2. Dog`li areallar. Bunday areallarda uchrovchi turlar areal doirasida alohida-alohida guruhlar hosil qilgan holda joylashadi. Guruhlar arealda dog`lar shaklidagi ko`rinishda joylashadi va ular o`rtasida o`zaro kuchli bog`lanish kuzatilmaydi.
3. Uzilgan areallar. Tur tarqalgan arealning ikki va undan ortiq qismlarga bo`linib ketishi uzilgan areallar shakllanishiga olib keladi. Mazkur areallarda populyatsiyalar orasidagi aloqalar ham butunlay uzilgan bo`ladi. Masalan, ko`k zag`izg`on Pireney yarim orolida va Uzoq Sharqda yashaydi. Arealning uzilishi yer yuzidagi turli o`zgarishlar tufayli sodir bo`lishi ham mumkin , ya`ni tur tarqalgan dastlabki areal bo`linishi natijasida turlarning o`zaro aloqasi uziladi. Masalan, tog`lik hududlardagi tektonik harakatlar natijasida yuzaga keladigan o`zgarishlar ayniqsa sutemizuvchilar areallarining uzilishiga sabab bo`ladi. Gondvana, Lemur, Pangeya va boshqa qadimiy quruqlik massivlarining mavjud bo`lganligi haqidagi gipotezalar areallar uzilishini tushuntirishga yaqqol misol bo`la oladi. Bu gipotezaga asosan, hozirda o`xshash turlar yashayotgan ikki va undan ortiq materiklar bir paytlar o`zaro tutash bo`lgan. Gondvana yerning janubiy yarim sharida paleozoy va qisman mezazoy erasida mavjud bo`lgan materik bo`lib, uning tarkibiga Janubiy Amerika, Afrika, Madagaskar, Arabiston, Hindiston, Avstraliya va qisman Antarktida kirgan. Bunday ulkan materikning mavjudligi va keyinchalik uning bo`linib ketishini tuyaqushlarning Amerika, Afrika va Avstraliya kabi uchta materikda hamda xaltalilarning Avstraliya va Janubiy Amerikada tarqalishi bilan tushuntirish mumkin. Ayni vaqtda hayvonot olamining yer yuzida tarqalishidagi boshqa qator misollar ham buni tasdiqlaydi.
Uzilgan areallarning hosil bo`lishiga turning qachonlardir turli to`siqlarni engib o`tishi va o`zi uchun yangi hududga joylashishi ham sabab bo`lishi mumkin. Bunday to`siqlarni ishg`ol qilish albatta katta qiyinchiliklar tug`diradi va ko`pgincha inson yordamida, uning turlarni bir hududdan ikkinchisiga o`tkazishi natijasida sodir bo`ladi va oqibatda uzilgan areallar shakllanadi. Masalan, Avstraliyaga inson tomonidan yevropa quyonlarining keltirilishi tufayli quyonning uzilgan areali shakllangan. Mazkur tur Avstraliyada juda tez ko`payib ketgan va ko`pchilik hollarda qishloq xo`jaligi va tabiiy komplekslarga jiddiy zarar etkazgan. Bunday misollarni iqlimlashtirilgan turlarda yana ko`plab uchratish mumkin.
Inson ko`pchilik hollarda turlarni ongli yoki ongsiz ravishda bir hududdan ikkinchisiga o`tkazadi va dastlab yaxlit bo`lgan tur arealini uzilgan holatga keltiruvchi asosiy omilga aylanadi. Ba`zi hollarda ayrim turlar inson ishtirokisiz ham arealini kengaytirishi yoki uzilgan areallarni hosil qilishi mumkin. Ayniqsa, nodavriy ravishda yoppasiga ko`chib yuruvchi turlar o`z areallarini kengaytirishi yoki yangi yashash muhitlarini o`zlashtirishi mumkin. Bunday o`zgarishlar noqulay abiotik omillar, oziqa bazasining yomonlashuvi, tur jamoasida zichlikning oshishi va shu kabi boshqa holatlar tufayli sodir bo`lishi mumkin. Ko`pchilik turlar uchun davriy, har yilisodir bo`lib turadigan migratsiya xarakterli bo`lib, migratsiya ham o`z navbatida tur arealida qator o`zgarishlarning paydo bo`lishiga olib keladi.
Uzilgan areallar areal tiplari orasida keng tarqalgan bo`lib, bir arealning bir necha qismlarga uzilish hodisasi diz`yunktsiya deyiladi. Tur areallariga nisbatan avlod va sinflarning areallarida uzilish ko`proq sodir bo`ladi. Ko`pchilik hollarda areallarning uzilish sabablari aniqlanmagan, ya`ni uzilgan areallar orasidagi sharoit tur uchun qulay bo`lsada areal uzilgan va bu holat ko`pincha har xil munozaralarga sabab bo`ladi. Areallarning uzilish sabablarini isbotlash, uning tub mohiyatini tushuntirib berish zoogeografiyaning asosiy vazifalaridan biridir.
Turlarning o`z areallarini o`zgartirish va kengaytirish xususiyatiga egaligi ayniqsa serharakat hayvonlarda (qushlar, qo`lqanotlilar va hasharotlar) yaqqol kuzatiladi va ularning okeanlardagi orollarni va shu kabi boshqa joylarni egallashiga olib keladi. Kechib o`tishning boshqa usullari orqali ham turli guruhlarga mansub hayvonlar o`zlarining birlamchi areallarini o`zgartira oladi.
Ch. Darvinning evolyutsion nazariyasiga binoan, har bir tur yer yuzasining muayyan bir qismida paydo bo`ladi hamda uning birlamchi areali kichik yoki katta bo`lishi mumkin va vaqt o`tishi bilan u kengayadi. Bunday kengayish organizmlarning tarqalishi, yangi joyda o`rnashishi tufayli sodir bo`ladi. O`rnashish turning egallagan maydoni chegarasidan tashqariga tarqalishidagi dinamik jarayondir (A.N.Tolmachev, 1974). Areallar dinamikasi tushunchasi ostida nafaqat uning kengayishi, balki torayishi ham yotadi. Areal ichida tur vakillarining o`z joyini o`zgartirishini populyatsion ekologiya o`rganadi. Areallardagi o`zgarishlar ularning juda uzoq yillar davomida chegaralari ko`rinishiga qarab aniqlanadi. Bunday o`zgarishlarni kuzatish ancha qiyin. Ammo ba`zan areallardagi o`zgarishlar inson tomonidan sodir qilinadigan kuchli ta`sirlar natijasida qisqa muddat ichida ham yuz berishi mumkin.
Turlarning yangi hududlarni egallash qobiliyati ularning vagilligiga, tarkibiga, fiziologik, etologik, populyatsion va boshqa xususiyatlariga bog`liq. Bir joyda paydo bo`lgan va shu joyda yashayotgan tur yoki avlod avtoxton deb ataladi. Bir joyda uzoq yillardan buyon yashayotgan turlar yoki boshqa sistematik guruhlar aborigenlar (mahalliy) deb yuritiladi. Tur paydo bo`lgan joy mazkur turning kelib chiqish markazi sanaladi. Avtoxton va endemik tushunchalari bir-biriga mos kelishi mumkin. Masalan, Kaspiy tyuleni Kaspiyning endemigi va avtoxtonidir. Paleontologik ma`lumotlarga ko`ra,o`zining dastlabki paydo bo`lgan joyida, ya`ni Shimoliy Amerikada qirilib ketgan lamalar endilikda faqat Janubiy Amerikada yashaydi. Shu sababli lamalar Shimoliy Amerikaning avtoxtonlari Janubiy Amerikaning esa endemiklari sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |