Oda miyli k mul ki ( I - qis m)
Tohir Malik
32
library.ziyonet.uz/
boshini uchirib yuborish, olam uzra toshboʻron qilish uchun moʻljallangandek edi. Fitna
toʻdasi yurib oʻtadigan darvozasining halqa va zanjirlari yuz ming nayrangdan iborat
boʻlib, ular kishilarni savdo halqasiga oʻrab devona qilar, telbalik zanjiriga oʻrab tashlar
edi. Bu binoning ichida ishq oʻti yoqilgan yuzta otashkada bor boʻlib, ularning har birida
yuz tuman savdoyilik mavjud edi. Ulardan chiqayotgan qora tutunlar butxona ustini
xuddi kufr va isyon zulmati kabi qoplab yotardi. Bu koʻhna dunyo shuncha aylangani
bilan bu xil fitnagar butxonani hanuzgacha koʻrmagan edi.
Shu butxonani koʻrgach, Shayx jismida harorat koʻtarildi, koʻngillari iztirobdan betoqat
boʻla boshladi. Har dam u zotga xastalik yuzlanib, koʻzlari oʻngida qandaydir oʻzga bir
olam namoyon boʻla boshladi. Har tomon oshuftavor qarab yurganlarida koʻzlari
beixtiyor bir tarafga tushdi: qarshilarida yuziga parda tortgan goʻzal paydo boʻldi. Bu
parda goʻyo uning quyoshdek yuzini berkitib turgan ufqdagi kamalakka oʻxshardi. Shu
payt shamol kelib, uning yuzidagi pardani koʻtarib yubordi va bu quyosh nuri har
tomonga yoyilib ketdi. Uni quyosh deb atamoqlik ham kamlik
qilur, chunki yuz quyosh ham unga devona boʻlib, uning husni shami atrofida
parvonadek edi... Jismi gulgun boʻlib, kiygan koʻylagi goʻyo gul uzra gul edi. Din ahliga
qirgʻin keltiruvchi kofirdek qotil koʻzidan barcha bahra olishni istardi. Kimki uning sochi
zunnorini xayol qilsa, bu soch uning dinu iymonini poymol etardi. Husnining shu'lasi
davronga oʻt solsa, otashin la’lidan jonga oʻt tushardi.
Xullas, ana shu tarso (xristian) qizi bir goʻzal shaklda turardi. Bundan Shayx
koʻngillarida chaqmoq chaqilgandek boʻlib, jonlari shu'la dengizida gʻarq boʻldi. Qattiq
hayajonda «la havla...» duosini qayta-qayta takrorlab, «tavba!» deb yoqa ushladilar.
Ammo u qiz oʻz ruxsorining shu'lasi bilan Shayxning tavbayu duosini kuydirib yubordi.
Shayx oʻzdan ketib, tuproqqa yiqilayozdilar. Bu damda qoʻllaridagi xassalari xuddi uy
ustuni kabi gavdalarini suyab qoldi. Shundan soʻng hayratga choʻmdilar, hayajonning
zoʻridan xassalari va jismlariga shikast yetib, holdan ketdilaru yerga quladilar...
Oxir-oqibat ul zotning toza jonlariga ishq tushdi: qon kabi kirib, butun vujudlarini qoplab
oldi. Goh behol boʻlardilar, goh oʻzlariga kelardilar, yoʻldoshlari esa bu ahvoldan lol
qolishardi.
Bu oʻrinda moziydan bugunga bir nafasga qaytsak: diqqat qilaylikki, Shayxni behol
qilgan narsa - uning qalbidagi Allohga boʻlgan Ishq oʻrnini tarso qiziga boʻlgan
mahliyolik egallay boshladi. Bu ham Allohning irodasi. Shayxni imtihon qilish
barobarida bizlarga ham bir oʻrnakdir. Shayxlarning ulugʻi martabasiga yetgan taqvo
egasiki vaqti kelganda shayton vasvasasini - nafsini yenga olmadimi, bizlar har
qadamimizni oʻylab bosishimiz shart ekan. Allohning muhabbatiga yetishish oson
emasligini bir nafas ham unutmasligimiz lozim ekan. «Men namoz oʻqiyapman, roʻza
tutyapmanmi, demak, Allohning mehrini qozondim, shu holimcha oʻlaman va toʻgʻri
jannatga boraman», degan xayolda xotirjam yurish esa nojoiz ekan. Allohning imtihoni,
shayton bilan olishuvimiz to jonimiz chiqquniga qadar davom etajagini unutmasak
yanada yaxshi. Hazrat Xoja Ahmad Yassaviyning: «Shayton gʻolib, jon chiqarda
shoshdim mano...» deyishlari bejiz emas...
Yana rivoyatga qaytsak:
Do'stlaringiz bilan baham: |