ISBN 978-9943-6571-0-6
3
SO’ZBOSHI
Buxoro O‘zbekistonnig qadimiy madaniy maskanlaridan biri.
Uning tarixi, madaniyati O‘zbekistonda yashovchi barcha xalqlar
o‘tmishining bir bo‘lagi hisoblanadi. Alohida olingan bir qadimiy
hudud o‘tmishini O‘zbekiston tarixi doirasida maxsus o‘rganish
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlandi.
Buxoro tarixi o‘quv kursi hududiy ahamiyatga egaligi bois, tanlov
fanlar turkumiga kiritilib, Buxoro davlat universiteti tarix ta’lim
yo‘nalishida 2005-2006 o‘quv yilidan qisqacha tarzda o‘qitila
boshladi. Bunda asosiy e’tibor Buxoroning umumiy tarixiga emas,
ko‘proq shahar tarixi, arxeologik tadqiqot natijalari, me’moriy
obidalar tarixiga qaratildi. Maxsus adabiyotlarning ozligi, borlarini esa
qo‘lga kiritish imkoniyatining cheklanganligi, o‘quv qo‘llanma va
darsliklarning yo‘qligi talabalarga bu kursni o‘zlashtirish uchun
qiyinchilik tug‘dirardi. Buxoro tarixiga oid ma’lumotlarning turli
akademik nashrlar va ilmiy adabiyotlarga sochilib ketganligi
muammoni yanada chigillashtirar edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2018
yil fevralda Buxoro viloyatiga tashrifi Buxoro tarixini maxsus o‘qitish
borasidagi masalaning ijobiy yechim topishiga yo‘l ochdi.
Prezidentimiz tomonidan Buxoro davlat universiteti huzurida Buxoro
tarixi ta’lim yo‘nalishini ochish to‘g‘risida berilgan topshiriqqa binoan
2018-2019 o‘quv yilida Buxoro tarixi ta’lim yo‘nalishi tashkil etilib,
hozirgi paytda unda talabalar tahsil olmoqda. O‘qitilayotgan va
o‘qitilishi mo‘ljallanayotgan maxsus fanlar Buxoro tarixining barcha
masalalarini qamrab oladi, chunki yo‘nalishning asosiy maqsadi
Buxoro tarixi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash. Shuningdek,
ushbu yo‘nalish gidlar tayyorlash yoki gidlikka yo‘naltirish, ularga
me’moriy obidalar bo‘ylab ekskursiya o‘tkazish medotologiyasini
o‘rgatish vazifasini ham o‘z zimmasiga oladi. Zero, me’moriy obida
to‘g‘risida ma’lumot berayotganda obidaning qurilish davridagi
ijtimoiy-siyosiy ahvol uning qaysi hukmdor davrida bunyod
etilganligi va davrning o‘ziga xos jihatlari masalasiga e’tibor qaratish
lozim.
Ushbu o‘quv qo‘llanma Buxoro tarixi ta’lim yo‘nalishi I bosqich
talabalariga mo‘ljallangan. Talabalar keyingi bosqichlarda Buxoro
4
etnologiyasi, Buxoro o‘lkashunosligi, Buxoro toponimikasi, Buxoro
tarixi yozma manbalari, Buxoro tasavvuf maktablari tarixi, Buxoro
me’moriy obidalari tarixi, Buxoroning eng yangi davr tarixi fanlarini
o‘zlashtirishdan oldin Buxoroning qadimgi zamonlardan hozirgi
kungacha bo‘lgan tarixini o‘rganishi kerak.. Shu nuqtai nazardan
o‘quv qo‘llanmada Buxoroning ijtimoiy-siyosiy, madaniy tarixiga
alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Buxoro vohasining qadimgi davr tarixini o‘rganishda hududda
olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning ahamiyati beqiyos. Vohadagi
Poykent, Varaxsha yodgorliklarini arxeologik o‘rganish XX asr
birinchi yarmida boshlanib, hozirgi kungacha davom etib kelmoqda.
L.A.Zimin, V.A.Shishkin, A.R.Muhammadjonov, J.Mirzaahmedov
kabi olimlar tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida
yodgorliklarning voha ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotida egallagan
salmoqli o‘rni aniqlanib, to‘plangan ma’lumotlar ilmiy jamoatchilik
hukmiga havola etildi. Shuningdek, bronza davriga oid Zamonbobo
yodgorligi Zarafshon arxeologik ekspeditsiyasining a’zolari Yahyo
G‘ulomov va Ahmadali Askarov tarafidan o‘rganilib, Buxoro
vohasining janubiy-g‘arbiy qismida ibtidoiy madaniyat izlari
mavjudligi aniqlandi. Qo‘lga kiritilgan ushbu ilmiy yutuqlarning
talabalar diqqatiga havola etilishi, ularning qadimgi mahalliy
madaniyat to‘g‘risidagi bilim va tasavvurlarini kengaytiradi.
Buxoro shahrini yoshini aniqlash borasida amalga oshirilgan
tadqiqotlar hason o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Vohada ilk shaharlarning vujudga kelishi tabiiy iqlim sharoitlari,
geografik joylashuv va asosiysi Zarafshon daryosining ahamiyati bilan
belgilanadi. Zarafshon daryosining Xitfar, Rudizar, Qorako‘ldaryo,
Moxondaryo kabi irmoqlari Buxoro vohasida o‘troq dehqonchilik va
urbanizatsiya jarayonlarining keng yoyilishida muhim o‘rin tutgan.
Akademik V.V.Bartold ta’biri bilan aytganda, Buxoro shahri dastlabki
paydo bo‘lgan hududini o‘zgartirmasdan, hamon o‘sha joyda qad
ko‘tarib turibdi. Aynan shunday holat Buxor shahri hududida
arxeologik tadqiqotlar olib borish ishlarini ancha murakkablashtirib
yubordi. Shunday bo‘lsa-da, shaharda olib borilgan arxeologik
tadqiqotlar uning qadimiyligini isbotladi. Shuningdek, o‘rta asr
tarixchisi Narshaxiyning Buxoro tarixiy topografiyasi yuzasidan
qoldirib ketgan ma’lumotlari arxeologik tadqiqotlar natijasida o‘z
tasdig‘ini topdi.
5
Arablarning Movarounnahrga qilgan istilochilik yurishlari
davridagi yuz bergan “Oq kiyimlilar” harakati markazlaridan biri
aynan Buxoro vohasi edi. O‘quv qo‘llanmada Buxoro atrofidagi
Narshax qal’asi mudofaachilarining mardonavor kurashi to‘g‘risida
ma’lumot beriladi.
IX-XII asrlarda Movarounnahrda yuz bergan uyg‘onish
markazlashgan davlatlar tashkil topishi uchun qulay shart-sharoit
yaratdi. Somoniylar davrida davlat boshqaruvini mustahkamlash va
ijtimoiy hayotni muvofiqlashtirish maqsadida amalga oshirilgan
islohotlarning natijasi har bir sohani rivojlantirishni ko‘zlagan
devonlarni ta’sis etishda namoyon bo‘ladi. Ilm-fan, ta’lim sohalarida
jahonshumul yutuqlarning qo‘lga kiritilishini, albatta shu davrda
yashab ijod qilgan allomalar merosi orqali bilib olamiz. Abu Xafs
Kabir Buxoriy, Imom Buxoriy, Abu Mansur Qumriy, Ibn Sino,
Narshaxiy, Rudakiy kabi olimu adiblar merosi bugungi avlod uchun
ibrat
namunasi
bo‘lib
xizmat
qiladi.
Ular
to‘g‘risidagi
ma’lumotlarning o‘quv qo‘llanmadan joy egallashi talaba yoshlarni
vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘z
ijobiy natijasini berishiga umid bog‘lash mumkin.
Buxoro Sharq tibbiyot ilmi o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Ibn
Sinodek buyuk allomaning shakllanishida o‘rta asrlar Buxorosidagi
tibbiy muhit, tibbiy bilimlar darajasi shart-sharoit yaratdi, deyish
to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Buxoro yaqinidagi ko‘hna Poykent shaharchasi
hududidan qadimiy dorixona qoldiqlarining topilishi arablar istilosiga
qadar Buxoro vohasida tibbiy bilimlarning amaliyotga joriy
qilinganligidan dalolat beradi. Ibn Sinoga tabobatdan ustozlik qilgan
Abu Mansur Qumriy X asr tabobat ilmida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan
mashhur hakim hisoblanadi. U tibbiyotga oid bir qancha asarlar
muallifi. Uning ta’siri ostida shakllangan va tibbiyot allomasiga
aylangan Ibn Sino qadimgi yunon tib ilmining asoschisi Gippokrat,
sharq tabobati namoyandasi ar-Roziy tibbiy qarashlarini qayta ko‘rib
chiqib, tibbiyot sohasida o‘zining yangi ilmiy sistemasini yaratdi. Bu
sistema 600 yil mobaynida Evropada ustivorlik maqomini saqlab
qoldi. Ibn Sinoning buyukligi ham shunda. Ibn Sinoning tib ilmidagi
buyuk kashfiyotlari va ularning amaliy ahamiyati to‘g‘risida o‘quv-
qo‘llanmada ma’lumotlar mavjud.
Buxoro ilohiyot ilmining Movarounnahrdagi markazlaridan biri
bo‘lganligi barchamizga ma’lum. Birinchi madrasaning aynan
6
Buxoroda qad ko‘tarishi bu fikrni tasdiqlaydi. Abu Xafs Kabir
Buxoriyning islom ilohiyoti ilmidagi xizmatlari Buxoroning
“Qubbatul islom” (Islom gumbazi) unvoni bilan e’tirof etilishida
namoyot bo‘ladi.
Mo‘g‘ullar istilosidan eng ko‘p talofot ko‘rgan shaharlardan biri
Buxorodir. Shahar bir asrning o‘zida ikki karra qattiq talafot va
qirg‘inga uchradi. Mo‘g‘ullar istibdodiga qarshi 1238-yil Mahmud
Tarobiy boshchiligida ko‘tarilgan qo‘zg‘olon mahalliy aholining
jasorati va mardonavorligi sinovi bo‘lib, mo‘g‘ullarni ancha yon
berishga majbur qildi.
XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Buxoroda ijtimoiy hayot yana
izga tusha boshladi. Temuriylar davrida Samarqand davlatning
poytaxti sifatida katta ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahamiyat kasb
etgan bo‘lsa, Buxoro islom dinining gumbazi maqomini saqlab qoldi
va sohibqiron Amir Temurning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Temuriylar
davrida Buxoroda o‘ziga xos adabiy muhit shakllandi va bu Xo‘ja
Ismat Buxoriy adabiy merosida teranroq ko‘zga tashlanadi.
Temuriylar davridagi ma’naviy muhit dunyoga Bahouddin
Naqshbandek buyuk pirni va u asos solgan Naqshbandiya tariqatini
berdi. Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandalari xususida o‘quv
qo‘llanmada ma’lumotlar mavjud.
Shayboniylar hukmronligining o‘rnatilishi va Abdullaxon
tomonidan Movarounnahr hamda Xurosonning bir qismini Buxoro
atrofiga
birlashtirilishi,
Buxoroda
ijtimoiy
jarayonlarning
jadallashuviga shart sharoit yaratdi. Maishiy-xo‘jalik, ma’muriy,
madaniy-ma’rifiy
ahamiyatga
molik
binolarning
qurilishi
Shayboniylar davriga to‘g‘ri keladi. Movarounnahrdagi umumiy
tanazzul, mintaqaning xonliklarga bo‘linib ketishi Buxoroga ham o‘z
salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Shunga qaramasdan, ashtarxoniylar va
mang‘itlar davrida ma’rifiy-madaniy jarayonlar hech qachon to‘xtab
qolmagan. Bu davrda ko‘plab shoir, adib va tarixchilar etishib
chiqdiki, ularning ilmiy-adabiy merosidan hozirgi avlod, talaba-
yoshlar bahramand bo‘lib kelmoqda. O‘quv qo‘llanmada ushbu
jarayonlarga e’tibor qaratilgan.
O‘quv
qo‘llanmani
tayyorlashda
Ya.G‘ulomov,
A.Muhammadjonov, A.Asqarov, B.Ahmedov, V.Bartold, O.Suxareva,
B.Lunin,
Q.Rajabov,
S.Inoyatov,
U.Rashidov,
J.Barakaev,
7
B.Mirzaqulov kabi olimlar va L.Asrorova, A.Zamonov, O.Qilichev,
I.Azizov singari yosh tadqiqotchilarning ishlaridan foydalanildi.
Buxoro tarixini tadqiq qilish natijasida amalga oshirilgan
akademik nashrlar Buxoro tarixining biror bir jihatini chuqur ochib
berishga qaratilganligi bilan ilmiy ehtiyojlarni qondirsa-da, keng
kitobxonlar, qiziquvchilar, havaskor tarixchilar, ayniqsa talabalar
tafakkuri va ilmiy imkoniyatlariga muvofiq keladigan nashrlarni
tayyorlash zaruriyati hamon o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ushbu o‘quv qo‘llanmada
Buxoroning qadimgi zamonlardan hozirgacha bo‘lgan tarixi o‘z aksini
topgan. Mustaqillik yillarida, shuningdek, Prezident Sh.M.Mirziyoev
rahnamoligida Buxoroda amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan
bunyodkorlik ishlari, madaniy-ma’rifiy sohadagi tub o‘zgarishlar
ushbu o‘quv qo‘llanmadan joy olganki, ushbu ma’lumotlar talaba-
yoshlarda madaniy meros va qadriyatlarga hurmat, uni e’zozlash, ona
yurtga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |