103
edi. Chunki g‘ururini yo‘qotgan kishida qadr-qimmat hissi o‘ladi, u haqiqat, adolat
va insoniy huquqlar tantanasi uchun kurashdan o‘zini olib qochadi. Zotan, qadr-
qimmat insoniy g‘ururning jamiyatdagi ijtimoiy-axloqiy munosabatlarda in’ikos
etish shaklidir.
Lekin g‘urur me’yorida bo‘lishi kerak, ya’ni kishining asl qadr-qimmatiga
mos kelishi lozim. G‘ururdagi me’yorning buzilishi kishini kibrga olib keladi: u
o‘zining va boshqalarning qadr-qimmati to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurga ega
bo‘lgani
uchun kibrlanadi, manmanlikka beriladi. Kibrli kishi o‘zini zo‘r deb
biladi. Bu shunchaki ro‘y bermaydi. Aslida u o‘z qadr-qimmatining
boshqalarnikidan past ekanligi tufayli, uni sun’iy ko‘tarishga harakat qiladi,
ma’naviy bo‘shliqni boshqalarga past nazar bilan qarash orqali to‘ldirishga intiladi,
bu yo‘lda yolg‘on va maqtanchoqlikdan toymaydi. Pirovard natijada, u
atrofdagilardan ajralib qoladi, o‘zgalarning nafratiga sazovor bo‘ladi, asl o‘zligini
topolmagan axloqsiz kimsaga aylanadi. Shu bois doimo insonning “o‘z o‘rni”ni ‒
qadr-qimmatini real bilishi, o‘zgalargagina emas,
birinchi navbatda, o‘ziga baho
bera olishi muhimdir. Xullas, qadr-qimmat – insonning o‘zi, o‘zgalar va jamiyat
tomonidan oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi, uning ma’naviy huquqlarining tan
olinishidir.
Ideal.
Bir qaraganda, idealda ham baholash xususiyati mavjuddek tuyuladi.
Lekin aslida u qiyoslashga asoslanadi. Antiqa tomoni shundaki, idealda nomavjud,
xayoldagi insonga voqelikdagi real, mavjud inson, hayotdagi hodisalar
qiyoslanadi, ya’ni bor narsa yo‘q narsa bilan o‘lchanadi. Zero, ideal hayotda
mavjud bo‘lishi mumkin emas ‒ bu hammaga ayon gap. Buning ustiga, ideal, yirik
ma’noda, hozirgi zamonda ham, kelajakda ham bo‘lmaydi, uning mavjudlik sharti
‒ o‘tgan zamon. Shunday qilib, idealga intilish shaxsning o‘z zamonasidagi odatiy
sharoitga sig‘maslik, uni tezroq kengaytirish uchun qilingan xatti-harakatidir. Bu
xatti-harakat
uchun namunani inson, hozirgina aytganimizdek, kelajakdan
topolmaydi, chunki namuna tarixiylikni, tajribaviylikni talab etadi; axloqiy idealga
aylangan shaxs tarixiy tajribadagina mavjud bo‘ladi va muayyan zamonga kelib, u
ma’lum ma’noda mubolag‘aviy hamda afsonaviy ta’rif-tavsif bilan boyitiladi, ya’ni
ideallashtiriladi. Bunga ideal odil podsho No‘shiravoni odil yoki ideal saxovat
egasi, jo‘mard inson Hotami Toy Yamaniy siymolari yorqin misol bo‘la oladi.
Inson ideal sari intiladi, o‘z hayotini unga qiyoslaydi, unga taqlid qiladi. U
inson hayotidagi eng oliy axloqiy talabki, uning bajarilishi shaxsni komillikka
yetkazadi. Albatta, hayotda bunga to‘la erishib bo‘lmaydi,
lekin inson ana shu
komillikni o‘ziga namuna bilib, idealga intilib yashashi jarayonida nisbiy-hayotiy
komillikni qo‘lga kiritadi.
Dunyoviy ideal bilan, to‘g‘rirog‘i, ijtimoiy-axloqiy ideal bilan diniy ideal,
bir qaraganda, o‘xshashdek ko‘rinsa-da, aslida keskin farq qiladi. Chunonchi,
musul-monlar uchun ‒ Muhammad alayhissalom, nasroniylar uchun ‒ hazrati Iso,
yahudo dinidagilar uchun ‒ hazrati Muso ideal hisoblanadi. Ular ideal sifatida hech
qachon o‘zgarmaydi, boqiy. Ijtimoiy-axloqiy ideallar esa o‘zgarishi mumkin va
ko‘p hollarda o‘zgarib turadi. Masalan, sho‘rolar davrida o‘sha
tuzum asoschisi
Lenin ‒eng yuksak axloqiy ideal sifatida talqin etilardi va ko‘pchilik tomonidan
104
shunday qabul qilinardi. Hozir esa “Kuch ‒ adolatda!” degan shiorni hayotining
ma’nosi deb bilgan buyuk ajdodimiz Amir Temur ko‘pchilik tomonidan ijtimoiy-
axloqiy ideal, adolatli davlat rahbarining namunaviy timsoli tarzida qabul qilinadi.
Demak, muayyan tuzum talablaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy-axloqiy ideallar
o‘zgarishi mumkin.
Biroq har bir tuzumning umri umumiy tarixiy jarayonda nisbatan qisqa
vaqtni o‘z ichiga oladi. Yolg‘on, ko‘zbo‘yamachilik va zo‘ravonlikka asoslangan
tuzum esa uzoq muddat yashay olmaydi. Chunki zimdan axloqiylikni inkor etgan
siyo-satning bir kunmas bir kun albatta, asl basharasi ochiladi. Shu bois faoliyati
niqob-langan axloqsizlikdan iborat bo‘lgan Lenin, Stalin,
Gitler kabi ijtimoiy
ideallarning umri uzoq bo‘lmadi-aldangan ko‘pchilik qisqa vaqt mobaynidagina
ularni ideal deb bildi.
Bunday salbiy hodisalarga qaramay, ideal, umuman, jamiyatda, shaxs ha-
yotida ijobiy hodisa. U insoniyat tarixida yorug‘ mayoq vazifasini o‘tab kelmoqda,
bundan keyin ham uning asosiy vazifasi shunday bo‘lib qolajak. Chunki idealda
har bir inson o‘z baxtining hissiyotli ifodasini ko‘radi, hayotining ma’nosini unga
qarab intilishda deb biladi.
Do'stlaringiz bilan baham: