www.ziyouz.com
kutubxonasi
99
Sen Rahimi Rahmonsan, Haqsan, Halloqsan, kechir, Seni o‘z arzim ila bezovta qilmoqdaman. Men
o‘zim uchun so‘ramayman, menga dunyo rohat-farog‘ati darkor emas, umrim chirog‘ini uzaytirmasang
ham mayliga. Yolg‘iz odamzod bolalarining dillarini xalos etmoqlikni tilayman. Sen G’affori
Olamsan, ko‘ngillarimizga muhr bosma, jaholatda qoldirma, toki yaxshilik va yomonlik yorug‘ olamda
birga mavjud ekan, bizni bahonai sabab zanjirlaridan xalos et. Odamlarning dil ko‘zlarini ochgaysan.
O’zim uchun so‘ramayman, tilim ojiz. Men har qanday ajr-oqibatingga hozirman — xoh jahannam
o‘tiga tashla va xoh chek-chegarasi yo‘q Saltanatingga ol. Qismatimiz o‘z qo‘lingda, yo Halloq, yo
Malloh!
Sening Rohibai qulingman, habiy kaloming somesiman, senga yakka-yolg‘iz bir arzim bor, o‘zga
arzim yo‘q. Dilimni hayot va dunyo rohatidan, qayg‘u-nadomatidan, o‘tkinchi ne’matlaridan poku
tabar etdim. Sening pok Ruhingga yetishmoq iltijosi bilan shunday qildim, Xudoyo.
Yolg‘iz shuni so‘rayman, mo‘‘jizangni ko‘rsat: mayli, o‘sha kema kechani kecha demay, kunduzni
kunduz demay, o‘sha yo‘lida hech to‘xtamay davom etsin, to samo evrilmog‘ida kun tunga batamom
quyulguncha, tun kunga batamom quyulguncha. Mayli, o‘sha kema to‘p-to‘pxonalarni og‘izlarini
bog‘lagancha hech to‘xtamay ummonlardan ummonlarga suzib yursin, dengiz to‘lqinlari uvvos solib,
shaldirab uning to‘shlariga urilsin. Ummonning achchiq suvlari unga shovullab to‘kilsin, zarralar
sochilsin, zarrachalar zarillab unga nafas bersin. U kema devorlarining qarsillagani, mashinalarning
gursillagani, shamol bilan kemaga ergashgan chorloqlarning g‘ayqillaganini eshitsin. Mayli, kema eng
uzoq ummonlarning eng uzoq sohillaridagi. oppoq shaharga yo‘l tutsin, lekin bari bir u yerga endi hech
qachon yetolmagay...
Sendan tilagim ana shu, xolos. Tun-kun tilovat qilib, faqat shuni so‘rayman. Yo Rahimi Rahmon,
mag‘firatingga begona qilmagaysan, kechir, cho‘kkan kemani tilovatimga qo‘shdim, arzimas dema.
Sen umidlar dargohisan. Ohimiz dargohingga yetib borsin. Sen Qodirsan, Qahhorsan, Rahmonsan. Har
narsaning boshi senda, oxiri ham senda. Senga yelvorib boramiz. Sendan najot so‘raymiz har kachon,
har qayda. Men olamdan o‘tganda, sendan kim iltijo qiladi, kim yolvoradi Xudoyo, mayli o‘sha kema
ummonlaringda, mangu-mangu ummonlaringda cheksizliklardan ham narida suzib yuraversin. Omin!»
O’sha kecha rohibaning tilovati nima boisdan yana esiga tushganligini uning o‘zi ham bilmasdi.
Agar Uchquduqqa mototsikl minib kelgan juvon uchrab qolsa, unga ham shu tilovatni o‘qib berardim,
degan o‘y hayolidan lip etib o‘tdi va kulgisi qistadi. Avdiy beixtiyor kulib yubordi-da, e, bevosh
tentak, dedi o‘ziga o‘zi va holiga maymunlar yig‘lab, sho‘riga sho‘rva to‘kilib, xuddi besar, bevatan
o‘g‘ri-qaroqchilarday ko‘prik tagida shumshayib o‘ltirganimni u ko‘rib qolsa, nima bo‘lardi, deb
tasavvur qildi. Kim deb o‘ylardi meni, tag‘in shu ahvolda unga kema haqidagi tilovatni o‘qib
bermoqchiman. Qip-qizil devona-ku, derdi u va albatta, haq chiqardi. Bu alfozda uning ko‘ziga
ko‘rinishdan nomus qilsa ham, lekin baribir uni juda ko‘rgisi keldi...
Avdiy tong oqarguncha ko‘prik ostida o‘tirdi, uning boshi ustidan qaldirab cho‘lning poezdlari
o‘tardi. Lekin, hammadan ko‘proq xumor choparlarni o‘ylardi. Qaerda ekan ular? Nima qilishayotgan
ekan hozir? Jalpoq-Sozdan o‘tib olishgandir, yo‘lda ketishayotgandir. Qaerda hozir Petruxa, Lyonka va
boshqalar? Xuddi alvastiday tutqich bermaydigan Grishan-chi? Avdiy qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganligi,
yanglishganligi uchun hozir qattiq achindi. Grishan yutdi, uning qora ishi tantana qildi, hammasi juda
yomon natija bilan tugadi. Attang! Shunday bo‘lsa-da, Avdiy mana shu kunlar boshiga tushgan
sinoqlar bejiz ketmaganligini tushunardi. Bularning barini ko‘rishi kerak edi. U choparlarni xatarli
yo‘ldan qaytarolmadi, lekin gazetada chiqishi uchun qiziqarli material to‘pladi, bu materialni o‘z
peshona teri bilan topdi.
Shu kabi mulohazalar Avdiyga andak tasalli berar, lekin joni ayniqsa, Lyonkaga achishardi. Uni
to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin edi, biroq ulgurmadi.
Avdiy Mo‘yinqum cho‘llarida barcha ko‘rgan-kechirganlarini birma-bir hayolidan o‘tkazdi.
Bo‘rilarni uchratgani, ko‘kyol bo‘ri o‘qday uchib boshidan oshib o‘tgani, ammo unga ziyon
yetkizmagani esiga tushdi. Bu bir sinoat, juda g‘alati hodisa. Bo‘rining o‘t chaqnagan, aqlli ko‘k
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |