Viloyat hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital
qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo’jalik masalalari kotibiyati to’g’risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Viloyat hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo’jalik masalalari kotibiyati (keyingi o’rinlarda kotibiyat deb ataladi) viloyat hokimligi boshqaruv apparatining (keyingi o’rinlarda boshqaruv apparati deb ataladi) tarkibiy bo’linmasi hisoblanib, o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O’zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonuni va boshqa qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, xalq deputatlari viloyat Kengashining va viloyat hokimining hujjatlariga, Sirdaryo viloyati hokimligi boshqaruv apparati to’g’risidagi Nizomga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
2. Kotibiyat o’z faoliyatini viloyat hokimining rahbarligida amalga oshiradi. Kotibiyat o’z vakolatiga kiruvchi masalalar bo’yicha viloyat hokimining tegishli o’rinbosariga bo’ysunadi.
3. Kotibiyat o’z faoliyatini viloyat hokimligining boshqa tarkibiy bo’linmalari, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, tumanlar, shaharlar hokimliklari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
II. Kotibiyatning vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) sanoatni rivojlantirish sohasida:
hududning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, yuqori qo’shilgan qiymatli, raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha ishlab chiqarishlarni kengaytirish asosida hududning eksport salohiyatini oshirishga yo’naltirilgan mineral-xomashyoni va qishloq xo’jaligi xomashyosini sanoat yo’li bilan yanada chuqur qayta ishlash bo’yicha yangi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish dasturiy chora-tadbirlarini amalga oshirish;
sanoatning ishlamayotgan korxonalari faoliyatini tiklash chora-tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallarni mahalliylashtirish dasturlari amalga oshirilishini ta’minlash;
viloyatda standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish sohasida yagona davlat siyosati o’tkazilishini tashkil etish, xalqaro standartlarni qo’llash, shu jumladan sifatni boshqarish tizimi bo’yicha mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshliligini oshirish;
b) kapital qurilish va pudrat ishlari dasturlari sohasida:
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
kapital qurilish va pudrat ishlari dasturlari sohasida islohotlarning amalga oshirilishi tizimli va kompleks o’rganilishini tashkil etish;
pudrat tashkilotlarini mutanosib rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
kapital qurilishda, muhim xalq xo’jaligi ob’ektlari qurilishida, shu jumladan litseylar va kollejlar qurilishida pudrat ishlarini tashkil etish sohasida monitoringni ta’minlash hamda ahvol va vaziyatni tahlil qilish;
kapital qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishi bo’yicha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini ta’minlash;
qurilish kompleksini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, kapital qurilishda boshqaruv tizimiga va xo’jalik munosabatlariga bozor printsiplari va mexanizmlarini keng joriy etish, qurilish sohasida xususiy va kichik tadbirkorlikni, bozor infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;
loyihalash va qurilish ishlarini bajarish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirishda tanlov savdolari tashkil etish darajasini oshirish;
qurilishni tashkil etishning asosiy shakli sifatida ob’ektlarni foydalanishga tayyor holda barpo etishga o’tishni ta’minlash, qurilish faoliyatida shartnomaviy munosabatlarning rolini kuchaytirish;
v) qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoati sohasida:
qurilish industriyasini va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoatida islohotlarning amalga oshirilishi tizimli va kompleks o’rganilishini tashkil etish;
qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoatida monitoringni ta’minlash va ishlarning ahvolini tahlil qilish;
qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish sohasida qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishini ta’minlash;
qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoatida bozor printsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ushbu sohalarda xususiy va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;
qurilish materiallarining ilg’or turlarini ishlab chiqarishni o’zlashtirish, qurilish industriyasi korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;
g) muhandislik va yo’l-transport kommunikatsiyalari sohasida:
muhandislik va yo’l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, transport xizmati ko’rsatishni yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
transport va transport kommunikatsiyalari sohasida islohotlarning amalga oshirilishi tizimli va kompleks o’rganilishini tashkil etish;
transport va transport kommunikatsiyalarining barcha turlari faoliyati monitoringini ta’minlash hamda tahlil etish va ushbu sohalarda davlat siyosatini, boshqaruv shakllari, usullari va tuzilmasini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
transport sohasining faoliyat ko’rsatishi va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini tashkil etish;
yo’lovchilar va yuk tashishni maqbullashtirish, uning samaradorligini oshirish va uni oqilona tashkillashtirish, transport kommunikatsiyalarini jadal rivojlantirish hamda ularning barqaror faoliyat ko’rsatish vazifalari hal etilishini tashkil etish;
transport va transport kommunikatsiyalari sohasi faoliyati masalalarida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlarning o’zaro hamkorligini ta’minlash;
d) kommunal xo’jaligini isloh qilish va rivojlantirish sohasida:
ko’rsatilayotgan uy-joy-kommunal xizmatlar darajasi va sifatini oshirishga yo’naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholini sifatli ichimlik suv bilan va sanitariya jihatidan tozalash tizimi bilan ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlarining bajarilishini ta’minlash;
aholi punktlarini obodonlashtirish, kommunal xo’jaligini rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
kommunal xizmat ko’rsatish sohasida islohotlarning amalga oshirilishini tizimli va kompleks o’rganishni tashkil etish;
kommunal sohada monitoringni ta’minlash, ushbu sohadagi ahvol va vaziyatni tahlil etish, kommunal xizmat ko’rsatishdagi sifat o’zgarishlarini va uni rivojlantirish tendentsiyalarini baholash;
davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining kommunal xizmat ko’rsatish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, kommunal xizmat ko’rsatish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi qonunlarini, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ijro etish bo’yicha faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini ta’minlash;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va kommunal xizmat ko’rsatish tizimini rivojlantirishga doir vazifalar kompleks hal etilishini tashkil etish;
kommunal xizmat ko’rsatish sohasida boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, tarmoqqa xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
e) yoqilg’i-energetika kompleksi sohasida:
iqtisodiyot tarmoqlari va viloyat aholisini yoqilg’i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlashni o’rganish va takliflar tayyorlash;
yoqilg’i-energetika kompleksini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo’yicha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlash;
yoqilg’i-energetika kompleksida islohotlarni chuqurlashtirish masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini nazorat qilish;
j) qora va rangli metallar chiqindilarini tayyorlash va davlatga topshirish bo’yicha belgilangan topshiriqlar va rejalarning bajarilishini nazorat qilish.
5. Kotibiyat o’ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
o’z vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha axborotlarni to’plash va umumlashtirish;
tegishli tarmoqlarda va hududlarda ishlarning ahvolini o’rganish hamda viloyat hokimi va uning o’rinbosari uchun tegishli materiallarni tayyorlash;
tegishli tarmoqlarni rivojlantirish, tegishli tarmoqlarda islohotlarni chuqurlashtirish dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish monitoringini olib borish;
O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti-ning hujjatlari va topshiriqlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashi va viloyat hokimining hujjatlari ijrosini nazorat qilish;
tegishli tarmoq va sohalar bo’yicha tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini ta’minlash;
viloyat hokimi (tegishli o’rinbosar) ko’rib chiqishi uchun tahliliy, ma’lumotnoma materiallar va boshqa materiallarni tayyorlash;
viloyat hokimligiga kiritilgan hujjatlar loyihalari ekspertiza-sini amalga oshirish va ularni ishlab chiqish, ular yuzasidan zarur tahliliy va ma’lumotnoma materiallar tayyorlash;
viloyat hokimi va tegishli o’rinbosar tomonidan o’tkaziladigan yig’ilishlarga materiallar tayyorlash va ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish;
o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq davlat va xo’jalik boshqaruvining mutasaddilik qilinadigan organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
viloyat hokimi va tegishli o’rinbosar boshchilik qiladigan tegishli komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qo’mitalar ishi samaradorligini ta’minlash, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko’rib chiqish va ularda qo’yilgan masalalarni hal etish bo’yicha takliflar tayyorlash, ularning o’z vaqtida ko’rib chiqilishini nazorat qilish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish.
Kotibiyat qonunchilik hujjatlariga va viloyat hokimining hujjatlari (topshiriqlari)ga muvofiq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
III. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi
6. Kotibiyat o’ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o’ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun zarur bo’lgan materiallar va ma’lumotlarni boshqaruv apparatining boshqa tarkibiy bo’linmalaridan, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalaridan, tumanlar, shaharlar hokimliklaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda so’rash va olish;
boshqaruv apparati, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, tumanlar, shaharlar hokimliklari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari (vakillari) ishtirokida yig’ilishlar o’tkazish;
viloyat hokimining (tegishli o’rinbosarning) topshirig’iga binoan davlat organlari, xo’jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning majlislari va yig’ilishlarida qatnashish;
zarurat bo’lganda viloyat hokimligida ko’rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari (vakillarini) belgilangan tartibda jalb etish, ushbu maqsadlarda ishchi guruhlar tashkil etish.
Kotibiyatning zarur materiallar, ma’lumotlar, shuningdek boshqa hujjatlar taqdim etish bo’yicha talablari boshqaruv apparatining tarkibiy bo’linmalari, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, tumanlar, shaharlar hokimliklari tomonidan kotibiyat belgilagan muddatlarda bajarilishi zarur.
7. Kotibiyat:
o’ziga yuklangan vazifalarning zarur darajada va samarali bajarilishi uchun;
viloyat hokimligiga kiritilgan takliflar va masalalarni ekspert jihatidan sifatli ishlab chiqishning tashkil etilishi uchun;
O’zbekiston Respublikasi qonunlarining, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari va boshqa hujjatlarining, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, topshiriqlarining o’z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun;
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil
12 yanvardagi “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi ta’minlanishi uchun;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko’rib chiqilishi uchun javob beradi.
IV. Kotibiyatning tuzilmasi
8. Kotibiyatning tuzilmasiga kotibiyat mudiri, bosh, etakchi va
I-toifali mutaxassislar kiradi.
9. Kotibiyat mudiri va mutaxassislari hokimning tegishli o’rinbosari taqdimnomasi bo’yicha hokimning qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
10. Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo’jalik masalalari kotibiyati to’g’risidagi nizom va kotibiyat mudirining funktsional vazifalari viloyat hokimi tomonidan, kotibiyat xodimlarining funktsional vazifalari viloyat hokimining tegishli o’rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
V. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish
11. Kotibiyat ishlari O’zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonuni va boshqa qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, viloyat hokimining qarorlari va topshiriqlariga, Sirdaryo viloyati hokimligi boshqaruv apparati to’g’risidagi Nizomga, ushbu Nizomga, boshqaruv apparatida amalda bo’lgan ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqaruv apparatida ish yuritish bo’yicha yo’riqnomaga muvofiq yarim yillik ish rejalar asosida tashkil etiladi.
Kotibiyatning yarim yillik ish rejalari belgilangan tartibda viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Kotibiyat mudiri:
kotibiyatga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, kotibiyat mutaxassislari ishini tashkil qiladi hamda kotibiyatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi, ijro intizomining ahvoli uchun shaxsan javob beradi;
viloyat hokimligiga kiritilgan kotibiyat mutasaddilik qiladigan sohaga kiruvchi masalalar bo’yicha hujjatlar loyihalarini va boshqa hujjatlarni ko’rib chiqadi, mazkur loyihalarga rozilik beradi hamda ular yuzasidan ekspert xulosalarni imzolaydi;
viloyat hokimligining majlislarida, viloyat hokimi va uning tegishli o’rinbosari tomonidan o’tkaziladigan yig’ilishlarda, tegishli komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qo’mitalar majlislarida qatnashadi;
kotibiyat mutaxassislari o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
viloyat hokimligining boshqaruv apparatida amalda bo’lgan Yo’riqnomaga muvofiq ish yuritilishini ta’minlaydi;
vakolati doirasida chiqadigan xat-xabarlarni imzolaydi;
kotibiyat ishlarini takomillashtirish, mutaxassislarning ish malakasini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
kotibiyat mutaxassislarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ularni rag’batlantirish hamda ularga tanbeh berish to’g’risidagi takliflarni viloyat hokimining tegishli o’rinbosariga taqdim etadi.
15. Kotibiyat mudiri vaqtincha bo’lmagan taqdirda uning vazifasini kotibiyat bosh mutaxassisi bajaradi.
16. Kotibiyatning bosh, etakchi va I-toifali mutaxassislari:
funktsional vazifalarga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishi, ishonchliligi va o’z vaqtida tayyorlanishi hamda funktsional vazifalarga muvofiq topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning ta’minlanishi uchun shaxsan javob beradi;
tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo’yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarni tayyorlaydi, shuningdek ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta’minlaydi;
materiallar va hujjatlar loyihalari to’g’risida kotibiyat mudiriga, shuningdek belgilangan tartibda hokimning tegishli o’rinbosariga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar bo’yicha nazorat rejasini yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, tegishli tarmoqlar va sohalar bo’yicha - O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimning hujjatlari bajarilishini tahlil qiladi;
tegishli funktsional masalalar va hujjatlar bo’yicha tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;
hokim va (yoki) uning tegishli o’rinbosari tomonidan o’tkaziladigan majlislarda, shu jumladan har haftalik apparat yig’ilishlarida va o’ziga biriktirilgan masalalar bo’yicha har xil komissiyalar majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
Ushbu nizomga va funktsional vazifalarga muvofiq boshqa funktsiyalarni amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |