O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI INVESTITSIYALAR VA TASHQI SAVDO VAZIRLIGI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5643-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4135-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-may,
390-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-maydagi 390-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini, shuningdek, uning rahbarlari funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Vazirlik yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy, birinchi navbatda, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari (boshqaruv ofislari) va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
3. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mazkur Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
4. Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, mulkchilik va idoraviy bo‘ysunish shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Vazirlik o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan bevosita va o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limlari, shuningdek, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, davlat tilida o‘z nomi yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobraqamlariga, jumladan, xorijiy valyutadagi hisobraqamlarga egadir.
7. Vazirlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, qisqartirilgani — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi;
b) ingliz tilida:
to‘liq — Ministry of Investments and Foreign Trade of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgani — Ministry of Investments and Foreign Trade;
v) rus tilida:
to‘liq — Ministerstvo investitsiy i vneshney torgovli Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgani — Mininvestvneshtorg.
8. Vazirlik joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahar, Taras Shevchenko ko‘chasi, 1-uy.
Do'stlaringiz bilan baham: |