162
hududlarida kema qurish uchun zarur bo`lgan daraxt navi o`sgan. Makedoniyada
ko`p etnik guruhlar yashagan. Aholining asosiy qismini tashkil etgan makedonlar
er. avv. XII-XIII asrlardan beri bu yerda yashar edilar. Bundan tashqari, bu yerda
epir, illir va frakiyaliklarga tegishli etnik guruhlar mavjud edi.
Makedoniyada er. avv. VI-V asrlar oraligida ilk davlat va jamiyat shakllandi.
Makedoniya yunon shahar-davlatlaridan ko`ra,
zaif rivojlangan, urug`chilik
an`analari kuchli bo`lgan davlat edi. U dengizga chiqadigan yo`lga ega emas edi.
Shu sababli, dengiz savdosi va koloniyalar barpo etishga ishtirok eta olmadi.
Makedoniya dehqonchilik mamlakati bo`lib, aholining asosiy qismini dehqonlar
tashkil etgan.
Podsho Arxelay (er.avv.413-399 yillar) ilk bor o`z mamlakatiga yunon
madaniyatini olib kirishga urindi. Peloponnes urushlaridan so`ng, Makedoniya
yunon sivilizatsiyasini tez o`zlashtira boshladi. Ayniqsa, yunon harbiy san’ati va
harbiy texnikasi yaxshi o`zlashtirildi. Yunonlar uchun Makedoniya qoloq
varvarlar mamlakati edi.
Podsho Aminta va uning o`g`li Iskandar hukmronligi davrida Makedoniya
yunon-fors urushlariga tortildi. Makedon podsholari vaziyatga qarab, har ikki
tomonni ham qo`llab-quvvatlaganlar. Podsho (er. avv. 498-454-yillar) Kserksning
er. avv. 480-479-yillardagi mag`lubiyatidan so`ng, yunon shahardavlatlari bilan
yaqinlasha boshladi. Yunonlar hatto unga unmumyunon Olimpiya o`yinlarida
ishtirok etishiga ruxsat berdilar. Iskandar yugurish musobaqasida g`alala qozondi.
Uning vorisi podsho Arxelay (er. avv. 419-399yillar) qator islohotlar o`tkazib,
podsho hokimiyatini kuchaytirdi. U Makedoniyaning chekka hududlaridagi yarim
mustaqil hokimlarning o`zboshimchaligini chekladi. Podsho mamlakatning turli
hududlarida bir necha qal`alarni qurib, ularni qo`shin
va oziq-ovqat bilan
ta`minlash qulay bo`lgan to`g`ri yo`llar bilan bog`ladi. Podsho Arxelay otliq
qismlarni takomillashtirdi va uni zarbdor kuchga aylantirdi. Dengizga va
dengizbo`yi shaharlariga yaqin Pella shahrini poytaxtga aylantirdi.
Arxelay Afina bilan yaqinlashib, uning yordamida Xalkida va Fessaliyadagi
bir necha yunon shaharlarini bosib oldi. Makedoniya urug` zodagonlarining bir
qismi podsho hokimiyatining mustahkamlanishi, boshqaruvning markazlashuvi
hamda yunon shaharlari bilan yaqinlashuvidan norozi bo`lib, fitna uyushtirdilar.
Natijada Arxelay o`ldirildi. Makedoniya bir necha o`n yil ichki ziddiyatlar
ichida
qoldi. Makedon podsholari hududiy separatizmga barham berib, podsho
hokimiyatini mustahkamlash siyosatini olib bordilar. Podsho Aminta II vafotidan
so`ng taxt uchun kurashga qo`shni Fiva shahri aralshdi, Fiva makedon taxtiga
Aminta II ning katta o`g`li Perdikka IIIni o`tqazdi. Amintaning kichik o`g`li
Filippni garov sifatida Fivaga olib ketdi. Tez orada Perdikka illiriyaliklarga qarshi
urushda o`ldirildi, taxtga Filipp II (er.avv 360-336yillar) chiqdi. Filipp II
makedon urug`-qabilalari o`rtasidagi nizolarga qat`iy chek qo`ydi. U o`z
hokimiyatini butun mamlakat miqyosida tan olinishiga erishdi. U harbiy islohot
o`tkazib, makedon falangasini tuzdi. Og`ir qurollangan piyoda (goplitlar) 16-29
qator saflanadigan jangchilar bo`lib, 5 metrgacha uzunlikdagi sarissa (nayza)
163
bilan qurollangan. Orqa safdagilar sarissalarini oldingi
qatordagilar yelkasiga
qo`yar edilar. Og`ir qurollangan jangchilar katta qalqonlar bilan himoyalanib,
sarissalarni tikandek chiqarib, dahshatli kuchni tashkil qilar edilar. Makedon
zodagonlaridan tuzilgan og`ir qurolli suvoriy getayrlar (“podshoning o`rtoqlari”)
qo`shinda muhim o`rin tutgan. Qo`shin tarkibida turli qamal qurollari bilan
ta`minlangan injener qismlarmavjud edi.
Er. avv. IV asr o`rtalarida Makedoniya Bolqon shimolidagi eng kuchli
davlatga aylandi. Er. avv. IV asr o`rtalarida Makedoniya kuchli qo`shin bilan Epir
va Frakiyani egalladi. Shu vaqtdan boshlab Makedoniya
yunon davlatlarining
ishlariga faol aralasha boshladi. U o`z maqsadini amalga oshirish uchun har
qanday vositadan foydalandi. O`z va`dasidan qaytish, xiyonat, pora berib sotib
olish, makkorlik Filipp IIga xos xususiyat edi. U qator yunon shaharlarining
obro`li fuqarolarini pora berib, Makedoniyaga moyil qildi. “Oltin ortilgan eshak
eng baland devordan ham o`tadi” degan ibora Filipp II ga tegishli edi. Filipp II
er. avv. 355-yilda Makedoniya Fiva va Fokida o`rtasidagi urushga aralashib,
Fokidani tor-mor qildi. Natijada Makedoniya butun Shimoliy Yunonistonga
egalik qildi. Tez orada Fessaliya, Xaldika yarim orolining bir qismi, Frakiyaning
janubiy qirg`og`i, Bosforgacha Makedoniyaga qaram bo`ldi.
Makedoniya endi
dengiz davlatiga aylandi. Yunonlarni Qora dengizga chiqish yo`li Makedoniya
qo`liga o`tdi.
Yunon davlatlaridan faqat Afina Filipp II ga qarshi tura olishi mumkin edi.
Lekin Afinada makedon va antimakedon partiyasi mavjud edi. Makedon partiyasi
(yetakchisi Isokrat) yunonlar Filipp II boshchiligida Eronga qarshi yurish qilib,
katta o`lja olishi mumkin, yunonlar ichidagi o`zaro kelishmovchiliklarga chek
qo`yiladi deb hisoblar edilar. Demosfen boshchigida antimakedon partiyasi
Makedoniya bilan ittifoq yunon davlatlarini erkinligini yo`qotishga, qaramlikka,
demokratiyani yo`qotishga olib keladi deb hisobladilar.
Demosfen Afina, Fiva,
Korinf va boshqa yunon shaharlari birlashgan kuchli antimakedon guruhini tuzdi.
Er. avv. 337-yil avgust oyida yunon shaharlari va Filipp II qo`shinlari
o`rtasida Beotiya (Xeroneya)da hal qiluvchi jang bo`ldi. Makedon qo`shinlari
yunonlarni tor-mor qildi. Shundan so`ng, er. avv. 337-yilda Filipp II Korinf
shahrida umumyunon kongressini chaqirdi. Kongressda muhim qarorlar qabul
qilindi. Yunon shaharlarining ittifoqi tuzildi. O`zaro urushlar ta`qiqlandi. Yunon
davlatlari makedon podshosi bilan abadiy mudofaa va hujum ittifoqi tuzdi. Eron
bilan urush boshlashga qaror qilindi. Faqat Sparta bu kongressga qatnashmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: