10-bob. Qo‘mitaning hisobot berishi
67. Qo‘mita raisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida Qo‘mita faoliyati to‘g‘risida muntazam ravishda hisobot beradi.
68. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleks rahbari Qo‘mita rahbarlariga yuklangan vazifalarni samarali bajarish bo‘yicha ular faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi, Qo‘mita faoliyati samaradorligiga xolis baho beradi.
69. Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan rahbarlari va xodimlari rag‘batlantiriladi yoki yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
70. Qo‘mitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-son qaroriga
2-ILOVA
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Hududlararo inspeksiya deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Hududlararo inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) mustaqil tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi va bevosita Qo‘mita raisiga bo‘ysunadi.
3. Hududlararo inspeksiyaga joylashgan joyi va amalga oshirayotgan faoliyatidan qat’i nazar, yirik soliq to‘lovchilarning soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirish vazifasi yuklanadi.
4. Soliq to‘lovchilarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlari Qo‘mita tomonidan belgilanadi.
5. Hududlararo inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonuniga va boshqa qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qo‘mita qarorlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
6. Hududlararo inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankaga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida g‘aznachilik hisobraqamlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisobraqamlariga ega.
7. Hududlararo inspeksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — “Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi”, qisqartirilgani — “Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya”;
b) rus tilida:
to‘liq — “Mejregionalnaya gosudarstvennaya nalogovaya inspeksiya po krupnim nalogoplatelщikam”, qisqartirilgani — “Inspeksiya po krupnim nalogoplatelщikam”;
v) ingliz tilida:
to‘liq — “Interregional state tax inspection for large taxpayers”; qisqartirilgani — “Inspection for large taxpayers”.
8. Hududlararo inspeksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri, Abay ko‘chasi, 8-uy.
9. Hududlararo inspeksiya tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriyatchiligi Hududlararo inspeksiya tomonidan amalga oshiriladigan soliq to‘lovchilar uchun bajarish majburiy hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |