www.ziyouz.com
kutubxonasi
90
bilan o‘z gunohlaringni yanada ko‘paytirasan, zero, kim zo‘rlikka qarshi bo‘lsa, demak, zo‘ravonlarga
qarshidir. Sen Adolat Saltanati tuzish niyatida Rum davlatiga qarshi chiqyapsan. Rumning kun sayin
ortib borayotgan kuch-qudrati, butun jahon miqyosidagi hukmronligiga to‘siq bo‘lmoqchisan, yolg‘iz
shu bad niyating uchunoq seni yana uch karra qatl etsa arziydi!
— Buncha saxovat ne darkor, ey yaxshi hukmdor. Bir martasi ham yetib ortadi. Ammo gapimiz,
mayli, chala qolmasin. Lekin, albatta, meni G’ulqofda kutaverib, jallodlar oftob tig‘ida sarg‘ayib
ketgan bo‘lsalar ham kerak, bechoralar. Lekin gapimizni tugatib qo‘yaylik. Bu mening o‘lim oldidan
oxirgi so‘rovim. Shunday qilib, Rim noyibi, seningcha haqiqiy kuch-qudrat zo‘ravonlikda. Lekin
dunyoda boshqa bir kuch ham bor — bu yaxshilik kuch-qudrati. Bunga erishish, menimcha, qiyinroq
va murakkabroq, ezgulik uchun urushdan ko‘ra ko‘proq matonat hamda sa’y-harakat kerak. Noyib, sen
o‘limim oldidan mening eng so‘nggi musohibimsan, shuning uchun so‘zlarimga quloq sol. Men senga
dilimni ochmoqchiman. Lekin sen cho‘chima. Sendan marhamat so‘ramoqchi emasman...
— Kulgimni qistatma.
— Shuning uchun ham oldindan pisanda qilib qo‘yyapman, xavotir olma deb. Endi buni faqat
sengina bilasan. O’tgan kecha dilimga vahima tushdi. Avval nega besababdan-besabab bunday
bo‘lyapti, deb o‘yladim. Hefsimaniyada havo dim emasdi. Tog‘lik bog‘da g‘ir-g‘ir shabada esardi.
Faqat men o‘zimni qo‘yarga joy topmasdim. Dilim g‘am-hasrat, qo‘rqinchga botdi. Go‘yo yuragimdan
ko‘kka musibat o‘rlay boshladi. Somelarim, musohiblarim uxlamay menga dalda bermoqchi bo‘lishar,
ammo baribir hech yengil tortmasdim. Qazovu qadarda bitilgan soat kelganligini ko‘nglim sezardi.
Ostonaga o‘lim sharpasi yonboshlagandi. Shunda dahshatga tushdim... Axir, o‘lim har bir tirik jon
uchun so‘ngsiz zulmat.
— Nega unday?— zaharxanda qilib qaradi Pontiy Pilat mahkumga.— Narigi dunyo nima bo‘ladi,
Masihim? Axir, sen aytmovdingmi, hayot o‘lim bilan yakun topmaydi deb?
— Yana mish-mishlarni tilga olyapsan, hukmdor! Narigi dunyoda ruhlar xuddi suv ustiga tushgan
soyaday sassiz kezib yuradilar. Bu bilgisiz makonlararo bilgisiz hayollarning zuhrotidir. U yerlarga
jism uchun yo‘l yopiq. Ul o‘zga koinot, ul bir hayotdirkim, uni aslo bilib bo‘lmas. Ul lomakonda
vaqtning o‘tishi ham o‘zga, u yer vaqti bilan o‘lchanmagay. Holbuki, gapimiz o‘lchovlik hayot, yer
yuzidagi hayot ustida borayotgan edi. Meni g‘alati bir his chulg‘ab oldi, go‘yo hamma narsalar menga
begona bo‘lib qolganday edi. O’sha kecha Hefsiman bog‘ida tinchimni yo‘qotib, sovuq shamol kabi
kezdim, soya kabi parishon edim, go‘yo koinot qavatlarida mendan boshqa idrok egasi qolmaganday
edi, bamisoli yer uzra uchardim va na yorug‘ kun ichra va na zulmatli tun ichra biron-bir tirik inson
bolasini ko‘rmasdim,— bari o‘lgan edi, barini so‘ngan yong‘inlarning qop-qora kul-ko‘roni qoplagan
edi. Zamin keta-ketguncha xarobazorga aylangandi — na o‘rmon bor, na ekinzorlar, na dengizlarda
kemalar bor, faqat olis-olis allaqaylardan juda g‘alati, elas-elas zing‘illagan ovoz keladi, xuddi shamol
xislatli ingirlaganday, xuddi tubsiz yer choxlarida temir ting‘irlaganday, xuddi qabrlar uzra
qo‘ng‘iroqlar jingirlaganday, men esam ko‘k toqida qo‘rqinch va hasratga to‘lib yop-yolg‘iz par kabi
uchib yurar, yuragimni yomon havl va xabar iztiroblari o‘rtar, mana, oxir dunyo ham yetib keldi, deb
o‘ylardim. Meni bosgan hasratga sira chidab bo‘lmasdi: odamlar kayda qoldilar, axir? Men boshimni
endi qayga qo‘yayin? Jonimga g‘alayon tushdi: mana, Rabbano, oxir kun, uni barcha inson nasllari
intizor kutgan edilar, mana, Qiyomat, mana, idrokning intihosi, aqlli xilqatning itmomi... Nega bunday
bo‘ldi, qaydan bu halokat, qaydan bu tubsiz choh, nega o‘z tomirimizni o‘zimiz qirqdik, kuydirdik,
hayolimga kelgan fikrdan dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketdi: mana, odamlarni sevganingning
jazosi dedim, mana, o‘zingni qurbon qilganing uchun ajir. Nahot odamzodning qahrli dunyosi quturib
o‘zini mahv etdi, xuddi o‘z zahri qotili bilan o‘zini o‘ldirgan chayonday. Nahot odamlarning odamlar
bilan chiqisholmasligi, saltanatlarning saltanatlar bilan chiqisholmasligi, g‘oyalarning g‘oyalar bilan
chiqisholmasligi, takabburliklar va hokimiyatparastliklarning chiqqisholmasligi, mutlaq hukmronlik
nash’asini surgan buyuk Qaysarlaru tish-tirnog‘igacha qurollangan, son-sanoqsiz o‘zaro qirg‘inlarda
qozongan g‘alabalari bilan keriladigan, munofiqona hamdu sanolar o‘qiydigan va qul kabi ko‘r-
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |