www.ziyouz.com
kutubxonasi
96
va hali uning Avdiy degan ismini ham bilmaydigan bobokalonlari osha Hefsimanda hozir bo‘lgan edi.
Avdiy ismi ancha keyinroq borib ma’lum bo‘ladi va uning o‘zi ham uzoq yigirmanchi asrda dunyoga
keladi...
Avdiy Murabbiy ushlab olib ketilgan o‘sha anjir daraxti ostida uzoq yig‘lab o‘tirdi. Koshkiydi
shuncha o‘rtangani, bag‘rini tig‘laganiga yarasha olamning ma’yus taqdiri o‘zgarsa...
Keyin o‘rnidan turdi. G’amboda bir holda shahar sari yo‘l oldi. Tungi Quddus devorlari ortida
xaloyik hayit arafasi osuda uyquga cho‘mgandi. Yolg‘iz u yuragi tahlikaga to‘lib, sarsari shahar kezar
va yakkash suroqlardi: qani, Murabbiy, unga ne bo‘ldi? Keyin uning hayoliga hali ham kech emas, hali
Murabbiyni qutqarish mumkin, degan fikr keldi va yo‘lida uchragan barcha darchalarni taqillatishga
tushdi: «Odamlar, turinglar, xatar kelyapti! Hali vaqt bor, Murabbiyni qutqaraylik! Men uni Rossiyaga
olib ketaman. Oka degan daryoda bir xoli orol bor...»
Avdiyning fikricha, daryo o‘rtasidagi o‘sha orolda Murabbiy har qanday xavf-xatardan emin
bo‘ladi. Shu yerda u dunyoning buqalamunliklari haqida o‘y suradi. Ehtimol, shu yerda Unga yangi
bashorat kelar va u olis-olis zamonlarga odamzod uchun yangi yo‘l topar va odamzodga yangi ilohiy
barkamollik baxsh etar, toki shunda u o‘z zimmasiga ixtiyoriy tarzda ortgan mahdiulyolik burchi va
maqsadi qonli yo‘llardan o‘tmagay, xorlik, xo‘rlik va azob-uqubatlarga giriftor bo‘lmagay. Holbuki, u
devona odamlar va adolat deb, shu barcha azoblarni o‘z ustiga olishga, ta’qiblarga dosh berishga
tayyor! Ta’qiblar esa ashaddiy va shiddatkor! Axir, kelajak nasllarning baxt-saodati uchun u o‘sha
halokatli vazifani o‘z zimmasiga oldi. Insonni azal adolatsizliklarga daxldorlik zulmidan xalos etish
yo‘li tanlanganda bundan qochib qutulmoqning iloji ham yo‘q. Zotan, tabiiy narsalarda adolatsizlik
bo‘lmaydi. U faqat odamlar o‘rtasidagina mavjud va odamlardan boshlanadi. Biroq, maqsadga
shunday g‘ayritarixiy yo‘l bilan yetib bo‘larmikin? Ammo Murabbiyning ushbu sabog‘i inson o‘z
shaxsiy manfaatlarini qondirish uchun intilganda, diyonat va imon ovozini o‘chirganda, bosganda,
o‘zini oqlash uchun son-sanoqsiz bahonalar to‘qiganda, men yomonlikka qarshi yomonlik bilan javob
berishga majbur bo‘ldim deganda, har safar unutilmasmikin? Shu saboq unutilmasligi uchun bir oz
bo‘lsa-da, ishonch bormikin? Xilqatlar gultoji insonni farovonlik va kulfatlarda, qashshoqlik va dov-
davlatmandlikda, hukm surganda va hukm surmaganda har doim unga hamroh halokatli. hirsu-
havaslardan qaytarib bo‘larmikin? Xilqatlar toji insonni boshqalar ustidan hukmronlik yuritish
ishtiyoqi hamda jazavasidan qaytarish mumkinmi? Mudom ko‘ngli-hushiga nima kelsa, shuni
qilishdan qaytarish mumkinmi? Axir, o‘ziga bino qo‘yish va takabburlik inson kuch-qudratda bo‘lgan
chog‘da uni xukm yuritish va zo‘rlik ko‘rsatishga undaydi, kuch-qudratdan ayrilgan choqda ham,
yaltoqilik, munofiqlik va dog‘ulilik bilan yana o‘sha maqsad sari intiladi. Shunday ekan, hayotning asl
ma’nosi nimadan iborat, asl maqsad nima, nihoyat, bu savolga kim javob bera oladi. Sofligi va
haqqoniyligi hech kimda shubha uyg‘otmaydigan shunday javob bormi o‘zi?
Murabbiy, sen, inson yaxshilik va muruvvat yo‘liga kirsin deb og‘ir jazoni bo‘yningga olding.
Axir, shu ikki narsa aslida oqilni ahmoqdan ajratadi. Inson yer yuzida qiynalib yashaydi, unda
yomonlik tomirlari juda chuqur ildiz otgan. Hur fikr bilan qanotlangan aqlni, o‘zida yovuzlik sarqitini
bamisoli yuqumli kasallikday butkul quritgan va qaqshatgan mumtoz zotni — bizning mutlaq
idealimizni shu yo‘l bilan tarbiyalab bo‘larmidi? Ox, qaniydi shunga erisha olsak! Iloho, nega o‘z
ustingga shunchalar og‘ir yuk olding, tuzatib bo‘lmas dunyoni tuzataman deb? Xaloskorim, andak
to‘xta, axir, sen ularni deb, o‘lim azobini qabul qilyapsanu, ular esa, keyin ustingdan kuladilar. Ha, ha,
xa-xolab kuladilar, boshqalari esa minglab yillar o‘tgach, moddiy ilm-fan Xudoga bo‘lgan ishonch
tamallarini batamom yo‘qotgandan, Sen boshdan kechirgan barcha narsalarni cho‘pchak deb atagangan
so‘ng ayrimlari Seni mazax va masxara qilajaklar: «Savdoyi! Tentak! Kim shunday qilsin dedi? Kimga
kerak bu xochga mixlash tomoshasi? Kimni hayron qoldirmoqchi bu bilan? Nima berdi bu odamga?
Uni qilcha bo‘lsin o‘zgartiroldimi, boshqacha qiloldimi?» Sening jasoratingni bema’ni deb topadigan
nasllar ana shunday o‘ylayajaklar, Ular bu vaqtga kelib, modda qurilishining azal mohiyatini topajaklar
va yerning tortish kuchini yengib, koinot qavatlari sari yo‘l olib, bir-birlari bilan ochko‘zlar kabi
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |