www.ziyouz.com
kutubxonasi
170
Kun peshindan oqquncha yirtqichlar qorasini ko‘rsatishmadi. Bo‘ston podani xoli, atrofdan yaxshi
ko‘zga tashlanadigan o‘tloqqa qo‘ydi-da, o‘zi bir chekkada siyrak butalar ostidagi katta toshlar orasiga
biqinib yotdi. U yaxshi mergan edi, bolaligidan miltiq otib o‘rgangan, ov qilgan, Issiqko‘lda necha-
necha bo‘rilarni otgan edi. Shuning uchun bo‘rilarni otishiga ko‘zi yetar, ularni pistirmaga tushirsa, bas
edi. Serxavotir ona qo‘ylar tinmay ovoz berib, bolalarini chaqirishar, bir-birlarini jo‘rlashar, biroq vaqt
o‘tib borar, bo‘rilardan esa hamon darak yo‘q. Vaholanki, boshqa paytlar jondorlar kuppa-kunduz
kuni hujum qilib, atrofda o‘tlab yurgan podalarni to‘s-to‘s to‘zg‘itib, alamlarini qo‘ylardan olardilar..
Oftob qizdira boshladi. Buta tagida ostiga paxtaligini to‘shab yotgan Bo‘ston boshqa payt miriqib
mudrab olgan bo‘lardi, lekin hozir bunday qilolmasdi. Buning ustiga ichiga chiroq yoqsa yorimasdi:
Ernazarning o‘lishida uni ayblashayotganiga sira chiday olmasdi. Uning g‘animlari Qo‘chqorboev
ham, Bozorboy ham til topishgan, ularning har biri o‘zicha bichib-to‘qib, uni ayblar, boshi berk
ko‘chaga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lardi. Hayot nega shunday qurilgan, u hech tushunolmasdi: turli-tuman
odamlar nimaga, nima sababdan uni yomon ko‘risharkin, Buning ustiga manovi qashqirlarni
aytmaysizmi, odamning jonini sug‘urib olaman deb turishibdi. Uyda ham shundan tinchlik yo‘q.
Xotiniga Bozorboy bilan o‘rtalarida qochgan gapning xabari yetib borsa, hali hammasi holva bo‘lib
qolmasaydi. Bozorboy uni ham, xotinini ham og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib bo‘ralab so‘kayotganda,
ancha odamlar tomoshabin bo‘lib turishgan edi. Ular ichida ko‘zingni o‘yaman deb turgani qancha...
Bo‘rilardan hanuz darak yo‘q, Bo‘ston toqatsizlana boshladi. Shunga qaramasdan, ko‘z-quloq
bo‘lib yotar, atrofni sergak kuzatardi. Yirtqichlarni qancha tez payqasa, shuncha yaxshi, ular qo‘ylarga
tashlanar-tashlanmas mo‘ljalga olib otadi. Bo‘rilar keladigan paytni boy bermay darrov payqash oson
emas: xonaki qo‘ylarning ko‘zi yaxshi o‘tmaydi, sezgi, farosati ham o‘tmasroq bo‘ladi, o‘z oti bilan
qo‘ydan yuvoshroq jonivor yo‘q. Bo‘rining eng qulay o‘ljasi ham qo‘y. Ularni yirtqichdan faqat odam
saqlaydi, shuning uchun doim bo‘rilar bilan odamlar to‘qnashadilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi...
Beg‘am qo‘ylar bu gal ham xatarni sezmay qoldilar. Ular bemalol o‘tlab yurishar, faqat qo‘zilari
barashganda boshlarini ko‘tarib qarashar, dam-badam ularga emchaklarini tutishar, shundan boshqa
tashvishlari yo‘q edi. Xavfni yolg‘iz Bo‘ston sezdi...
Shu atrofdan par-par uchib-qo‘nib yurgan bir juft ola qanot tog‘ zag‘izg‘oni quloqni batang qilib
shaqillab, u yerdan-bu yerga tinmay uchib o‘ta boshladi. Bo‘ston sergak tortdi. Tepkini ko‘tardi. Lekin
boshini chiqarmay, yanada yaxshilab biqinib oldi. Ishni puxta qilmasa bo‘lmaydi. Bir necha qo‘y
ketsa-ketsinki, lekin yirtqichlarni shamg‘alat qilib, albatta ochiq joyga olib chiqish kerak. Ammo
bo‘rilar balki xatarni payqashgandir, ajabmas, ularga zag‘izg‘onlar xabar yetkazgan bo‘lsa, haytovur,
ular bir joyda chag‘illashni bas qilib, endi Bo‘ston bekingan yerga kelib, surbetlarcha shaqillay
ketishdi. Vaholanki, Bo‘ston ularning diqqatini tortmay, qimir etmay buta ostida pusib yotardi. Har
qalay, bo‘rilar birdan hujum qilishmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ular ikki yoqqa bo‘linishgan ekan.
Akbara katta xarsanglar oralab, o‘tloqning narigi chekkasidan, Toshchaynar esa, bu tomondan biqinib,
pusib kelishmoqda edi (Sal keyin ma’lum bo‘ldiki, Toshchaynar Bo‘ston miltig‘i bilan pistirmada
yotgan yerdan andak narida sudralib kelayotgan ekan).
Lekin, bularning bari birdan ma’lum bo‘lgani yo‘q.
Bo‘ston bo‘rilarning kelishini kutib, hushyor tortib tevarakni kuzatar, lekin yirtqichlarning qaysi
tomondan paydo bo‘lishiga sira aqli yetmasdi. Atrof osoyishta, jimjit, qo‘ylar bamaylixotir o‘t chimdir,
qo‘zilar chopishib, o‘ynoqlashar, zag‘izg‘onlar shaqillashdan to‘xtagan, faqat nariroqda tog‘dan tushib
kelayotgan jilg‘a shaldirar, butazorlarda qushlar sayrashardi. Bo‘ston kutaverib toliqqan edi, ammo shu
payt birdan toshlar oralab bo‘zdek soya lip etib o‘tdy, qo‘ylar o‘zlarini shatirlab bir tomonga otishdi va
nenidir xavotirli kutib serrayib qolishdi. Bo‘stonning asablari tarang tortildi. Bo‘rilar odam qaerda
yashiringanligini bilish uchun podani hurkitgan edilar. Bunday paytda har qanday cho‘pon baqirib,
qiy-chuv ko‘tarib, qo‘ylar oldiga yuguradi. Bu Bo‘stonga ma’lum edi. Lekin, hozir uning mo‘ljali
boshqa edi, shuning uchun yotgan joyidan qimirlamadi. Shunda xarsangtoshlar oralab bo‘z soya lip-lip
o‘tdi va angrayib turgan joni halak qo‘ylarga tashlandi. Qo‘ylarga sakrab hamla qilgan Akbara edi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |