QO’SHIQ O’RGATISH USLUBLARI
Maktabda har xil qo’shiq, ashula o’rgatish va ijro etish-muzika tarbiyasining asosiy hamda muzika savodi va muzika tinglashning zaminidir.
Musiqa madaniyati o’qituvchisi umumiy ta’lim maktabining har bir sinfida o’rgatish uchun tavsiya qilinayotgan qo’shiq-ashula matnini puxta o’ylab chiqishi kerak. Repertuarga kiritiladigan qo’shiqlar g’oyaviy-badiiy qiymatiga qarab tanlanmog’i, o’quvchi bolalarga tushunarli va mavzu jihatidan xilma-xil bo’lmog’i lozim. Qo’shiq va ashulalar, hazil-mutoyiba qo’shiqlari, lirik qo’shiqlar, qahramonlik qo’shiqlari shular jumlasidandir. Ashulalarning bir qismi muhim sanalar bilan bog’liq bo’ladi.
O’zbek xalq qo’shiqlari qatorida rus, qozoq, ukrain, tojik va boshqa xalq qo’shiqlari ham o’rganib boriladi, albatta. Bu qo’shiqlarning hammasi bolalarni o’z Vataniga , muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalaydi. Bolalar o’z xalq qo’shiqlarini sevishadi, shuningdek boshqa xalqlarning qo’shiqlarini ham qadrlab o’rganishadi.
Shunga intilish krakki, bolalar sinfda o’rganib olgan qo’shiqlarini har yoqlama anglab, ta’sirli qilib ijro eta oladigan bo’lsin. Bu esa qo’shiqning qanday o’rganilganligiga, o’qituvchining qo’shiqdagi badiiy obrazni nechog’li ishonarli qilib ochib bera olganligiga bog’liq bo’ladi.
O’qituvchining darsga yaxshi tayyorlanishi qo’shiqni muvaffaqiyatli o’rgatishning muhim shartidir. U bolalar bilan birinchi marta o’rganiladigan ashulani juda yaxshi bilishi, to’g’ri va ta’sirli kuylab berishi kerak. O’qituvchi qo’shiqni chuqur o’rganib chiqqanidan keyingina uni bolalarga o’rgatishi mumkin.
Har bir qo’shiqni, hatto eng oddiysini ham juda sinchklab tahlil etish, uning g’oyaviy mazmunini bilib olish va musiqada shu mazmunning qanday ifoda vositalari bilan aks ettirilishini aniqla olish zarur. Butun qo’shiqni ijro etish rejasi oldindan belgilab olinadi va o’qituvchining darsda o’tkazadigan suhbatlarining mazmuni, ya’ni qo’shiqning asosiy sur’ati va undan chetlanishlar, rang-barangliklar, tovush xususiyatlari o’ylab chiqiladi. Agar og’zini yumgan holda kuylash, xor va yakkaxon peshxonlarning almashib turishi kabi ijro usullari bilan qo’shiq jarangdorligiga xilma-xillik kiritish, mumkin bo’lsa, o’qituvchi bu usullarni qaerlarda qo’llanish va bolalardan qaysibiri yakkaxon bo’lishi kerakligini belgilab qo’yadi. U tekstning ta’sirini kuchaytirish uchun qo’shiqning qaysi so’zlarini ajratib ko’rsatish va uqtirib o’tish zarurligini mo’ljallab qo’yadi.
Shuningdek, qo’shiqni ijro etish texnikasini ham puxta bilib olib, qanday joylarda nafas olish qulay bo’lishini, qo’shiqning qaysi tomonlari murakkabligini, nima uchun bolalarning o’zlashtirishlari qiyinligi va qaysi tomonlarini o’zlashtirishlar oson bo’lishini aniqlash kerak. O’qituvchi qo’shiqning murakkab o’rinlarini aniqlagach ularni o’rganishni osonlashtiradigan vositalarni topa oladi. Masalan, bu o’rinlar intonatsiya qiyinchiliklardan iborat bo’lsa, yordamchi mashqlar tuziladi.
Qo’shiq o’rgatish jarayonining bir necha asosiy paytlari bor:
a)o’qituvchining qo’shiqni ijro etishi; b) suhbat o’tkazish; v) qo’shiq matnini o’rgatish; g) qo’shiq kuyini o’rgatish; d) o’rganilgan qo’shiqni mustahkamlash; ye) qo’shiqning badiiy ijrosi ustida ishlash.
Har qanday qo’shiqni o’rgatishda ana shunday paytlarga rioya qilish shart. Bularni bajarish izchilligi esa o’rganilayotgan qo’shiqning xususiyatiga bog’liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |