Makedoniya. Reja Makedoniyaning yuksalishi. Yunonistonda makedon hukmronligining o’rnatilishi



Download 27.63 Kb.
Sana15.01.2017
Hajmi27.63 Kb.

Aim.uz

Makedoniya.

Reja

1. Makedoniyaning yuksalishi. Yunonistonda makedon hukmronligining o’rnatilishi

2. Iskandarning sharqqa yurishlari

3. Iskandar davlatini parchalanishi. Diadoxlar urushi
1. Makedoniyaning yuksalishi. Yunonistonda makedon hukmronligining o’rnatilishi

Makedoniya yunon shahar davlatlaridan ko’ra qoloq edi. U dengizga chiqadigan yo’lga ega emas edi, shu sababli dengiz savdosi va koloniyalar barpo etishga ishtirok eta olmadi. Makedoniya dehqonchilik maqmlakati edi.

Peloponnes urushlaridan so’ng Makedoniya yunon sivilizatsiyasini tez o’zlashtira boshladi. Ayniqsa yunon harbiy san’ati va harbiy texnikasi yaxshi o’zlashtirildi.

Makedon podshosi Filipp II (er. avv. 359-336-yillar) harbiy islohot o’tkazib makedon falangasini tuzdi. Og’ir qurollangan piyodalar (goplitlar) 16-29 qator saflanadigan janhchilar 5 metrgacha uzunlikdagi sarissa (nayza) bilan qurollanib, orqa safdagilar sarissalarini oldingi qatordagilar yelkasiga qo’yar edilar. Og’ir qurollangan jangchilar katta qaldonlar bilan himoyalanib sarissalarni tikandek chiqarib dahshatli kuchni tashkil qilar edilar. Makedon qo’shinining faxri zodagonlardan tuzilgan og’ir qurolli suvoriy getarylar (“podshoni o’rtoqlari”) edi. Bundan tashqari turli qamal qurollari bo’lgan injener qismlari mavjud edi.

Er. avv. IV asr o’rtalarida Makedoniya kuchli qo’shin bilan Epir va Frakiyani egalladi. Shu vaqtdan u yunon davlatlarining ishlariga faol aralasha boshladi. Er. avv. 355-yilda Makedoniya Fiva va Fokida o’rtasidagi urushga aralashib, Fokidani tor-mor qildi. Natijada Makedoniya butun shimoliy Yunonistonga egalik qildi. Tez orada Fessaliya Xaldika yarim orolini bir qismi, Frakiyani janubiy qirg’og’i, Bosforgacha Makedoniyaga qaram bo’ldi. Makedoniya endi dengiz davlatiga aylandi, yunonlarni Qora dengizga chiqish yo’li Makedoniya qo’liga o’tdi.

Yunon davlatlaridan faqat Afina Filipp II ga qarshi tura olishhi mumkin edi. Lekin Afinada makedon va antimakedon partiyasi mavjud edi. Makedon partiasi yunonlar Filipp II boshchiligida Eronga qarshi yurish qilib katta o’lja olish mumkin, yunonlar ichidagi o’zaro kelishmovchiliklarga chek qo’yiladi deb hisoblar edilar. Demosfen boshchigida Antimakedon partiyasi Makedoniya bilan ittifoq yunon davlatlarini ozodligini yo’qotishga, qaramlikga, demokatiyani yo’qotishga olib keladi deb hisobladilar. Demosfen Afina, Fiva, Korinf va boshqa yunon shaharlari birlashgan kuchli antimakedon guruhini tuzdi.

Er. avv. 337-yil avgust oyida Beotiyada (Xeroneya) hal qiluvchi jang bo’ldi. Makedon qo’shinlari yunonlarni tor-mor qildi. Shundan so’ng er. avv. 337-yilda Filipp II Korinf shahrida umumyunon kongressini chaqirdi. Kongressda muhim qarorlar qabul qilindi. Yunon shaharlarining ittifoqi tuzildi, o’zaro urushlar taqiqlandi, yunon davlatlari makedon podshosi bilan abadiy mudofaa va hujum ittifoqi tuzdi, Eron bilan urush boshlashga qaror qilindi. Faqat Sparta bu kongressga qatnashmadi.

2. Iskandarning sharqqa yurishlari

Filipp II Eron bilan urushga jiddiy tayyorgarlik ko’ra boshladi, ammo Sharqqa yurish g’oyasini amalga oshirish Filipp II ga nasib etmadi. Bu g’oyani uning o’g’li Iskandar amalga oshirdi. Iskandar taxt vorisi va oqsuyak oilaning farzandiga munosib bo’lgan ta’lim-tarbiyani oldi. O’sha davrda hali mashhur bo’lmagan faylasuf Aristotel (Arastu) uning o’qituvchi va tarbiyachilaridan biri bo’ldi. Filipp II o’g’lini davlat boshqaruv ishlariga asta-sekin torta boshladi. Iskandar er. avv. 340-yilda shimoliy Yunoniston tog’li hududlaridagi qabilalardan birining qo’zg’olonini bostirib birinchi bor o’zini kuchli sarkarda ekanligini ko’rsatdi.

Er. avv. 336-yil yozida Filipp II qizining to’yida o’z qo’riqchisi tomonidan o’ldirildi. 20 yoshli Iskandar podsho bo’ldi. Filipp II ning o’limidan foydalangan yunon shaharlari Fiva shahri boshchiligida Makedoniyaga qarshi qo’zg’olon ko’tardilar. Yunonlar uchun kutilmagan holda Iskandar bu qo’zg’olonni shafqatsiz bostirdi. Fiva shahri buzib tashlandi, uning tirik qolgan qo’zg’olonchi aholisi qul qilib sotib yuborildi.

Ikki yildan keyin er. avv. 334-yilda nihoyatda puxta tayyogarlikdan keyin yunon shaharlari piyodalari bilan kuchaytirilgan makedon qo’shinlari Gellespont bo’g’ozidan o’tib Osiyo hududiga kirdilar. Urush e’lon qilish uchun bahona bo’lib, er. avv. V asr o’rtalarida yunon-fors urushlari davrida yunon ibodatxonalarining forslar tomonidan oyoq-osti qilioshi bo’ldi. Bu mafkuraviy shiordan Iskandar yunon-makedon kuchlarini birlashtirishda foydalandi.

Forslar bilan birinchi jang Kichik Osiyodagi Granik daryosi bo’yida bo’ldi. Bu jangda yunon-makedonlar Eronning kichik Osiyo satraplari va yunon yollanma askarlari qo’shinlari bilan jang qildilar. Eron podshosi Doro III va uning muntazam qo’shini granik jangida ishtirok etmadilar. Bu jangdan keyin Iskandar kichik Osiyo qirg’og’idagi yunon shaharlarini forslardan ozod qildi, kichik Osiyoning katta qismini bo’ysundirdi, Sard va Gordiy shaharlarini ishg’ol qildi.

Kichik Osiyoni bosib olishni tugallab, Iskandar Kilikiya orqali shimoliy Suriyaga o’tdi. Er. avv. 333-yil kuzida Issa shahri yonida ytunon-makedonlar Doro III qo’shinlari bilan to’qnashdilar. Har ikki tomon uchun bu jang og’ir bo’lib, katta qurbonliklar berildi. Fors qo’shinlari son jihatdan yunon-makedonlarga ko’ra ko’p edi. Iskandar juda katta qiyinchilik bilan g’alaba qildi. Doro III zo’rg’a qochib qutildi. Bu jang Suriya va Falastin qirg’og’ini bosib olish uchun yo’l ochdi.

Damashq shahrida Doro IIIning xazinasi bosib olindi, bu Iskandar qo’shinlarining moddiy ta’minotini ancha yaxshiladi. Tir va G’azo shaharlari bosqinchilarga qattiq qarshilik ko’rsatdilar. G’azoni bosib olinishi yunon-makedonlarga Misrga yo’l ochdi. Doro III yordamidan mahrum bo’lgan fors satrapi g’oliblarga taslim bo’ldi. Misrliklar Iskandarni fors zulmidan xaloskor sifatida kutib oldilar.

O’rtayerdengizi qirg’og’ida Nil daryosida er. avv. 331-yilda Iskandariya shahriga asos solindi. Bu shahar Misrda yangi hokimiyatni markazi, muhim savdo porti bo’lib xizmat qildi. Misr hududiga bu shaharga asos solinishi Sharqda shaharlar qurilishi siyosatini boshlanishi edi. Iskandar Memfis shahrida toj kiydi va bu bilan Misrda o’z hokimiyati qonuniyligini ta’kidladi.

Er. avv. 331-yil bahoridan Sharqqa yurishning ikkinchi bosqichi boshlandi. Dajla daryosidan uzoqqa bo’lmagan Gavgamela qishlog’i yaqinida Iskandar 1-oktyabr kuni fors qo’shini bilan hal qiluvchi jang bo’ldi. Bu og’ir jangda Iskandar g’olib chiqib, uning raqibi Doro III jang maydonini tashlab Midiyaga chekindi. Iskandar qo’shinlari hech qanday qarshiliksiz jadallik bilan butun Mesopotamiyani bosib o’tib, Suza shahri va axmoniylar davlatining markaziy hududlariga kirib bordilar. Bobil va boy Suza shahri Eronnig muqaddas markazi Persepol jangsiz bosib olindi. Suzada bosqinchilar Eron davlati xazinasini bosib oldilar, er. avv. 330-yil Persepol saroyini yondirish bilan Iskandar fors davlati ustidan g’alabasini ramziy belgiladi. Bu vaqtda Baqtriya satrapligiga chekingan Doro III o’z yaqinlari tomonidan o’ldirildi.

Iskandar forslarni o’zlari egallab turgan yuqori lavozimlarda qoldirdi, bu makedon qo’shinida norozilik tug’dirdi. Doro IIIning halokati urushni tugashini bildirar edi. Girkaniyaning markazi Gekatompl shahrida ittifoqchi yunon polislarining qo’shinlari rasmiy tarqatildi. Shu bilan birga yunonlarga Iskandarni yollanma askarlari sifatida yurishni davom ettirish taklif qilindi. Iskandar o’zini fors podsholarining qonuniy vorisi sifatida urushni davom ettirishga ahd qildi. Iskandar qiyinxchilik bilan yurishni davom ettirishni istamagan qo’shin qarshiligini yengib, yana oldinga siljidi. Parfiya bosqinchilarga hech qanday qarshilik ko’rsatmay, satrapi o’z obro’ini saqlab qoldi.

Iskandar er. avv. 329-yilda Amudaryodan o’tib O’rta osiyoga kirdi, bu yerda u mahalliy aholining qattiq qarshiligiga uchradi. Spitamen boshchigida sak massagetlar uch yil davomida Iskandar qo’shinlariga qarshi turdilar. Noiloj qolgan Iskandar mahalliy zodagonlarni sovg’a-salom bilan o’zi tomoniga og’dirib olishga urindi, u So’g’d hokimi Oksiartni qizi Roksanaga uylandi. Rivoyatlarga ko’ra Iskandar O’rta Osiyoda o’z tayanch nuqtasi sifatida 12 shahar quradi. Tarixda ma’lum bo’lgani hozirgi X’ojand shahri yaqinida Iskandariya Esxota (Uzoqdagi Iskandariya) shahri, Afg’onistonda Hirot shahri yaqinida Iskandariya Ariya shahri.

Er. avv. 327-yilda Iskandar Hindukush tog’lari orqali Hindistonga o’tdi. shimoliy Hindistondagi Gidas daryosi bo’yida Iskandar qo’shinlari Panjob hukmdori Por qo’shinlari bilan to’qnashib, o’zining oxirgi g’alabasiga erishdi (Er. avv. 326-yil).

To’satdan Iskandarning qo’shini yurishni davom ettirishni istamay bo’ysunmay qo’ydi. Ikki kunlik muzokaralardan so’ng Iskandar yon berishgfa majbur bo’ldi. Vatanga qaytish to’g’risida buyruq berildi. Iskandar qo’shinlarini qaytishi ikki yilga cho’zildi, bir qism qo’shin dengiz orqali, bir qismi quruqlik yo’li bilan qaytdi. Qo’shinning har ikkala qismi er. avv. 324-yil Bobilda uchrashdi.

Yurishning tugallanayotgan bosqichida Suza shahrida Iskandar makedon va forslarni murosaga keltirish belgisi sifatida o’zining 10 ming askarlarini mahalliy qizlar bilan nikoh to’yini katta tanatana bilan o’tkazdi. O’z qo’shini tarkibiga 30 ming fors yigitlarini qabul qildi. U bosib olingan hududlarda o’nlab koloniya va harbiy qo’rg’onlarni o’z hokimiyatini tayanch nuqtasi sifatida barpo qildi.

Makedoniyani qadimgi poytaxti Pellaga qaytishni istamagan Iskandar o’z davlatining poytaxti qilib qadimgi shahar Bobilni tanladi. U Kaspiy dengizini o’rganish uchun tekshiruvchi ekspeditsiya tashkil qildi, Arabiston yarim oroli qirg’oqlarini tekshirishga buyruq berdi.

Iskandar yurishlari natijasida g’arbda Adriatika dengizidan Sharqqa Hindistongacha, Shimolda Kavkaz tog’laridan janubda Nil daryosi o’rta oqimigacha cho’zilgan hududni qamrab olgan ulkan davlat vujudga keldi. Bu davlat hududiy-etnik, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari bilan avvalgi ahamoniylar davlatini eslatar edi. Iskandar o’zining ulkan davlatini uzoq boshqara olmadi. U er. avv. 323-yilda 32 yoshda Bobil shahrida vafot etdi. Iskandarning o’limidan so’ng uning ulkan davlati parchalana boshladi. Oxir-oqibatda u bosib olgan hududlarda Ellin davlatlari tizimi shakllandi.


3. Iskandar davlatini parchalanishi. Diadoxlar urushi

Iskandar o’zining vorisini rasmiy jihatdan tayinlashga ulgurmadi, bu uning lashkarboshilari o’rtasida Iskandar merosi uchun uzoq kurashga olib keldi. Bu kurash bir necha o’n yillarga cho’zilib, juda ko’p qon to’kishlarga olib keldi.

Iskandarning o’limi vaqtida makedon taxtiga qonuniy da’vogarlar yo’q edi: Iskandarning xotini so’g’d malikasi Roksana hali homilador edi. Pergamda Iskandarga asir tushgan fors satrapi Artabazning qizi Barsinadan 4 yoshli noqonuniy o’g’li Gerakl qolgan edi. Taxtga Filipp II ning noqonuniy o’g’li aqli zaif Arridey ham da’vo qilishi mumkin edi. Makedoniyada Iskandarning yaqinlari Roksana agar o’g’il tuqsa uni podsho deb e’lon qilish, uning go’dakligi davrida hokimiyatni tajribali sarkarda Perdikka boshchigidagi davlat kengashiga topshirish kerak deb hisobladilar. Harbiy boshliqlar va saroy ayonlarining boshqa bir guruh Arridey nomzodini yo’qlab chiqdilar. Obro’li lashkarboshi Nearx makedon taxtiga birdan-bir da’vogar Gerakl bo’lishi mumkin deb hisobladi. Iskandarning safdoshi, lashkarboshi Ptolemey boshchiligidagi yana bir guruh podshoni saylash kerak emas, chunki Iskandarni o’g’illarining onalari Sharq ayollari, uning asiralaridir, oqibatda bunday da’vogarlarni taxtga chiqarish hamma vaqt noqonuniy bo’ladi deb hisobladilar.

Taxt vorisi to’g’risidagi munozaralar natijasida Perdikka regentligi bilan Filipp II ning noqonuniy o’g’li Arrideyni podsho deb e’lon qilish bilan tugadi. Xuddi shu vaqtda Iskandarning bevasi Roksana o’g’il tug’di va unga Iskandar deb nom qo’yildi. Makedon taxtiga birdaniga Arridey Filipp III nomi bilan Roksananing o’g’li Aleksandr IV nomi bilan podsho deb e’lon qilindi. Osiyodagi qo’shinlar qo’mondonligini o’ziga olgan Perdikka yana regent etib tayinlandi, shunday qilib u Iskandar davlatining amaldagi hokimiga aylandi.

Iskandarning vafotidan keyin amalda yagona davlatning oliy hokimi bo’lgan Perdikka Bobilda makedon podshosining eng yaqinlari o’rtasida satrapliklarni taqsimlagan edi. Yunoniston va Makedoniya Antipatrga, Frakiya Lisimaxga, Misr-Pitolomeyga, Kappadokiya va Paflagoniya-Yevmenga, Gellesfont Frigiyasi-Leonardga, Buyuk Frigiya- Antigonga, Suriya-Laomedontga, Midiya-Pifonga berildi. Barcha yangi saylangan hokimlar o’z qo’shinlari bilan o’z mulklariga jo’nab ketdilar. Iskandarning aynan ana shu sobiq safdoshlari (diadoxlar) Iskandar merosi uchun qonli kurashni boshladilar.

Iskandar o’limidan keyingi ikki yil davomida Yunoniston makedon zulmidan ozod bo’lishga urindi. Antipatr yunon qo’shinlarini tor-mor qilib bu yerga makedon garnizonlarini joylashtirdi. Er. avv. 321-yilda Misrda o’rnashib olgan va Perdikkani regentligini tan olmagan Ptolemeyga qarshi yurishda Perdikka halok bo’ldi. Endilikda davlat regenti qilib Yunoniston va Makedoniyaning hokimi keksa Antipatr saylandi. Uning buyrug’i bilan podsho oilasi Makedoniyaga ko’chirildi.

Antipatr topshirig’i bilan er. avv. 321-yilda satrapliklar qisman qayta taqsimlandi. Natijada kelajakdagi eng yirik Osiyo davlatining asoschisi Salauk Bobilni o’z qo’liga oldi. Shundan ikki yil keyin er. avv. 319-yilda Antipatr vafot qildi. U regentlikka voris qilib, keksa va tajribali harbiy boshliq Poliperxontni tayinlashga ulugrgan edi.

Ammo bu Iskandarning sobiq yaqinlari yosh g’ayratli lashkarboshilarni qondirmadi. Jumladan Antipatrning bu qaroridan o’g’li Kassandr norozi bo’lib, Poliperxontdan bu lavozimni tortib olish uchun Sharqdagi satraplar Lisimax, Antigon va Ptolemey bilan ittifoq tuzdi. Er. avv. 316-yilda Poliperxont regentlikdan chetlashtirildi, Kassandr butun Yunonistonni egallab oldi. Lekin Antigon va Iskandarning sobiq kotibi Yevmen Kassandrni kuchayib ketishidan norozi bo’ldilar. Iskandar davlatini yaxlitligini saqlab qolishga uringan separat kayfiyatlarga qarshi natijasiz kurashgan birdan-bir kishi Yevmen edi. U makedon podsholigining “Qonuniy” podsholari nomidan harakat qilgan, qator sabablarga ko’ra hech qanday hudud va qo’shinga ega bo’lmagan birdan-bir diadox edi. Lekin uning qo’lida Iskandar sobiq davlatining turli shaharlarida bosib olingan katta miqdordagi moliyaviy mablag’lar bor edi. Yevmen ana shu mablag’lar hisobiga katta yollanma qo’shin to’plab Bobil va Eronni bosib olishga urindi. Bu xavfga qarshi Antigon Bobil va Midiya satraplari Pifon va Salavk bilan ittifoq tuzdi va Yevmenga qarshi yurish qildi. Er. avv. 316-yilda Gabiyn yonida (Midiya va Eron chegarasi) Yevmen bilan Antigon o’rtasida hal qiluvchi jang bo’ldi. Yevmenning yollanma qo’shinlarning xoinligi jangni Antigon foydasiga hal qildi. Yevmen qo’lga olinib qatl qilindi.

Er. avv. 317-yilda Iskandarning onasi Olimpiada hokimiyatni Roksananing o’g’liga qoldirish uchun Filipp Arridey va uning xotini Evridikani o’ldirishga buyruq berdi. Shundan so’ng uning o’zi Kassandr tomonidan qatl qilinadi, Roksana va Iskandar IV Kassandrni asirligida bir necha yil ushlab turilib o’ldiriladi (er. avv. 311-yil yoki 310-yil). Yuzaga kelgan bu vaziyat diadoxlarni o’z hududlarida o’z podsholik hokimiyatlarini o’rnatishga intilishlari uchun hech qanday rasmiy to’siq qolmaganini bildirar edi.

Diadoxlar o’rtasidagi urushlar uzoq davom etib, Yunoniston, Misr, Kichik Osiyo va Mesopotamiya asosiy jang maydonlariga aylandi. Er. avv. 306-yilda Antigonning o’g’li Demetriy Poliorket (“shaharlarni qamal qiluvchi”) makedon garnizonlarini Yunonistondan haydab yubordi, Afina va Megarada erkinlik va demokratiya e’lon qilindi. Er. avv. 306-yilda Antigon, keyinroq Ptolemey, Lisimax, Salauk va Kassandr o’zlarini podsho deb e’lon qildilar.

Er. avv. 301-yilda Antigon, 297-yilda Kassandr, 285-yilda Demetriy Poliorket, 281-yilda Lisimax, 283-yilda Ptolemey Lag, 281-yilda Salauk o’ldi. Iskandarning safdoshlari va bevosita merosxo’rlaridan so’ngi diadox bo’lgan Salaukning halokati bilan diadoxlar davri tugadi. Ularning o’rniga Ellin podsholari (Epigonlar) avlodi keldi.

Iskandar vafotidan so’ng, uning eng yaqinlari diadoxlar o’rtasidagi 40 yillik urush natijasida Iskandar davlati xarobalarida 3 asosiy eng yirik podsholiklar Makedoniya (unga bo’ysundirilgan Yunoniston) Misr (Suriyaning janubiy qismi va Kichik Osiyoning ba’zi viloyatlari) va Salavkiylar davlati (Osiyo mulklarining asosiy qismi) tashkil topdi. Ulardan tashqari ellin davrida bir qancha katta-kichik davlatlar birlashmalari Pergam, Vifiniya, Pont. Kappadokiya, Yunon-Baqtriya va Parfiya podsholiklari mavjud edi.


Tayanch iboralar

Filipp II, getayer, sarissa, Xeroniya jangi, Femistokl, Korinf kongressi, Issa jangi, Iskandariya shahri, Gavgamela qishlog’i, Spitamen, Oksiart, Roksana, Por, Bobil, Gerakl, Perdikka, Olinpiada, diadoxlar.


Tavsiya etiladigan adabiyotlar

Каримов И. А. Тарихий хотирасиз келажак йук. Тошкент 1998.

Бойназаров Ф. А. Кадимги дунё тарихи. Тошкент 2004.

Дандамаев М. А. Политическая история Ахеменидской державы.М.,

1985.

Гафуров Б. Г., Цибукидис Д.И. Александр Македонской и Восток. М.,



1980.

Источниковедение Древней Греции (эпоха эллинизма)/Под ред. В. И.



Кузищина. М., 1982.


Aim.uz



Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa