konsepsiyalari byudjet defitsitiga yo‘naltirilgan va mamlakat pul xo‘jaligining salohiyatiga tayanadigan moliyaviy siyosatning asosida yotadi. Bunday siyosat quyidagilarning bo‘lishini taqozo etadi:
mamlakatning pul salohiyati doirasida moliyaviy tadbirlar aniq dasturining mavjudligi;
byudjet defitsitining rivojlanishi ustidan nazorat va uni qoplash manbalarini qidirib topish;
eng yuqori iqtisodiy samara beradigan tadbirlarga byudjet mablag‘larini ajratish.
Do'stlaringiz bilan baham: |