www.ziyouz.com
kutubxonasi
167
bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Seningcha, men fashist, faqat sen ichimizda vijdonli, halol ekansan-da?
Bo‘ston ham o‘rnidan sakrab turdi. Endi ikkov yuzma-yuz keldilar.
— Tilingni tiyibroq yur,— bo‘sh kelmay dedi Bo‘ston.— Seni fashist deganim yo‘q. Bilganimda
aytardim. Sen ig‘vogar, ahmoq, ichi qora odamsan, bu — to‘g‘ri. Buni senga ilgariyam aytganman,
hozir ham aytaman. Lekin menga osilmay, joyingga qaytsang, o‘zingga yaxshi bo‘ladi.
— Sen menga aql o‘rgatma, qaerda bo‘lishim, nima qilishimni o‘zim yaxshi bilaman!— haddan
tashqari qahrga mindi Bozorboy.— Menga xo‘jayin emassan. Tupurdim senga. Mayli, seningcha
ig‘vogar bo‘lay, sen-chi, sen o‘zing kimsan? Odamlar sening kimligingni bilmaydi deysanmi?
Ernazarni o‘ldirding. Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaverdi, deb yuribsanmi hali? Sen, ablah,
Ernazar tirikligida uning xotini bilan don olishgansan, xotining o‘lishini bilgansan. O’shandan keyin
Ernazarni tog‘dan itarib yuborgansan uning xotini, anov qanjiq Gulimxonga uylanaman deb. Mard
bo‘lsang, qani ayt, shunday emas, de! Nega sen yiqilmading, Ernazar yiqildi? Bitta yo‘ldan borayotgan
edinglar-ku? Hech kim hech narsa bilmaydi deysan-da, a? Lekin u o‘lib ketdi, sen esa yuribsan.
Shundan so‘ng kim bo‘ldinglar, sen ham, anov qanjiq Gulimxon ham? Ernazar dovonda muzlab
yotibdi, bekafan ketdi xuddi itning bolasiday, sen yaramas go‘sxo‘r bo‘lsang, uning sharmanda
xotinini, sotqin qanjiqni quchoqlab yotibsan, yallo qilib yashayapsan! Yana partiya a’zosi emish! Seni
partiyadan bo‘yningga urib haydash kerak. O’rgildim sendaqa ilg‘or, staxanovchidan! Seni sud qilish
kerak!
Bo‘ston Bozorga musht ko‘tarib tashlanishdan, uning jirkanch aft-basharasiga boplab tushirishdan
o‘zini bazo‘r tutdi. Bozorboy ochiqdan-ochiq janjal chiqarmoqchi, Bo‘ston bilan yoqalashib itdek
urishmoqchi edi. Lekin Bo‘ston o‘zini bosdi, tishlarini qattiq qisdi, achchikdan bo‘g‘ilib ketgan
Bozorboyga dedi:
— Sen bilan gaplashadigan gapim yo‘q. Sening so‘zlaringni hech narsaga olmayman. Sen bilan
tenglashib ham o‘tirmayman. Men haqimda nima desang, nima o‘ylasang, o‘ylayver. Endi qani,
yo‘ldan qoch. Hey, yigit,— deb chaqirdi u ofitsiantni,— ma, pulingni ol.— Unga besh so‘mlikni
tutqizib, indamay nari o‘tdi.
Bozorboy uning yengidan tutdi:
— Qani, to‘xta-chi! Qanjig‘ingning oldiga shoshib nima qilasan! Balki sen yo‘g‘ingda bironta
cho‘pon bilan donlashayotgandir. Xalaqit berib o‘tirasanmi!
Bo‘ston qo‘shni stol ustida turgan shampandan bo‘shagan shishani ko‘tardi.
— Qo‘lingni tort!— sekin tishining orasidan dedi u ko‘zlarini rangi qum o‘chib ketgan
Bozorboydan uzmasdan.— Qo‘lingni tort, boshqa qaytarmay! Eshitdingmi?— dedi u kattakon qora
shishani asta silkitib.
Bo‘ston shu alpozda shampan shishasini qo‘lida mahkam qisgancha eshikka chiqdi. Egarga sakrab
mingandan keyingina hushi o‘ziga kelib shishani yo‘l chetidagi ariqqa tashladi, Do‘nko‘likning
ixtiyorini o‘ziga berib, jilovni qo‘yib yubordi. U ancha zamonlardan beri hali bunchalik qattiq ot
choptirmagan edi. Ot boshini shunchalar qattiq qo‘ydiki, u ko‘p o‘tmay o‘ziga kelib, hushyor tortdi va
shunda birdan yuragiga vahma tushdi: odam o‘ldirib qo‘yishiga oz emas, ko‘p emas, bir bahya qolibdi-
ya, tag‘inam Xudo saqladi, bo‘lmasa, shisha bilan bir urib Bozorboyning miyasini po‘la qilardi. Yo‘lda
pritsepli traktorda ketayotgan odamlar ko‘zlariga ishonmay anqayib qarashar, uning orqasidan uzoq
tikilib qolishardi: bu Bo‘stonga nima bo‘ldi, shunday kap-katta kishi xuddi o‘yinqarok o‘spirinlarday
o‘pkasini qo‘ltiqlab ot choptirib yuribdi. Bo‘ston anchagacha o‘ziga kelolmadi. Sho‘x oqib yotgan
jilg‘aning muzdek suvidan ichgandan keyingina nafasini rostladi. Shunda u jahldan tushdi, otga o‘tirdi,
lekin Do‘nko‘likni boshqa choptirmadi. Otni asta yo‘rttirib ketdi. U odam o‘ldirishdan qutulganiga
suyunardi.
Lekin, yo‘lda hammasi qanday bo‘lganligini o‘ylab borarkan, yana ko‘ngli g‘ash tortdi, qovog‘ini
soldi. Kenjashga sovg‘aga olgan, ko‘zlari bakraygan, jag‘lari katta ochilgan g‘alati o‘yinchoq
qurbaqani oshxonaning derazasi chetida unutib qoldirgani birdan esiga tushdiyu dili battar xufton
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |