www.ziyouz.com
kutubxonasi
87
— Faraz qilaylik, sening aqidalaring to‘g‘ri. Unda nega aytmaysan sening ikkinchi qayta dunyoga
kelishing qachon bo‘ladi? Agar odamlarga juda uzoq, haddan tashqari uzoq kutishga to‘g‘ri kelsa,
buning ularga nima keragi bor? Butun umri davomida ro‘yobga chiqmagan narsadan odam bolasiga
nima naf? Undan keyin, rostini aytsam, bunday aqlga to‘g‘ri kelmaydigan havodisni kutib yurishni
hatto tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi. Yohud, ko‘r-ko‘rona ishonib, kutish kerakmi? Nima beradi
bu? Qanday foyda chiqadi bundan?
— Sening ishtibolaring tushunarli, Rim hukmdori. Sen bamisoli yunon ustozlaring kabi to‘pori va
dunyoviy fikr yuritasan. Ranjima, bu so‘zimdan. Hozir qoshingda foniy kimsa kabi turibman, bemalol
tortishaver. Buning ustiga sen bilan ikkimiz turli-tuman odamlarmiz —xuddi o‘t va suvdek.
Fikrlaganda ham boshqa-boshqa tomondan yondashamiz. Senga tinchlik bermayotgan narsa haqida
aytmoqchiydim, hukmdor... Ikkinchi marta dunyoga qayta kelishlikni uzoq kutish kerak bo‘ladi, bu
to‘g‘ri. Sen haqsan. O’sha kun qachon keladi, buni hech kim aytib berolmaydi. Bu olam yaratganning
izmi-irodasiga bog‘liq. Bizning nazdimizda ming yillar cho‘ziladigan hodisotlar uning uchun ehtimol
bir zumgina davom etadi. Ammo mohiyat boshqa yerda. Yaratgan bizga dunyodagi eng qutlug‘ ne’mat
— aql-hush ato etdi. Va bizga o‘z bilgimizcha yashash haqini berdi. Ushbu ilohiy tuhfani qanday
tasarruf qilamiz, odamzod tarixlarining tarixi ana shu bo‘ladi. Odam tirikligining ma’nosi o‘z ruhoniy
darajasini kamolga yetkaza borishidadir. Odamda shundan o‘zga oliy omol yo‘q. Sen buni inkor
qilmasang kerak, Rim hukmdori? Kun-bakun odam bo‘lmoqdan ko‘ra og‘irroq narsa yo‘q odamga.
Shu bois, sen ishonmagan kunni qanchalar uzoq kutish-kutmaslik, hukmdor, odam bolasining o‘ziga
bog‘liq bo‘lib qoladi.
— Ana xolos!— Pontiy Pilat hayajonlanib o‘rnidan turib ketdi, taxt suyanchig‘idan ushladi.—
Shoshma, shoshma. Nahot, bu odamlarning o‘ziga qarab qolgan, sira aqlim bovar qilmaydi! Men
sening aqoyidingga ishonmayman. Buni tasavvurimga sig‘dirolmayman. Agar odamzod o‘z inon-
ixtiyori bilan bunday hodisalarni yaqinlashtira yoxud uzoqlashtira olsa, ular Xudoga aylanib
qolmaydilarmi?
— Balki, sen haqdirsan, Rim noyibi. Ammo men avvalo haqni ovozadan farqlab, ajratib olishni
istayman. Haq borasidagi mish-mish — adoqsiz kulfat. Mish-mishu ovozalar bamisol suv tagidagi
balchiq. Vaqt o‘tib balchiq yig‘ilib, chuqur oqar suvlar ko‘lmakka aylanadi. Hayotda doim shunday.
Bashorat va azobu uqubatlar ichra topilgan, odamlarning baxti-saodati uchun yaraydigan har qanday
buyuk fikrlarni mish-mishu ovozalar chaynab-chaynab
aloha buzadi hamda o‘zi va haqqa qarshi
yovuzlikka do‘ndiradi. Mening aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, Rim hukmdori, sen ishongan o‘sha
yolg‘on-yashiqlarning hammasi bu — mish-mish, haqiqat esa boshqa yerda.
— O’sha haqiqatni ochib bermaysanmi?
— Mayli, urinib ko‘raman. Musohabadan qochmay qo‘ya qolay. Axir, bu haqda oxirgi marotaba
so‘zlayapman. Shuni yaxshi bilgilki, Rim hukmdori, Ollo-taoloning yozmish yo‘l-yo‘rig‘i bir kunmas-
bir kun Bani Bashar xuddi yoz kezi chaqqan chaqmoqdek yer yuziga qaytib, elatlar ustidan qiyomat
hukmini o‘qishidan emas, aksincha bo‘ladi, lekin maqsad o‘sha-o‘sha qoladi. Shahardan G’ulqofga
o‘tib borguncha yashash muhlati qolgan men emas, siz, odamlar Iso Masiho kabi yashaymiz deb,
kelajaksiz, bilgisiz endigi nasllarga aylanib, oliy solihot ichra men tomon kelajaksiz. O’sha mening
dunyoga ikkinchi kelishim bo‘ladi. Boshqacha aytganda, men azoblarim orqali odamlarda o‘zimga
qaytaman, odamlarda odamlarga qaytaman. Gap ana shu haqda. Men vaqt ichida ming yillar orqada
qolaman-u, lekin sizning kelajagingizga aylanaman. Ollo-taoloning yozmishi shu. Odam bolasini unga
atalgan yaxshilik va go‘zallik taxtiga o‘tqazmoqning yo‘l-yo‘rig‘i shu. Mening va’zlarimning ma’no-
mazmuni ham shunda. Haqiqatan ham mumtoz g‘oyalarni bach-kanalashtirib yuboradigan ovozalar va
yurimsak mish-mishlarda emas, xuddi mana shunda. Ammo bu inson nasllari uchun eng og‘ir va eng
olis yo‘ldir. Seni, Rim noyibi, ana shu narsa xavotirga solayotgani to‘g‘ri. Bu yo‘l bugungi yozg‘iriq
kundan, Xudo o‘g‘lining o‘ldirilishidan boshlanadi. Odamlarning gunohlarini yuvish, ularning
ko‘zlarini ochish va ilohiy xislatlarni uyg‘otmoq uchun men bugun jonimni qurbon qilaman. Mening
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |