9.4. Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlashni takomillashtirish asoslari
Amaldagi me’yoriy hujjatlar16 talablariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha «El-yurt umidi» Jamgʻarmasi, iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa respublika hududlaridan yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirish va yanada modernizatsiyalash, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniyalarda maqsadli ta’lim olishini hamda stajirovkadan oʻtishini tashkil etish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ixtiyoriga oʻtkazildi.
Jamgʻarmaning qoʻshimcha vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari sifatida quyidagi vazifalar belgilandi:
iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa respublika hududlaridan davlat xizmatchilarini tizimli ravishda izlab topish, tanlash va ragʻbatlantirish, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishini va stajirovkadan oʻtishini tashkil etish;
professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga koʻmaklashish;
rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xizmati va ta’lim sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish;
xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, shuningdek, vatandoshlar bilan hamkorlikda onlayn platformalarga asoslangan masofaviy ta’lim dasturlari, oʻquv kurslari va boshqa ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish.
Mazkur Farmon talablariga koʻra:
jamgʻarma ta’lim dasturlari boʻyicha nomzodlarning ochiq saralash tanlovi davlat va jamiyat boshqaruvi;
qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasi;
ta’lim, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari;
iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilishi;
xorijda kadrlar malakasini oshirish, ularning stajirovkadan oʻtishini tashkil etish va xorijiy tillarga oʻqitish tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan maqsadli mablagʻlar, buyurtmachilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etilishi;
Jamgʻarma stipendiyalari kvotalari Vasiylik kengashi qaroriga koʻra ta’lim dasturlari hamda istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarni hisobga olgan holda ta’lim sohalari kesimida nomzodlarni saralash tanlovini oʻtkazish yoʻnalishlari boʻyicha ajratilishi;
Jamgʻarma ta’lim dasturlari boʻyicha ta’lim olgan stipendiantlarga stipendiant bilan tuzilgan shartnomada belgilangan tartib hamda muddat mobaynida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi mavjud boʻlgan tashkilotlarda uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanishi;
Jamgʻarma davlat xizmatchilari va boshqa toifadagi xodimlar salohiyatini oshirishga koʻmaklashish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni, eng avvalo respublika hududlaridagi yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida yetakchi xorijiy va mahalliy olimlar hamda ekspertlarni jalb etgan holda oʻquv kurslari, ilmiy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga egaligi;
stipendiant uzrsiz sababga koʻra ta’lim dasturlaridan chetlashtirilgan taqdirda yoki Jamgʻarma ta’lim dasturlari tugallanganidan soʻng mehnat faoliyatini vazirliklar, idoralar yoki boshqa davlat tashkilotlarida davom ettirishdan bosh tortgan hollarda;
Jamgʻarma tomonidan stipendiantning ta’lim olishi uchun sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar u bilan imzolangan shartnoma shartlariga muvofiq stipendiant tomonidan qoplanishi belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, Jamgʻarmaga, istisno tariqasida, oʻz ta’lim dasturlarini tashkil etishi, respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni jalb qilishi uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda import kontraktlari (shartnomalari)ni majburiy tarzda roʻyxatdan oʻtkazmagan holda birja tanlovlari va vakolatli organlarda kontraktlar (shartnomalar)ni ekspertizadan oʻtkazmasdan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi.
Yuqoridagi Farmon17 ijrosi asosida tasdiqlangan “Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha «El-yurt umidi» Jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi NIZOM” talablarida Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib, quyidagilar belgilandi:
iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa davlat xizmatchilarini respublika hududlaridan tizimli ravishda izlab topish, tanlash va ragʻbatlantirish, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish;
professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga koʻmaklashish;
rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xizmati va ta’lim sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish;
xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, shuningdek, vatandoshlar bilan hamkorlikda onlayn platformalarga asoslangan masofaviy ta’lim dasturlari, oʻquv kurslari va boshqa ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish;
ustuvor va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarni aniqlash, shu asosda Jamgʻarma stipendiantlarining yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda, shuningdek, tanlangan faoliyat sohasi boʻyicha ilgʻor tajribaga ega boʻlgan ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniya va tashkilotlarda ta’lim olishini tashkil etish;
vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning toʻgʻridan-toʻgʻri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha stajirovkadan oʻtish dasturlarini tashkil etish;
xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qoʻllash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish;
davlat organlarining kadrlar boʻyicha xizmatlari tomonidan foydalanilishi va onlayn tarzda izlash mumkin boʻlgan, jahon mamlakatlari hamda mutaxassisliklar boʻyicha kataloglashtirilgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reyestri (ma’lumotlar bazasi)ni yaratish va yuritish;
xorijiy olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni ta’lim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish;
ta’lim, sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida mehnat qilayotgan vatandoshlar orasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasi da iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha ularning gʻoya va fikrlarini toʻplash, umumlashtirish va tegishli tashkilotlarga etkazish, shuningdek, toʻplangan materiallarni tayyorlash va tarqatishning samarali tizimini yaratish;
xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashda, shuningdek, jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli ta’lim va ilmiy markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish;
jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha ta’lim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalaridagi istiqbolli mutaxassislarni, shu jumladan pedagoglar va ilmiy kadrlarni tanlab olish hamda tayyorlashni tashkil etish;
nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda istiqbolli mutaxassislarning oʻqishini monitoring qilish, ularning Oʻzbekistonda munosib ishga joylashishiga koʻmaklashish, ushbu mutaxassislarning mehnat faoliyatini monitoring qilish, ularning kasbiy jihatdan oʻsishiga va mansab poGʻonalarida koʻtarilishida koʻmaklashish;
mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning, shu jumladan vatandoshlarimizning Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning borishiga oid tahliliy materiallari chop etiladigan jurnallar, ilmiy toʻplamlarni tayyorlash va keng tarqatish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda kadrlarni xorijda oʻqitish borasidagi ishlar holatini monitoring qilish hamda xorijda kadrlarni tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ta’lim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda ularni hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish.
Amaldagi Nizom18 talablari asosida Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlariga muvofiq huquqlari belgilab berildi. Shu jumladan, quyidagi huquqlar davlat xizmatlarida inson resurslarini boshqarish masalasida muhim ahamiyat kasb etadi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan kadrlarning xorijda ta’lim olishi boʻyicha ishlar holati, xorijiy mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj va ularni, xususan vatandoshlar orasidan jalb etish, shuningdek, ayniqsa davlat xizmatiga jalb etilgan mutaxassislar faoliyati samaradorligiga doir tegishli axborotni soʻrab olish;
stipendiantlar xorijda oʻqishni tugatganidan soʻng ularning respublikadagi professional faoliyati monitoringini oʻtkazish, ularni Oʻzbekistonda munosib ishga joylashtirishga, kasbiy va mansab pogʻonalarida koʻtarilishiga koʻmaklashish masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonlari, ilmiy tashkilotlarda tadqiqotchilik faoliyati, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda amaliy faoliyatda ishtirok etishi uchun xorijlik yetakchi oʻqituvchilar, olimlar, muhandis-texnik kadrlar hamda mutaxassislarni respublikaga belgilangan tartibda taklif etish;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar hududida oʻz nomidan va oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnomalar hamda boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va imzolash;
Jamgʻarma ta’lim dasturlarini tashkil etish, shu jumladan respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, xususan vatandoshlarni jalb qilish uchun xorijiy hamkorlar bilan birja tanlovlari va vakolatli organlarda kontraktlar (shartnomalar) ekspertizasini oʻtkazmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar hududida turli koʻrgazmalar, tanlovlar, konferenstiyalar va boshqa ilmiy hamda ta’lim tadbirlarini tashkil etish;
davlat xizmatchilari va boshqa toifa xodimlari salohiyatini oshirish-ga koʻmaklashish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida yetakchi xorijiy hamda mahalliy olimlar va ekspertlarni, jumladan vatandoshlarni jalb etgan holda oʻquv kurslari, ilmiy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
Jamgʻarma faoliyatiga vazirliklar, idoralar, ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalar, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning ilmiy-pedagogik kadrlari hamda mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish;
shartnoma asosida turli ta’lim, ilmiy, maslahat va boshqa xizmatlar koʻrsatish.
Nizom talablariga muvofiq, Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi:
Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va uni rivojlantirish, Jamgʻarmaning ta’lim va boshqa dasturlari boʻyicha mablagʻlarini taqsimlash va foydalanishga oid eng muhim masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
nomzodlarni tanlov asosida saralab olish yoʻnalishlari va Jamgʻarma ta’lim dasturlari boʻyicha ta’lim sohalari kesimida kvotalar ajratish uchun istiqbolli hamda talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar roʻyxatini belgilaydi;
Jamgʻarma stipendiyalarini olish uchun tegishli yoʻnalishlar boʻyicha kalendar yil davomida davriy ravishda, ajratilgan moliyaviy resurslar doirasida ochiq saralash tanlovlarini e’lon qiladi;
Jamgʻarma ta’lim dasturlari boʻyicha tavsiya etilgan mamlakatlar, ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarni tavsiya etgan holda ochiq saralash tanlovlari gʻoliblarini tasdiqlaydi;
vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning toʻgʻridan-toʻgʻri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha amalga oshiriladigan stajirovkadan oʻtishni tashkil etishning tartibini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma stipendiyalarini moliyalashtirishning bir stipendiantga moʻljallangan cheklangan miqdorini tasdiqlaydi;
yetakchi xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalar bakalavriati, magistraturasi yoki doktoranturasiga mustaqil oʻqishga kirgan hamda ta’lim olayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Jamgʻarma stipendiyalarini ajratish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
saralash tanlovining barcha yoʻnalishlarida Jamgʻarma ta’lim dasturlari boʻyicha ta’lim olish uchun tavsiya etiladigan xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalar, vazirliklar, agentliklar, ishlab chiqarish, innovatsion kompaniyalar va boshqa tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tobora ortib borayotgan talablarini hisobga olgan holda xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, muhandis-texnik kadrlar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni doimiy va vaqtinchalik asosda ishga jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarning cheklangan miqdorini tasdiqlaydi;
vatandoshlar ishtirokida xorijda Oʻzbekiston haqida ijobiy axborot muhitini shakllantirishga, nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalar bilan aloqalar oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi;
davlat xizmatchilari va boshqa toifa xodimlari salohiyatini oshirishda koʻmaklashish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida ilgʻor xorijiy hamda mahalliy olimlar va ekspertlarni, jumladan vatandoshlarni jalb etgan holda oʻquv kurslari, ilmiy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etishni moliyalashtirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma faoliyatiga aloqador boshqa masalalarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha «El-yurt umidi» Jamgʻarmasi ta’lim dasturlari boʻyicha nomzodlarni ochiq saralash tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida NIZOM (PF-6168-son Farmoniga 4-ilova) talablarida belgilanganidek, ta’lim dasturlari boʻyicha ta’lim olishga qabul faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun hamda qabul va tanlab olishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Bunda saralash tanlovlarida quyidagi shaxslar ishtirok eta olmaydi:
a) bakalavriat ta’lim dasturlari boʻyicha – 25 yoshdan katta boʻlgan, avval oʻxshash ta’lim yoʻnalishi boʻyicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;
b) magistratura ta’lim dasturlari boʻyicha – 20 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;
v) doktorantura ta’lim dasturlari boʻyicha (shu jumladan aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) – 22 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar;
g) tanlangan mutaxassislik boʻyicha mehnat staji 2 yildan kam boʻlganlar;
d) oliy ma’lumotga ega boʻlmaganlar (mazkur talab bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
e) davlat hokimiyatining saylab qoʻyiladigan organlarida faoliyat yuritayotganlar;
j) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |