Obligatsiyalar Obligatsiyalar ularning egasi pul mablag‘lari berganligini tasdiq etuvchi va qimmatli qog‘ozlarning belgilangan qiymatini ularda ko‘rsatilgan muddatda, qayd etilgan foiz to‘langan holda, basharti obligatsiyalarni chiqarish shartlarida o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qog‘ozlardir. Quyidagi turlardagi obligatsiyalar chiqariladi: respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari; korporativ obligatsiyalar. Obligatsiyalar oddiy va yutuqli, foizli va foizsiz (maqsadli), erkin muomalada yuritiladigan yoki muomala doirasi cheklangan qilib chiqarilishi mumkin. Maqsadli obligatsiyalarning rekviziti obligatsiyalar qaysi mollar (xizmatlar) uchun chiqarilgan bo‘lsa, shu mollarni (xizmatlarni) aks ettirishi shart. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari taqdim etuvchiga tegishli qilib chiqariladi. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda emitent, obligatsiyalarni chiqarish shartlari va ularni tarqatish tartibi belgilab qo‘yilishi lozim. Korporativ obligatsiyalarni faqat ochiq aksiyadorlik jamiyatlari: auditorlik tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan o‘z kapitalining obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi miqdori doirasida; keyingi uch yil mobaynida rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil reyting bahosini olgan bo‘lsa; investorlarga tegishli mablag‘larning emitentlar tomonidan to‘lanishi bo‘yicha to‘lov agentlari vazifalarini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqarishi mumkin. Korporativ obligatsiyalar o‘z egalariga ochiq aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda qatnashish huquqini bermaydi. Korporativ obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risidagi qaror ochiq aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organi tomonidan ushbu Qonunga va jamiyat ustaviga muvofiq qabul qilinadi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Korporativ obligatsiyalarni emitentlarning ustav fondini shakllantirish va to‘ldirish uchun, shuningdek emitentlarning xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini qoplash uchun chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Korporativ obligatsiyalar chiqarishga faqat ochiq aksiyadorlik jamiyatining ustav fondi to‘liq to‘langanidan keyin yo‘l qo‘yiladi”; Xazina majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining xazina majburiyatlari — ularning egalari budjetga pul mablag‘lari berganliklarini tasdiqlovchi hamda bu qimmatli qog‘ozlarga egalik qilishning butun muddati davomida qayd etilgan daromadni olish huquqini beruvchi, taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qog‘ozlar turidir. Xazina majburiyatlarining quyidagi turlari chiqariladi: uzoq muddatli — besh yil va undan ko‘proq muddatga mo‘ljallangan xazina majburiyatlari; o‘rtacha muddatli — bir yildan besh yilgacha muddatga mo‘ljallangan xazina majburiyatlari; qisqa muddatli — bir yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan xazina majburiyatlari. Uzoq muddatli va o‘rtacha muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Qisqa muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Xazina majburiyatlarini chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarda daromadlarni hamda majburiyat qarzlarini to‘lash shartlari belgilab qo‘yiladi. Depozit sertifikatlari Depozit sertifikatlari — bu pul mablag‘lari — omonat qo‘yilgani to‘g‘risidagi, omonatchi yoki uning huquqiy vorisining belgilangan muddat tugaganidan keyin omonat summasini va unga tegishli foizlarini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi bank — emitent guvohnomasidir. Depozit sertifikatlarini chiqarish va ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi. Veksel Veksel beruvchining yoxud vekselda ko‘rsatilgan boshqa to‘lovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani to‘lash yuzasidan qat’iy majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz veksel hisoblanadi. Veksellar oddiy va yuboriladigan veksellarga bo‘linadi. Veksel beruvchining muayyan summadagi pulni veksel oluvchiga yoxud uning buyrug‘iga binoan belgilangan muddatda yoki uning talabiga ko‘ra to‘lashdan iborat qat’iy majburiyatini o‘z ichiga olgan hujjat oddiy veksel hisoblanadi. Veksel oluvchining muayyan summadagi pulni oluvchiga yoxud uning buyrug‘iga binoan boshqa shaxsga belgilangan muddatda yoki uning talabiga ko‘ra to‘lash to‘g‘risidagi qatiy buyrug‘idan iborat to‘lovchiga qaratilgan hujjat yuboriladigan veksel hisoblanadi. Bunda to‘lovchi veksel bo‘yicha belgilangan muddatda to‘lovlarni amalga oshirishga (akseptni bajarishga) roziligini yozma ravishda tasdiqlashi shart. Veksellarni (xazina veksellaridan tashqari) chiqarish, ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari, ularni chiqarish va muomalada yuritish shartlarini Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilaydi. Xazina veksellarini chiqarish va muomalada yuritish qoidalarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi. Veksel oluvchining soliqlar bo‘yicha va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha budjetdan qarzi mavjud bo‘lsa, u faqat pul mablag‘larini olish tarzida vekselning haqini to‘lashga kirishadi va budjet bilan hisob-kitob qilib bo‘lgach, qolgan summani boshqa hisob-kitoblarga sarflashi mumkin.