www.ziyouz.com
kutubxonasi
100
ko‘zlari bir umr uning esidan chiqmaydi.
Ammo qaranglar-a, temir yo‘l uzra yana quyosh chiqdi va hayot o‘zining yangi davrasiga kirdi.
Tungi jaladan so‘ng cho‘l gurkirab ketgan edi. Hali havo salqin, ko‘z ilg‘agancha cho‘l musaffo, ko‘k
osmonda to‘rg‘aylar sayrardi. Cho‘l hofizlari yer bilan osmon o‘rtasida pirpirab o‘rlashar va behudud
qo‘shiq to‘qishardi. Bu yerlardan olis-olislarda qaynab yotgan hayot haqida darak berib poezdlar
cho‘lning u ufqidan bu ufkiga shoshilishardi.
Kechasi ko‘kdan yoqqan obi rahmat tufayli o‘sha cho‘l tongotarida ajib tarovat va uyg‘unlik hokim
edi.
Kuyosh yuqori ko‘tarilib, qizdira boshlashi bilan Avdiy kiyimlarini quritmoqchi bo‘ldi. Ust-
boshlarini yecharkan, dahshatga tushdi. Ular dalva-dalva yirtilib ketgan, bu ahvolda odamlar ko‘ziga
ko‘ringandan o‘lgan ma’qul edi. Badaniga esa qarab bo‘lmas, sog‘ yeri yo‘q, hammayog‘i g‘urra,
shish, momataloq edi. Yaxshiyamki, oynasi yo‘q ekan. Aks holda o‘ziga qarab qo‘rqib ketardi, lekin
oynasiz ham hammasi unga ravshan edi: yuziga qo‘l tekkizsa bezillardi.
Bundan ham badtar bo‘lishi mumkin edi, deb tasalli berardi u o‘ziga o‘zi. Har qalay, tirik qoldi-ku,
shuning o‘zi tengi yo‘q baxt emasmi, axir.
Ko‘prik tagida yechinarkan, yana bir narsa ko‘nglini xira qildi. Pasporti bilan ozroq puli butunlay
yaroqsiz holga kelgan edi. Yiqilganda pasport g‘ijim-g‘ijim buklangan, yomg‘irdan so‘ng esa tanib
bo‘lmaydigan holga kelgandi. Pulidan esa yigirma besh so‘mlik bilan bitta o‘n so‘mlikkina yaroqli edi.
Shu pul bilan Avdiy Moskvaga va unday Prioks shahriga yetib olishi kerak edi.
Avdiy Kallistratovni noxush o‘ylar chulg‘ab oldi. Seminariyadan haydalgandan so‘ng Avdiyga
tangroq ahvolda yashashga to‘g‘ri keldi. Opasi Varvaraning roziligini olib, eski pianinoni sotdi.
Varvara bolalik chog‘larida unda pianino chalishni o‘rgangan edi. Komission magazinda pianinoni
yarim pulga baholashdi. Hozir bunaqa muzika asbobiga qiziqish yo‘q, ular hamma joyda to‘lib yotibdi.
Hatto, eski magnitofonlarni qo‘yishga joy topilmaydi, pianinoni qaerga sig‘diramiz, deb bahonalar
qilishdi. Iloj yo‘q edi, shunga rozi bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Mana endi hech vaqosi qolmadi. Bundan
ortiq yana nima kerak!
Yangi kun tug‘di. Yashash kerak edi. Yana turmush urinishlari hayolparast Kallistratovning
hiqildog‘idan oldi.
Kechasi bilan ko‘prik tagida o‘tirib o‘ylab chiqdi. Endi bu yerdan qanday qutulishning chorasini
izlash kerak edi, bundan tashqari qorinning g‘amini ham yeyish kerak.
Shunda Avdiyning omadi kulib boqdi. Kun yorishgach, u berkinib o‘tirgan ko‘prik tagidan ot-ulov
yo‘li o‘tganini ko‘rdi. Rost, bu yo‘ldan mashinalar juda siyrak qatnasa ajabmas. Yo‘lovchi mashinani
kutsa, Xudo biladi, yana qancha o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Avdiy eng yaqin raz’ezdgacha piyoda yurib
borishga qaror qildi. U yerdan bir amallab Jalpoq-Sozgacha yetib olar. Yo‘lga tushish tadorigida Avdiy
nigohi bilan atrofni timirskiladi: bir tayoq topilsa, yo‘lda unga ancha madadi tegardi. Poezddan
qulaganda o‘ng tizzasi lat yeb, shishib chiqqan, endi qattiq og‘rimoqda edi. Atrofiga olazarak nazar
tashlab, Avdiy kulib yubordi: «Petruxa meni boplab urgan tayoqni Grishan tashlab yuborgan bo‘lsa-
chi? Endi tayoqni boshiga uradimi?» Tayoq topilmadi. Lekin, shu asno cho‘l ichidan ko‘prik tomonga
qandaydir mashina kelayotganligini ko‘rdi.
Bu yuk mashinasi bo‘lib, tepasiga qo‘lbola qilib yupqa taxtadan ayvoncha ishlangan edi.
Shofyorning yonida qo‘lida bola ko‘targan xotin o‘tirardi. Mashina darhol to‘xtadi. Shofyor, yuzi
qoraygan yirik qozoq yigit kabinaning yarim ochiq oynasidan Avdiyni qiziqib tomosha qildi.
— Ha, yigit, nima, lo‘lilar kaltaklashdimi seni?— so‘radi . u.
— Yo‘q, lo‘lilar emas. O’zim poezddan yiqilib tushdim.
— Mast emasmisan?
— Men umuman ichmayman.
Shofer va xotin achinib, oh-voh qilishdi. O’zaro qozoqchalab gaplasha boshlashdi. Ular «bechora»
degan so‘zni ko‘p takrorlashdi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |