O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI
«MUTAXASSISLIKKA KIRISH» FANIDAN
3-MA’RUZA: Psixologiyadagi dastlabki mashhur psixologlar
Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi
katta o’qituvchisi Ahrorov Voris Yunusovich
Samarqand – 2021 yil
Reja:
- Vilgelm Vundt
- Zigmund Freyd
Vilgelm Vundt va Zigmund Freyd – mashhur psixologlardan birinchilar bo’lib hisoblanadi.
Ular psixologiyaning ilmiy va amaliy sohalari boshlanishini ifodalaydi. V.Vundt – birinchi taniqli ilmiy psixolog bo’lsa, Z.Freyd – birinchi taniqli amaliy psixolog hisoblanadi. Biz bugungi mavzuni ularga bag’ishlaymiz.
O’qish yillari
Vilgelm Vundt 1832-yil 16-avgustda Manngeym yaqinidagi Nekkarau shahrida tug’ilgan. Oilada to’rt nafar farzand bo’lgan, lekin ikkitasi juda erta yoshda vafot etgan. Faqat Vilgelm va uning o’zidan 8 yosh katta bo’lgan akasi Lyudvig qolgan. Lyudvig Geydelbergda yashagan, uning tarbiyasi bilan xolasi shug’ullangan. Shunday qilib, Vilgelm oilada yolg’iz bola bo’lib qoldi. Vundtning otasi pastor bo’lgan va oila do’stona deb hisoblansa-da, Vundtning otasi haqidagi bolalik xotiralari unchalik yoqimli bo’lmagan.
Vilgelm Maksimilian Vundt
1832-1920
1. Vilgelm Vundt
U vaqtini darslik va kitoblar o’qishgamas, balki orzu qilib o’tkazdi va natijada birinchi sinf imtihonlaridan yiqildi.
Ikkinchi sinfdan boshlab Vundtning ta’limi otasining yordamchisi Fridrix Myullerga ishonib topshirildi, unga Vilgelm butun qalbi bilan bog’landi. Yosh ruhoniy boshqa cherkovga ko’chirilganda, bola yaqinlashayotgan ayriliqdan juda xafa bo’ldi. «Пережитое и познанное» (Boshdan kechirilgan va anglanilgan) nomli tarjimai holida Vundt shunday yozgan: "U menga otam va onamdan ham ko'ra yaqinroq bo'lib qoldi. Men shunchalik tushkunlikka tushgan edimki, ota-onam gimnaziyaga o’qishga kirgunimcha u bilan yashashga ruxsat berishdi".
13 yoshida Vundt Bruxzaldagi katolik gimnaziyasiga kirdi. Myuller bilan o’tkazilgan mashg’ulotlardan so’ng, gimnaziya Vundt uchun «azob-uqubatlar maktabi»ga aylandi. Vilgelmning baholari juda yomon edi, u sinfdoshlaridan ortda qolardi, ustozlar uning ustidan kulishardi.
Bir yil o’tgach, ota-onasi uni Gaydelbergdagi gimnaziyaga o’tkazdilar. Bu yerda u do’stlar orttirdi, o’qish hamda qadimgi tillarni – lotin, yunon, ibroniy (yahudiy) o’rganish bilan muntazam shug’ullana boshladi, umuman, u bilim yo’liga kirdi.
Asta-sekin, Vundt xayolotga berilishini nazorat va boshqarishni o’rgandi va hatto maktabda mashhur bo’lib ketdi. U o’zining intellektual qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirdi va 19 yoshida maktabni tugatib, universitetga kirishga tayyor edi.
Shu maqsadda u 1851 yilda Tyubingenga keldi, u yerda amakisi anatom Fridrix Arnold universitetda ishlardi. Ammo Vilgelm bu yerda atigi bir yil o’qidi. Tyubingenda u fiziolog bo’lishga qaror qildi, Bir yil o’tgach, Vundt Gaydelbergga ko’chib o’tdi. U Gaydelberg universitetida uch yarim yil o’qidi.
Vundt Gaydelbergda o’qishning birinchi yilini anatomiya, fiziologiya, fizika, kimyo va amaliy tibbiyotga bag’ishladi. 1853 yilda kimyogar Bunzenning qiziqarli ma’ruzalari hamda tajribalari namoyishi ta’siri ostida Vundt o’zining birinchi ilmiy ishini yakunladi. O’qishning ikkinchi yilida u amaliy tibbiyotga ko’proq e’tibor bera boshladi. Uning fiziologiyaga qiziqishi ortdi. Bir yil o’tgach, Vundt Gaydelbergdagi tibbiy klinikada yordamchi bo’ldi. Va nihoyat shu yerda tibbiyot uning kasbi bo’lmasligiga ishonch hosil qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |