Leypsigdagi yillar
1875 yilda Vundt Leypsig universitetining falsafa professori bo’ldi; shu daqiqadan boshlab uning hayratlanarli ilmiy karyerasining eng uzun va eng muhim davri boshlanadi. Bundan buyon Leypsig bir necha yillar davomida jahon psixologiyasining beshigi va poytaxti bo’lishi kerak edi. Vundt bu shahar universitetida 45 yil ishlagan.
1879 yilda kichik laboratoriya ochildi, uning asbob-uskunalari eksperimental ish uchun oddiy asboblardan iborat edi. Shunga qaramay, 1879 yil ilmiy psixologiyaning ramziy sanasiga aylandi, o’shandan beri Leypsigda professor Vilgelm Vundt dunyodagi birinchi eksperimental psixologiya laboratoriyasini ochdi. Vundt ongli ichki tajribani tahlil qilishda tabiiy-ilmiy usulni qo’llashga harakat qildi, uning eng oddiy tuzilmalarini aniqlashga va tasvirlashga harakat qildi. Shunday qilib, xuddi materiya atomlarga bo’lingani kabi ong ham ruhiy elementlarga bo’lindi. Vundt uchun bunday elementlarni sezgilar, obrazlar va his-tuyg’ular tashkil qilar edi.
Vundt uchun kutilmaganda, laboratoriya katta qiziqish uyg’otdi. Vundtning mashhur nomi va uning laboratoriyasi Leypsigga u bilan ishlashga ishtiyoqmand ko’plab talabalarni jalb qildi. Ular orasida keyinchalik psixologiya fanining rivojlanishiga katta hissa qo’shgan bir nechta yoshlar bor edi, ular orasida amerikaliklar ham bor edi, ular AQShga qaytgandan so’ng o’z laboratoriyalarini tashkil qilishdi. U keyinchalik eksperimental psixologiyaning rivojlanishida muhim rol o’ynagan bir guruh hamkorlarni birlashtirdi. Bular nafaqat Germaniyadan, balki Amerikadan va boshqa mamlakatlardan, shu jumladan Rossiyadan kelgan olimlar edi. Ikki yil o’tgach, laboratoriya psixologik institutga aylandi. Shunday qilib, Leypsig laboratoriyasi zamonaviy psixologiyaning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi - bu yangi tajriba markazlarini yaratish uchun namuna bo’lib xizmat qildi.
Vundtning sobiq talabalari Italiya, Rossiya va Yaponiyada ham laboratoriyalar tashlik qildilar. Vundtning aksariyat asarlari rus tiliga tarjima qilingan. Vundt ishlaridan ilxomlanib, rus psixologlari 1912 yilda Moskvada xuddi Vundtning laboratoriyasi nusxasini tashkil qilishdi. Yana shunday laboratoriya yaponiyalik olimlar tomonidan Vundt vafot etgan 1920 yilda Tokio universitetida qurilgan, lekin 60-yillarda bu laboratoriya talabalar tartibsizligi paytida yonib ketgan. Leypsigga kelgan talabalarni birlashtirgan narsa umumiy qarashlar va maqsadlar edi.
Vundt kamtarin, tartibli hayot kechirdi. Vundtning Leypsigdagi ma’ruzalari juda mashhur edi. Har bir ma’ruzada olti yuzdan ortiq talaba yig’ilar edi. Biroq, u ommaviy chiqishlarni yoqtirmasdi va shunchaki biron bir kongressda qatnashishdan qochardi.
Shaxsiy hayotda Vundt xotirjam va oddiy odam edi, uning kunlari qat’iy tartibda o’tdi. Ertalab Vundt kitob yoki maqola ustida ishlardi, talabalar maqolalarini o’qirdi, jurnalini tahrir qilardi. Tushda u universitet imtihonlarida qatnashardi yoki laboratoriyaga borardi. Vundt shogirdlaridan biri uning tashriflari 5-10 daqiqadan oshmaganini eslardi. Ehtimol, eksperimental tadqiqotlarga bo’lgan qat’iy ishonchiga qaramay, «uning o’zi laboratoriyada ishlash uchun yaralmagan edi».
Kunning ikkinchi yarmida Vundt sayrga chiqib, soat 16:00 boshlanadigan ma’ruzasiga fikran tayyorgarlik ko’rardi. Kechqurun uning oilasida ular musiqa chalishardi, siyosat haqida gapirishardi.
Laboratoriya va jurnalga asos solgan va ko’plab ilmiy loyihalarni boshqargan Vundt ham falsafaga murojaat qilgan. 1880 yildan 1891 yilgacha u etika, mantiq, falsafa bo’yicha asarlar yozgan. 1880 va 1887 yillarda Vundt «Fiziologik psixologiya asoslari» ning ikkinchi va uchinchi nashrlarini tayyorladi va o’z jurnaliga maqolalar yozdi.
10 yil davomida u madaniy-tarixiy yoki ijtimoiy psixologik g’oyalarni ishlab chiqdi. Natijada u 1900-1920 yillarda nashr etilgan «Xalqlar psixologiyasi» nomli 10 tomli asar yaratdi.
Vundt vafotigacha uzluksiz ishlashda davom etdi. Taxminlarga ko’ra, 1853 yildan 1920 yilgacha Vundt 54000 dan ortiq sahifa yozgan, ya’ni har kuni 2,2 sahifa yozgan.
Vilgelm Vundt 1920 yil 31-avgustda Leypsig yaqinidagi Grosbotondagi o’z uyida vafot etdi. Vundtning psixolog sifatida hayotining eng muhim natijasi – psixologiyaning mustaqil fan sifatida shakllanishi edi. Hozir uning laboratoriyasida butun dunyo psixologlariga ma’lum bo’lgan muzey joylashgan.
Zigmund Freyd 1856 yilning 6 mayida Avstriyaning Frayberg (hozirgi Chexiyaning Moraviya) shaharchasida tug’ilgan. U oilada yetti farzandning eng kattasi bo’lib, Freyd to’rt yoshga to’lganda uning oilasi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Venaga ko’chib o’tgan. Freyd umrining oxirigacha Venada yashadi va 1938 yilda, o’limidan bir yil oldin Angliyaga ko’chib o’tdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |