Oda miyli k mul ki ( I - qis m)
Tohir Malik
2
library.ziyonet.uz/
tavakkul qilib ishni boshladim. Umid ulki, yozilajak satrlar amri ma’ruf va nahyi munkar
vazifalarini ado eta olsa. Alloh koʻpning qatorida kaminani ham adashtirmasin.
Bir uzrim borki, muhtaram kitobxonlar bu bitikni oʻqish jarayonida «menga aql
oʻrgatyaptimi?» degan mulohazaga borib gʻashlanmasalar. Kaminaga ma’lumki,
kitobxonlar orasida mendanda aqlliroq, hikmatlarni mendanda koʻproq biluvchi,
mendanda a’loroq darajadagi ilm egalari mavjud. Yana ma’lumingiz boʻlsinkim,
kaminaning olimlikka da’vosi yoʻqdir. Niyatim -kitobxonlar bilan fikrlashish. Fikrlarim
orasida ehtimol sizlarga nomaqbullari uchrar, u holda ma’zur tutgaysiz. Ehtimol
adashgan, yanglishganim holatlar ham boʻlar, u holda tavbalar qilib, rahmli va Rahmon
sifatli Allohning lutfu-marhamatlaridan umidvordirman.
Oʻtmish adabiyotidagi ustozlar bu mavzuda yozganlarida «Ey farzand!» yoki «Ey
oʻgʻil!» degan murojaat bilan boshlaganlar. Yoki «farzandga maktublar» uslubidan
foydalanganlar. Men oʻz koʻnglimga da’vat uslubini qoʻllashni ma’qul koʻrdim. Chunki
har bir odam birinchi galda oʻz-oʻzini tarbiya qilishi kerak, deb oʻylayman. Har birimiz
oʻz-oʻzimizni, xususan, koʻnglimizni idora qila bilmogʻimiz shart. Hazrat Alisher Navoiy
ta’birlari bilan aytilsa, koʻngil - badan mulkining podshohidir. Koʻngilning salomatligi -
badanning ham salomatligi, uning notobligi - buning ham notobligidir.
Donolar demishlarkim: «Sen oʻzingni koʻrmoq istaysanmi? U holda koʻzgudagi tashqi
qiyofangga emas, ichingdagi koʻzguga boq.» Biz esa... kunda necha bor koʻzguga
qaraymiz. Qalbimizga-chi?
Alloh taborak va taolo marhamat qiladiki: «Aniqki, Biz jin va insdan koʻplarini jahannam
uchun yaratganmiz. Ularning dillari boru, anglay olmaydilar, koʻzlari boru, koʻra
olmaydilar, quloqlari boru, eshitmaydilar. Ular chorva kabidurlar, yoʻq, ular (beaql va
befahmlikda) chorvalardan ham badtardirlar. Ana oʻshalar gʻaflatda qolgan kimsalardir.»
(Mazkur risolamizda Qur'oni Karimning soʻzma-soʻz emas, balki ma’nosining
tarjimasidan foydalanamiz. Har safar “ma’no tarjimasi”, deb ta’kidlamay, masalan “A’rof
surasidan” deyish bilan cheklanamiz.) Alloh subhonahu taoloning bu oyatlari biz
bandalarni eng muhim ishdan ogoh etadi. Ya’nikim, musulmon kishi qalbiga e’tibor
bermogʻi, qalbini kuzatmogʻi, qalbini oʻnglamogʻi va turli marazlardan saqlamogʻi
lozim. Kimki oʻz qalbini marazlardan saqlashga e’tiborsiz ekan, uning bilgan-bilmagan
dardlari yanada koʻpayar. Zero, solih amallarning ajri ham qalbga bogʻliqdir.
Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Ogoh boʻling! Tanangizda bir parcha
goʻsht bor. Agar u sogʻ boʻlsa, butun jasad sogʻdir. Agar u buzilsa, butun jasad buziladi.
Ogoh boʻling, u - qalbdir!»- deb bekorga xitob qilmaganlar. Ibn Mas'ud hazratlari degan
ekanlarkim: «Jismingiz qanchalik sogʻlom boʻlmasin, qalbingiz maraz ekan, bilingkim,
Alloh nazdida, siz mitti qoʻngʻizdan ham haqirroqdirsiz».
Hazrat Abu Homid Gʻazzoliy «Mukoshafat ul-qulub» (Qalblar kashfiyoti) kitoblarida
deydilarkim: «Bilki, Alloh bir bandasiga xayr ato etmoqchi boʻlsa, unga oʻz nafsining
qusur va ayblarini koʻra oladigan basiyrat beradi. Kimningki basiyrati oʻtkir boʻlsa, qusur
va ayblari oʻziga albatta koʻrinajak. Kishi oʻz ayblarini bilganda esa, ularni davolash
imkoniga ega boʻladi.
Lekin, afsuskim, insonlarning koʻpchiligi oʻz qusur va ayblarini koʻrmaydi. Ahvol
shundayki, ba’zan kishi bir moʻ'min qardoshining koʻzidagi tariqday kirni koʻradi-yu,
Do'stlaringiz bilan baham: |