Fuzarioz so’lish. Bu kasallikni qo’zg’atuvchisi - Fuzarium oxysporum Sch. f. Vasinfecttium snyder et Hansen zamburug’i. Bu kasallik bilan g’o’zaning ingichka tolali navlari (Gossipium barbadense) zararlanadi.
Kasallik shu navlar ekiladigan hamma yerlarda uchraydi. Kasallik belgilari nihollar paydo bo’lganda o’sish davrining oxirigacha uchraydi. YOsh nihollarning urug’ bargida tomirlarining sarg’ayishi kuzatiladi.
Barglarning ma’lum bir qismi yoki bargning butun qismi sarg’aygan tomirlar yordamida mayda yashil qismlarga bo’linib, tursimon ko’rinish ayniqsa, bargni yorug’likka tutganda yaqqol ko’rinadi.
Voyaga yetgan o’simliklarda kasallik belgilari shonalash davrida namoyon bo’ladi. Kasallik kuchli kechganda barglar qo’ng’ir tusga kirib, so’liydi va to’kilib ketadi.
Fuzarioz uchun xos bo’lgan belgilardan yana biri, poyaning o’tkazuvchi naylarining qo’ng’ir tusga kirishidir. Zamburug’ tuproqda yashaydi. Zamburug’ mitseliysi tuproqdan o’simlikning ildizi orqali o’tkazuvchi to’qimasiga tarqaladi. Asosiy infektsiya manbai zararlangan o’simlik qoldiqlari va tuproqdir. Ularda zamburug’ xlamidosporalar orqali qishlab chiqadi.
Gommoz.Kasallikning asosiy qo’zg’atuvchisi Xantomonas malvecearumDovson bakteriyasidir.
Birlamchi infektsiya tufayli g’o’zaning urug’ barglarida, yumaloq moysimon dog’lar hosil bo’ladi. Ikkilamchi infeksiya barglarni, poya va ko’saklarni zararlaydi. CHin barglarda kasallik ta’sirida 2 xil dog’lar hosil bo’lishi mumkin: tomir oralarida o’tkir burchakli dog’lar hosil bo’ladi.
Poyadagi gommoz o’simlikning o’sish davrida uchraydi. Ko’pincha kasallik barg qo’ltig’idan yoki barg bandidan boshlanadi. Avval moysimon yoki botiq dog’lar hosil bo’ladi. U sekin – asta kengayadi va poyani o’rab oladi.
Zararlangan poya ingichkalashib qo’ng’ir tusga kirib va dog’ yuzasida tomchi singari qotib qoluvchi yoki parda hosil qiluvchi yelimsimon shira ajraladi. Kasallangan o’simlik poya qismidan sinishi va o’simlik nobud bo’lishi mumkin.
SHuning uchun kasallikning bu shakli eng xavfli bo’lib hisoblanadi. Zararlangan ko’saklarda to’q-yashil, yumaloq, botiq dog’lar hosil bo’lib, to’q jigarrang tusga kiradi, hamda ular sarg’ish yelimsimon shira tomchilari yoki bakteriyalar to’plamidan iborat oqish parda bilan qoplanadi.
Kasallik paxta tolalariga ham o’tishi mumkin. Zararlangan tolalar o’zaro yopishib yozilmaydigan bo’lib, yumaloqlanib qoladi, ayrim hollarda ko’saklar bir tomonga qarab qiyshayib, ochilishi qiyinlashadi yoki umuman ochilmasligi ham mumkin.