Rivojlantiruvchi marketing haridorlarning ko‘pchiligi mavjud mahsulotlardan qoniqmagan, lekin yashirin talab shaklidagi ehtiyoj mavjud bo‘lgan paytda bo‘lishi mumkin (masalan, zararsiz sigaretalar, tejamliroq avtomobillarga talab). Mazkur holda aniq tovar yoki xizmat shaklida mavjud bo‘lmagan tovarga potensial talab mavjud bo‘ladi. Shuning uchun marketing vazifasi bo‘lib potensial bozorning o‘lchamlarini baholash va potensial talabni haqiqiy talabga aylantira oladigan samarali mahsulotlarni ishlab chiqarish hisoblanadi. Marketolog potensial talabni aniqlashni va bozorni rivojlantirish uchun kerakli yo‘nalishda hamma marketing vositalarini muvofiqlashtirishni bilishi kerak. Marketingning ta’sirchan qurollari sifatida yuzaga keladigan yangi ehtiyojlarga javob beradigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularni qondirishning sifat jihatdan yangi bosqichiga o‘tish, reklamadan foydalanish va aniq iste’molchilar guruhlariga mo‘ljallangan, o‘ziga xos mahsulot imijini yaratish.
Remarketing – bu pasayib boruvchi talab sharoitida ilgarigi marketing kompleksini qaytadan anglash asosida uni tiklash maqsadida qo‘llanadigan marketing turi. Marketingning asosiy vazifasi talabni jonlantirishning yangi imkoniyatlarini axtarishdan iborat, ya’ni: tovarga yangi xususiyatlarni berish orqali tovarning hayotiy davrini uzaytirish, yangi bozorlarga kirib borishga va h.k. Umuman olganda, talabning pasayishi vaziyatlari hamma tovar va xizmatlar uchun, har qanday davrlar uchun xos. Shuning uchun marketologlar shuni nazarda tutishlari kerakki, talab pasayish tendensiyasiga ega bo‘lganda, kelajakda bozorni boshqa tomonga yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlar bo‘lmaganda, u yanada pasayishi mumkin va shu orqali yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘llarini cheklab quyishi mumkin.
Sinxromarketing – bu bozorning shunday vaziyatiki, unda talab vaqt jihatidan tovarlarni taklif qilish tuzilmasiga mos kelmaydigan mavsumiy yoki boshqa tebranishlar bilan harakterlanadi. Bunda talab korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan ancha ortiq bo‘lishi mumkin yoki, aksincha, mazkur tovarni ishlab chiqarish hajmi bozor segmentining talablaridan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Masalan, muzeylarning ish kunlarida kamroq mijozlarga ega bo‘lishi yoki shahar transporti xizmatlariga talab hatto kun davomida o‘zgarib turishi mumkin. Kurort hududlari aniq ifodalangan mavsumiy tebranishlarga ega. Sinxromarketingda talab tebranishlarini silliqlashtirish (nomuntazam talab) egiluvchan narxlar, siljitish usullari va marketingning boshqa qurollari yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |