www.ziyouz.com
kutubxonasi
92
yo‘q. Vo darig‘o...— U jim bo‘ldi. Yana nimadir demoqchiday og‘iz juftladi-yu, lekin fikridan qaytdi
shekilli, indamadi. Andisha qildi. Ayol zoti bilan qovushganmisan?— deb so‘ragisi keldi uning. Lekin
so‘rolmadi. Xotin kishi kabi ezma-churuk ko‘rinishdan istihola qildi. Erkak odamning gapi emas bu.
Shu asno ko‘zi Isoning ko‘ziga tushdi. U nima deb so‘ramoqchi bo‘lganligini fahmlabdi. Lekin
bunday savolga javob berishni o‘ziga or deb biladi. Isoning mildiragan suvday tiniq ko‘k ko‘zlariga
sharpa tushganday bo‘ldi, u tumtaydi. «Ko‘rinishdan shunchalar yuvosh, mo‘min, lekin tog‘day qudrati
bor!»— hayratlandi Pontiy Pilat yerga sirg‘alib tushgan sandalini oyog‘i bilan qidirarkan.
— Mayli esa,— deb gapini boshqa yoqqa burdi u ayol xususidagi savol o‘rnini boshqa narsa bilan
qoplash taraddudida.— Qulog‘imga chalingan ediki, sening otang yo‘q emish, to‘g‘rimi?
Iso oppoq tekis tishlarini ko‘rsatib, ochiq yuz, oqko‘ngillik bilan jilmaydi.
— Bir chekkasi rostdir balki.
— Aniqrog‘i-chi?
— Rost, rost, yaxshi hukmdor,— deb tasdiqladi Iso Pontiy Pilatning jahli chiqayotganini ko‘rib.
Ochig‘ini aytganda bu savol hukmdorga munosib emasdi.— Meni Ilohiy Padarim Muborak Ruhga
opichlatib yer yuziga qo‘yib ketgan.
— Barakalla, endi boshqa hech kimning boshini bunday gaplar bilan aylantirolmaysan,— lablarini
bazo‘r qimirlatib, horg‘in dedi prokurator.
— Bo‘lmasa, volidang kimdir?
— U Galiliyada yashaydi. Ismi Maryam. Sezib turibman, bugun yetib kelsalar kerak. Kechasi bilan
yo‘l yurdilar. Bildim.
— Bilmadim, farzandining holi uni ne ko‘ylarga soladir,— tundvash dedi Pontiy Pilat Nazaretdan
chiqqan devona bilan cho‘zilib ketgan suhbatga nihoyat chek qo‘yish niyatida.
Shundan so‘ng basavlat, kallador, basharasi yirik, ko‘z qarashlari qattiq, yelkasiga oppoq
yopinchiq tashlagan prokurator Ark ayvonining ravoqlari ostida qaddini rostladi.
— Alqissa, oxirgi marotaba aniqlab qo‘yaylik,— dedi u qat’iy qarorga kelganday.— Otang kim
edi? Oti — Yusuf, volidang — Maryam. Nazaretda dunyoga kelgansan. Yoshing o‘ttiz uchda.
Bo‘ydoqsan. Bolalaring yo‘q. Xaloyiqni isyonga chaqirgansan. Ulug‘ Baytul muqaddasni buzib
tashlayman va uch kun ichida yangisini bino qilaman, deb g‘alayon ko‘targansan. O’zingni
payg‘ambar, Yahudoning podshohi deb gap tarqatgansan. Sening muxtasar tarixing mana shunday.
— Mening tariximni gapirib o‘tirma. Lekin senga aytib qo‘yay: Sen tarixda qolasan, Pontiy
Pilat,— ovozini ko‘tarmay ohista so‘zladi, Iso hukmdorning yuziga tik va jiddiy boqib.— Butkul
qolajaksan.
—Qo‘ysang-chi!— ensasi qotib qo‘l siltadi Pontiy Pilat. Baribir Isoning bu gapi unga ma’qul
tushdi. Ammo birdan ovozini o‘zgartirib, tantanavor tusda dedi:— Tarixda shavkatli imperator Tiveriy
qoladi. Unga shon-sharaflar bo‘lsin. Biz esa uning sodiq navkarlarimiz.
— Baribir tarixda sen qolasan, Pontiy Pilat,— o‘jarlik bilan takrorladi Quddusdan chiqib, G’ulqof
sari borar zot...
Kimnidir intizor kutganday erta tongdan beri Irod saroyi uzra charx urib aylanayotgan qarchig‘ay,
burgutmi, bir qush nihoyat davra o‘ramoqni bas qilib, xavfli jinoyatkor kabi kishanband etilgan,
Yahudoning hukmdori Pontiy Pilatga bunchalar uzoq musohib bo‘lgan, hozir esa necha o‘nlab
soqchilar qurshovida qatlgoh sari olib ketilayotgan zot ortidan ohista-sekin ergashdi.
Hukmdor esa hamon Ark ayvonida G’ulqof tomon ketib borayotgan kimsa izidan uchgan
mutag‘ayyir qushga hayrat va qo‘rquv ichra tikilgancha turardi...
— Bu ne sinoatdir?— pichirladi hukmdor taajjubot va tashvish ichida...
III
Yog‘aman-yog‘aman deb, yoz yomg‘iri anchagacha yog‘may, kecha oqshomdan beri ufq betida
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |