www.ziyouz.com
kutubxonasi
165
shundaki, cho‘ponning umri tog‘larda o‘tar, xo‘jalikka qaray desa, doim qo‘l tegmasdi. Erta deysan,
indin deysan, qarabsanki, vaqt o‘tib ketgan, endi kechiktirishning ham iloji qolmagan. Lekin, baribir,
qanday bo‘lmasin, bog‘ni dorilash kerak, aks holda zararkunandalar shu qadar ko‘payishib ketadiki,
hamma kurtaklarni to‘kib, hosilni barbod qiladilar. Bu gal Gulimxonning sabr-toqati tugab, o‘zini
to‘xtatolmay Bo‘stonga qattiqroq gapirib yubordi: muncha orqaga cho‘zasiz, vaqtliroq borib, biron
qo‘shni-po‘shni bilan kelishib kelmaysizmi, o‘zingiz qilolmaganingizga yarasha. Haqini gaplashing,
qo‘shnilar qilib berishadi.
— Hech uyga qaramaysiz,— jahli chiqib urishdi Gulimxon.— Ertayu kech mol ketidan yurasiz,
majlisdan beri kelmaysiz. Agar bog‘-rog‘ga qarashga qo‘lingiz tegmasa, uyda bir kun Qenjash bilan
o‘tiring, bu tentagingizni sal qarovsiz qoldirib bo‘lmaydi,— o‘zim sohilga tushib chiqaman, bir
erkakning ishini qilarman, axir.
Nima ham deyish mumkin, Gulimxon haq edi, uning ta’nalarini indamay turib eshitdi.
Bo‘ston boqqa qarayman deb, ertalab barvaqt sohilga tushib ketdi. Do‘nko‘likni mindi. Qadimdan
qolgan hikmat bor, bahor kelsa, o‘t ham, ot ham kuchga kiradi. Do‘nko‘lik jonivorning ayni kuchga
to‘lgan payti edi. U o‘t sochgan ko‘zlarini o‘ynatib, yollarini yashinday yoyib, kuch-qudratini ichiga
sig‘dirolmay so‘lig‘ini chaynab uchaman derdi. Lekin, hozir ot choptirgali Bo‘stonning rag‘bati yo‘q
edi. U o‘ynoqlab turgan otning shashtini bosar, yo‘lda u-bu narsalarni xo‘p pishitib o‘ylab olmoqchi
edi. O’tgan kecha yaxshi uxlolmadi. Anchagacha u yog‘idan-bu yog‘iga ag‘nab yotdi, partorgning
Ernazarni sen o‘ldirding, degani, yuragini to‘xtovsiz o‘rtardi. Yig‘ilishdan qaytgach, xotiniga nima
gaplar bo‘lganini naridan-beri aytib berdi-yu, lekin Ernazar haqidagi gapdan og‘iz ochmadi.
Gulimxonga avvalgi erini eslatib nima qiladi, oradan axir shuncha yillar o‘tib ketdi, qancha suvlar oqib
o‘tdi. Eslatsa, Gulimxonning eski yarasi qayta yangi bo‘ladi, o‘rtaga sovuqchilik tushishi ham
mumkin, axir, Ernazar qo‘rqinchli Ola Mo‘nguda mangu muz choh qa’rida ko‘milmasdan to‘ng‘ib
yotibdi haligacha. Shunday ekan, yaxshisi, bu gapni unga eslatmagan ma’qul. Keyin Bo‘stonning ko‘zi
endigina ilingan edi, yana bo‘rilar sasi keldi. Yana katta qo‘radan naridagi tepalik tomonda Akbara
yig‘lab bolalari hajrida dil tig‘lab faryod ko‘tardi. Unga do‘rillagan ovoz bilan Toshchaynar jo‘r bo‘ldi.
Ilgari bo‘rilarning uv tortganini eshitganda, Bo‘ston ularga achinib, rahmi kelsa, hozir ich-ichdan
g‘azabi toshdi, o‘jar yirtqichlarni o‘ldirib tashlashni istadi, ishqilib, shularning ovozini eshitmasam,
bas, dedi, nazarimda, ular xuddi menga ham la’nat o‘qib, qarg‘ish yog‘dirayotganday, lekin mening
aybim nima? O’tgan kecha qanday bo‘lmasin, bo‘rilarni o‘ldirishga axd qildi, hatto buni qanday
amalga oshirishni ham o‘ylab qo‘ydi. Dard ustiga chipqon deganday, u yig‘inda Qo‘chqorboev bilan
tortishib o‘tirgan mahalda Akbara bilan Toshchaynar uning o‘taridan uchta qo‘yni bo‘g‘izlab ketgan
edilar. Cho‘pon bolaning hikoya qilishicha, u qancha qichqirmasin, tayog‘ini ko‘tarib haydamasin,
bo‘rilar sira hayiqmay uchta qo‘yni o‘ldirib, yana indamay g‘oyib bo‘libdilar. Bu voqea Bo‘stonning
sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Agar shunday davom etadigan bo‘lsa, deb o‘yladi u, bu yerlarni tashlab
ketishga, bo‘rilardan sharmandalarcha qochishga to‘g‘ri keladi. O’sha soatda tinmay uv solayotgan
Akbara bilan Toshchaynar o‘zlariga o‘lim hukmi o‘qiyotganliklarini anglamas edilar. Bo‘ston endi
nima qilish kerakligini bilardi. Mabodo ertasiga xo‘jalik ishlari bilan sohilga tushishi lozim
bo‘lmasaydi, u hoziroq o‘ylagan rejasini amalga oshirishga tayyor edi. Lekin u bunday qarorga keldi:
xotinidan yana dashnom eshitmaslik uchun avval bog‘dagi ishlarni bitiradi, undan keyin bo‘rilarning
dodini beradi. Yo‘lda Bo‘ston ana shularni o‘ylab borardi...
Olmalarni dorilash, ularga bahorgi ishlov berishga bir kun vaqti ketdi. U qishloqdan chaqqon bir
yigitni topdi. U haq evaziga hammasini tez qilib beradigan bo‘ldi. Bo‘ston unga o‘zining qora
qo‘ylaridan bitta qo‘zi va’da qildi.
Ishlarni tugatib, Bo‘ston Kenjashga yangi o‘yinchoq sotib olgisi keldi. O’g‘ilchani xursand qilishni
istadi: shunday ajoyib bola uyni to‘ldirib chopib yuribdi, bir oylardan so‘ng u ikkiga chiqadi. Sho‘x,
shirin bolakay o‘zining turli g‘alati qiliqlari bilan qarib borayotgan Bo‘stonga ermak, ovunchoq edi.
Kichkintoyning har bir yangi so‘zidan Bo‘stonning boshi osmonga yetar, xursandchiligini ichiga
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |