4-bob. Vazirlik, uning markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining huquqlari va javobgarligi
1-§. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
17. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritish;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlardan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, respublikaning chet eldagi diplomatik va savdo vakolatxonalaridan, davlat ulushi ustun bo‘lgan tijorat banklaridan Vazirlik vakolatiga tegishli masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
xorijdagi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar hamda O‘zbekiston Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, aloqalarni rivojlantirish va yozishmalar olib borish;
xorijiy davlatlar bilan belgilangan tartibda texnik va iqtisodiy axborotlar bilan almashish;
davlat statistika organlaridan zarur statistik axborotni bepul olish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
Vazirlik faoliyatining belgilangan sohasiga taalluqli masalalar bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarining mas’ul shaxslarining hisobotlarini eshitish;
Vazirlik faoliyatini amalga oshirish doirasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar o‘tkazish uchun davlat buyurtmasiga muvofiq loyihalarni saralash bo‘yicha tanlovlar e’lon qilish va tanlov komissiyalarini tuzish;
budjetning ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirilgan moliyaviy resurslarini taqsimlashda ishtirok etish;
tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishning belgilangan tartibini buzayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va holatlarda choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va mutaxassislarini jalb qilgan holda belgilangan tartibda yig‘ilishlar o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro tashkilotlarda mamlakat manfaatlarini ifoda etish hamda belgilangan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq shartnomalar tuzish;
investitsiya va tashqi savdoni rivojlantirish sohasida kadrlar tayyorlash uchun belgilangan tartibda idoraviy ilmiy va o‘quv markazlari, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish markazlarini belgilangan tartibda tashkil etish;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vazifalarni yoritish uchun belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish va matbuot organlarini tashkil etish;
Vazirlik va uning idoraviy mansub tuzilmalarining davlat mulkini o‘zining tashkiliy tuzilmasi doirasida bir bo‘linmadan boshqasiga bepul foydalanish huquqi bilan belgilangan tartibda o‘tkazish;
tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish, tashkilotlar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan texnologiya asbob-uskunalari, ehtiyot qismlar, materiallar va komponentlarni mahalliylashtiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarishda texnologik jarayonda foydalaniladigan toifaga kiritish to‘g‘risida xulosalar berish bo‘yicha vakolatlarni tegishli tashkilotlarga berishdan daromad olish;
Vazirlik binolariga xizmat ko‘rsatish, asbob-uskunalar, xo‘jalik jihozlari, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash, kompyuter va orgtexnikalarini saqlash va ulardan foydalanish ishlarini amalga oshirish, dasturiy ta’minotni xarid qilish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalarni hal qilish uchun shartnoma asosida ilmiy muassasalar, shu jumladan, xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb etish;
Vazirlikning ijtimoiy infratuzilmasini qonun hujjatlariga muvofiq tashkil qilish va takomillashtirish, Vazirlik tizimi xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va mukofotlashning yagona tizimini shakllantirish;
zarurat bo‘lganda, Vazirlikning rasmiy taklifiga binoan, shuningdek, uning roziligi bilan idoraviy mansub tashkilotlarining rasmiy taklifiga muvofiq O‘zbekistonga kelgan xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublika hududida yashashi va transport xarajatlarini to‘lash;
Vazirlik va uning tizimiga kiruvchi tarkibiy bo‘linmalar va tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini ko‘rish.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
18. Vazirlik:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi;
Vazirlik faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni so‘zsiz ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Vazirlik tomonidan qabul qilinadigan buyruqlar amalga oshirilishining sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasini rivojlantirish, shuningdek, dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa hujjatlarning samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |