QIMMATLI QOG‘OZLAR VA ularning turlari
Reja:
1. UMUMIY QOIDALAR
2.QIMMATLI QOG‘OZLARNI DAVLAT RO‘YXATIGA OLISH, MUOMALAGA CHIQARISH
UMUMIY QOIDALAR
Qimmatli qog‘ozlar tushunchasi
Qimmatli qog‘ozlar — bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi o‘rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki zayom munosabatlarini tasdiqlovchi, dividend yoki foizlar ko‘rinishida daromad to‘lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga berish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir.
Qimmatli qog‘ozlar — blankalar, sertifikatlar shaklida yoki schyotlardagi yozuv shaklida bo‘lishi va hisob-kitob qilishda, shuningdek kreditlar bo‘yicha garov sifatida foydalanilishi mumkin. Qimmatli qog‘ozlar yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tarqatiladi.
Qimmatli qog‘ozlarning qiymati, kiritilgan ulush shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi pul birligida ifodalanadi hamda to‘lanadi, ularni chiqarish shartlarida nazarda tutilgan hollarda esa, chet el valyutasida (aksiyalar bo‘yicha — mulkni o‘tkazib berish yo‘li bilan ham) to‘lanadi.
Qimmatli qog‘ozlarning turlari
Ushbu Qonun qimmatli qog‘ozlarning quyidagi turlariga amal qiladi:
aksiyalar;
obligatsiyalar;
xazina majburiyatlari;
qimmatli qog‘ozlarning hosilalari;
depozit sertifikatlari;
veksellar.
Aksiyalar, obligatsiyalar, xazina majburiyatlari va qimmatli qog‘ozlar hosilalarining rekvizitlari — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan, depozit sertifikatlari va veksellarning rekvizitlari esa, — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Qimmatli qog‘ozlar egasi yozilgan va taqdim etuvchiga tegishli bo‘lishi mumkin.
Qimmatli qog‘ozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bog‘liq holda ro‘yobga chiqarish uchun emitent (qimmatli qog‘ozni chiqaruvchi) tomonidan yoki uning topshirig‘iga binoan qimmatli qog‘ozlar borasida kasb faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilot tomonidan egasining nomini qayd etish zarur bo‘lsagina, egasi yozilgan bo‘ladi. Egasi yozilgan qimmatli qog‘ozni bir mulkdordan ikkinchisiga berish hisob-kitobdagi tegishli yozuvlarni o‘zgartirishda aks etadi.
Qimmatli qog‘ozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bog‘liq holda ro‘yobga chiqarish uchun qimmatli qog‘ozni taqdim etishning o‘zi yetarli bo‘lsa, taqdim etuvchiga tegishli hujjatlar deb hisoblanadi. Taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qog‘ozlar erkin muomalada bo‘ladi.
Aksiyalar
Aksiyalar — aksiyadorlik jamiyatining ustav fondiga yuridik yoki jismoniy shaxs muayyan hissa qo‘shganidan guvohlik beruvchi, aksiya egasining mazkur jamiyat mulkidagi ishtirokini tasdiqlovchi hamda unga dividend olish va, qoida tariqasida, ushbu jamiyatni boshqarishda qatnashish huquqini beruvchi, amal qilish muddati belgilanmagan qimmatli qog‘ozlardir.
Aksiyalar chiqarish to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlik jamiyati muassislari tomonidan yoki aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Sotib olingan aksiya uni chiqargan aksiyadorlik jamiyatiga, basharti bu narsa jamiyat ustavida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sotilishi mumkin emas.
Davlat korxonasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi emissiya risolasini tasdiqlashi aksiyalar chiqarish to‘g‘risidagi qaror hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |