2-boshlovchi: Binobarin, inson ongini, tafakkurini o‘zgartirish har qanday yirik inshootni qurishdan ko‘ra qiyinroqdir.
1-boshlovchi: El-u yurtimiz kelajagi nasl-nasabi toza, iligi to‘q, fikri teran, qat’iyatli yoshlar qo‘lida ekan, mamlakatimizda buyuk davlat bunyod etilishi va O‘zbekiston eng rivojlangan, qudratli davlatlar safidan o‘rin olishga qat’iy ishonamiz.
2-boshlovchi: Hozirgi navbat “Sog‘lom ona va bola yili”ga bag‘ishlangan bir qancha voqealarni o‘zida mujassamlashti-rilgan sahna ko‘rinishlariga.
Quyida keltirilgan voqealar o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishi sifatida namoyish etiladi.
Badnafs
Bir kishi tabibning oldiga kelib dedi:
-
Uch kundan beri bemorman, sira ishtaham yo‘q, bir ilojini qilmasang bo‘lmaydi.
Tabib uning tomirini ushlab ko‘rib, dedi:
-
Bugun qanday taom yeding?
-
Uch kecha-kunduzdan beri hech narsa yemayman hisob, – dedi bemor.
Tabib dedi:
-
Har holda, ozmi-ko‘pmi nimadir yegan bo‘lsang ham aytgin.
-
Yegan narsam og‘izga olishga ham arzimaydi, – dedi u.
-
Mayli, arzisa-arzimasa, nimadir og‘zingga tushgan bo‘lsa ham aytgin.
-
Obbo, qo‘ymading-da, – dedi bemor va yegan ovqatini gapirdi. – Sening yoningga kelayotgan edim, yo‘lda kallapaz do‘koni yonidan o‘tayotib, hidi dimog‘imga hush yoqdi. Kirib oltita kalla olib yedim, sen uchta deb hisoblayvergin. Keyin to‘rt botmon non yedim, sen ikki botmon faraz qil. Undan keyin ko‘nglim shirinlikni tusab qoldi, borib sakkiz botmon bodom holvasidan olib yedim. Sen to‘rt botmon deb hisoblagin. Muzdakkina narsaga ko‘nglim ketgan edi, borib yigirma botmon amiriy uzum olib yedim, sen o‘nta deb bilgin.
Bu so‘zlarni eshitib, hang-u mang bo‘lib qolgan tabib dedi:
-
Ana endi sen hisoblagin, men aytib beray: sen olti yil sarsom (miya yallig‘lanishi) kasaliga giriftor bo‘lasan, uch yil deb faraz qilgin. Undan keyin to‘rt yil diq (siqilish, ozish) kasaliga mubtalo bo‘lasan, sen ikki yil hisoblayvergin. So‘ng ikki ko‘zing ko‘r bo‘ladi, sen bir ko‘zim deb o‘ylagin, ikki oyog‘ing shol bo‘ladi, sen biri deb hisobla. Undan keyin ich og‘rig‘i kasaliga chalinib, shu kasaldan o‘lasan, qabrga qo‘yib, ustingga yuz eshakka yuk bo‘ladigan tuproq bostiradilar, sen ellik eshak deb faraz qilgin. Bor, senga javob.
Bu voqeadan shunday xulosa chiqarish mumkin: to‘g‘ri ovqatlanish va me’yorida yeyish salomatlik garovidir.
Tinchlik qadri
Bir podshoh ajamlik quli bilan birga kemaga mindi. Qul umrida dengizni ko‘rmagan va kemada safar qilish mashaqqatini chekmagan edi. U kemaga minishi bilanoq vahimaga tushdi, butun vujudiga qaltiroq turib, faryod urib yig‘lay boshlaydi. Kemadagilar qanchalik iltifot ko‘rsatib, tasalli bermasinlar, baribir uni ovutishdan ojiz qoldilar. Qulning bu ahvolini ko‘rib, podshohning kayfi buzildi. Biroq uni tinchitish uchun hech qanday chora topib bo‘lmadi. Ittifoqo, kemada bir donishmand bor edi. U podshohga dedi:
-
Agar ijozat etsangiz, men uni tinchitishning chorasini qilaman.
-
Basharti shunday qilsang, bizga nihoyatda zo‘r lutf-u marhamat etgan bo‘lasan, - dedi podshoh.
Donishmand qulni dengizga tashlab yuborishni buyurdi. Qul bir necha bor cho‘kib, qalqdi. Shundan keyin uning sochidan tutib, kemaga yaqin keltirdilar. Qul ikki qo‘li bilan kemaga yopishib, jon holatda unga chiqdi-yu, miq etmay kemaning bir burchagida o‘tirdi. Podshoh bu holdan taajjubda qolib, donishmanddan:
-
Bunda qanday hikmat bor – deb so‘radi.
Donishmand javob berdi:
Bu odam dengizga g‘arq bo‘lish mashaqqatini boshidan kechirmagani sababli kemadagi tinchlik va salomatlikning qadrini bilmadi. Musibatga giriftor bo‘lmagan odam tinchlik-salomatlikning qadriga yetmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |