www.ziyouz.com
kutubxonasi
169
nom-nishon qolmasdi. Hech pushaymon ham qilib o‘tirmasdim, o‘ylanardi Bo‘ston, aksincha, odam
qiyofasidagi manfur gazandani nihoyat yanchib tashladim deb quvonar, yengil tortarmidi... Bo‘rilar esa
avjga minib uvillashardi...
Miltiqni olib, jilla qursa ularni qo‘rqitib qo‘yish uchun turishga to‘g‘ri keldi. Yo‘liga bir-ikki marta
o‘q uzish o‘rniga Bo‘ston qorong‘u kecha qo‘yniga ketma-ket besh marotaba varanglatib otdi. Keyin
uyga qaytdi, lekin endi uyqusi butunlay o‘chgan edi, negaligini o‘zi ham bilmaydi, miltiqni tozalashga
tushdi. U oldingi xonaning bir burchagiga o‘tirib oldi-da, «Bars» degan ov miltig‘ining ustiga
engashgancha, xuddi hozir shundan zarur ish yo‘qday hafsala bilan tozalay ketdi. Miltiq tozalarkan,
bo‘rilarni qanday jazolashini yana bir o‘ylab oldi va tong oqarar-oqarmas ishga kirishishni ko‘ngliga
tugib qo‘ydi.
Bu orada miltiq ovozidan cho‘chigan Akbara bilan Toshchaynar kechaning qolgan qismini
o‘tkazish uchun tog‘ darasi tomon ketib borishardi. Bu badbaxt bo‘rilarning endi doimiy boshpanalari
yo‘q edi, ular duch kelgan yerda tunab qolishardi. Akbara odatdagiday oldinda borardi. Tullash oldidan
uning junlari o‘sib, namat bo‘lib ketgan, qorong‘uda g‘oyatda qo‘rqinchli ko‘rinardi. Uning ko‘zlari
ko‘kimtir yiltirab yonar, tili osilib tushgan, ko‘rgan odam uni quturgan deb o‘ylardi. Yo‘q, bolalaridan
ayrilgan bo‘rining alami bosilay demasdi, u judolikni hech unutolmasdi. Bolalarim Bo‘stonning
qo‘rasida degan fikr uning miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan edi, Bo‘lmasa qayda ular? Axir, izma-iz
quvib kelgan kunlari o‘sha qaroqchi shu yerga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lmadimi? Yirtqichning aqli ana
shundan nariga o‘tolmasdi. Shuning uchun ham bo‘rilar o‘sha kunlari hamma narsani ko‘zlari qonga
to‘lib qiyratishar, mol-holni duch kelgancha bo‘g‘izlashardi. Ularni och qolib, shunday qilishyapti deb
bo‘lmasdi. Ular hayotdan, jonlaridan to‘ygan edilar, bo‘rilarning payiga tushgan Bo‘ston mana shuni
hisobga olgan edi.
Ertasiga ertaminan Bo‘ston o‘tarni yaylovga olib chiqmanglar, har ikkala qo‘sh ichida boqinglar,
ko‘proq yem-don beringlar va shu yerdagi sug‘ormadan suvlatinglar, deb buyurdi. O’zi o‘tardan
yigirmaga yaqin ko‘proq egiz tuqqan qo‘ylarni ma’rashib, barashib yursinlar deb, qo‘zilari bilan ajratib
oldi-da, shu chog‘roq podani ovloq, yo‘lsiz adirlar tomonga haydab ketdi.
Yoniga hech kimni olmadi. Yolg‘iz o‘zi podani uzun tayog‘i bilan haydab bordi Yelkasiga kechasi
yaraqlatib tozalagan, to‘la o‘qlangan miltig‘ini osib oldi. Shoshmasdan, uzoq yo‘l bosdi. Qishlovdan
iloji boricha olislab ketish kerak edi.
Kun iliq, chinakam bahor edi. Tog‘lar quyosh haroratini emib, uni o‘r-jarlarda mayin ko‘klagan
o‘t-o‘langa aylantiradi. Moviy osmon bag‘ridan onda-sonda sutday ko‘pirgan qaynama bulut parchalari
porom erkalanib suzishadi. To‘rg‘aylar tinimsiz chuldiraydi, toshlar oralab kakliklar makiyonini
chorlab, chulg‘ilaydi — naq jannatning o‘zi. Faqat istagan paytda quyun boshlanishi mumkin bo‘lgan
ufqni boshdan-oyoq betlab yotgan bahaybat qorli tog‘ cho‘qqilari va vahshiy shamol noma’lum
yoqlardan haydab kelgan, quyosh yuzini to‘sishga tayyor turgan qora bulutlargina bu jannat boqiy
emasligidan darak berib turadi.
Lekin, hozircha havo aynaydiganga o‘xshamasdi. Uncha katta bo‘lmagan qo‘y- qo‘zilar podasi
yo‘l-yo‘lakay barashib, to‘xtovsiz bir-birlarini chaqirishib cho‘pon tayog‘i ko‘rsatgan yoqqa jilardi.
Qo‘zilar dikirlab sakrab sho‘xlik qilishar, birdan onalari tomon yugurgilab qolishar va turtib-turtib
yutoqib emib ketishardi. Lekin, Bo‘stonning kechasidan beri dili xufton edi. U qancha ko‘p o‘ylagan
sayin, bo‘rilardan ham, bu hangomalarni boshlab kelgan bexosiyat Bozorboydan ham yomon
achchiqlanardi. U Bozorboy bilan g‘idi-bidi qilib o‘tirmoqchi emas, buni o‘ziga ep ko‘rmaydi,
sasimasin desang — tegma-da, yaxshisi. Bo‘rilarni esa yo‘qotish, otib tuxumini quritmaslikdan boshqa
chora qolmagan edi. Uning rejasi juda oddiygina edi: ma’rab qo‘zilarini chaqirgan ona qo‘ylarning
ovozi albatta bo‘rilarni o‘ziga tortadi, u esa biqinib pistirmada o‘tiradi. Bo‘rilar qo‘y-qo‘zilarga
tashlanishadi, agar omadi chopsa, Bo‘ston shunda ularni otib oladi. Lekin, hikmatda aytilganday
uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida ham shunday bo‘lib chiqdi...
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |